RO‘ZA-ULUG‘ IBODAT
Alloh taolo bandalari o‘z havoi nafsiga ergashadimi yoki Robbilarining amriga itoat qiladimi, deb imtixon qilish uchun ibodatlarni har – xil qildi. Ibodatlardan ba’zisini ro‘za kabi inson o‘zi uchun suyukli bo‘lgan narsalardan tiyiladigan qilib qo‘ydi. Gohida inson uchun ko‘plab mablag‘ini ehson qilish oson bo‘lishi qatorida, atiga bir kungina ro‘za tutish dushvor kelishi mumkin. Yoki buning aksi o‘laroq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ibodatlarni turli qilib buyurdi.
ILM FAZILATI (bir hadis sharhi)
Alloh taologa hamd sano, olamlarga rahmat qilib yuborilgan sevikli payg‘ambarimiz Muhammad callallohu alayhi va sallamga durud salomlar va u zotga ergashgan barcha mo‘minlarga Allohning rahmati bo‘lsin!
NE’MATLARNI QADRLASH SAODAT KALITIDIR
Butun insoniyat tarixi, xalqimizning necha meng yillik o‘tmishi achchiq saboq va xulosalar asosida bir haqiqatni isbotlab bermoqda. Ya’ni, biz barqaror taraqqiyot va farovon hayotga erishish yo‘lida o‘z olidimizga qanday reja va dasturlarni qo‘ymaylik, barcha olijanob orzu intilishlarni amalga oshirishning yagona sharti va garovi bu tinchlik va asoyishtalikdir. I.A.Karimov
HASAD QALBNI YEMIRADI
Ma’lumki, Inson hayoti davomida juda ko‘plab solih amallar qilishga harakat qiladi va kezi kelganda ularni amalga oshiradi. Buning natijasida uning solih amallar daftariga ko‘plab yaxshiliklar yoziladi. Ammo shunday fursat bo‘ladiki, inson bu fursatlarda o‘zining yaxshi amallarini saqlab qolishi yoki ularni zoye’ qilishi ham mumkin. Bu - hasad qilish fursati bo‘lib, kimki o‘zini hasad qilishdan tiysa, birovlarga berilgan ne’mat oldida o‘ziga berilgan ne’matni kam sanamasdan shukr qilsa, Alloh taolo unga ne’matlarini ziyoda qilib beradi.
O‘TGANLAR XOTIRASI TIRIKLAR VAZIFASI
Ma’lumki dinimizda biz musulmonlarni ibodatga, yaxshi amallarni ko‘p qilishga buyuribgina qolmasdan, o‘tganlarni ham eslab ularning haqlariga chiroyli xayrli duolar qilishga buyuradi. Zero, bu dunyodan o‘tgan mo‘min musulmonlarni xotirlab, ularning xaqlariga duoi xayrlar qilish,istig‘forlar aytish biz tiriklarning vazifamizdir.
NIYAT XOLIS BO‘LSIN
Alloh taola insoniyatga behisob ne’matlar berib qo‘ygan. Bu borada Nahl surasining 18-oyatida, “Agar Allohning ne’mat(lar)ini sanasangiz, sanog‘iga yeta olmaysiz...” - deb marhamat qilingan. Shunday ekan, toki tirik ekanmiz, bizlarga berilgan ne’matlarning shukronasini qilib yashashimiz kerak. Payg‘ambarimiz (s.a.v.) hadislarining birida: “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan” - deb aytganlar. (Imom Termiziy rivoyati) Shunday ekan har birimiz bugunlik kunda bizlarga berilgan tinchlik va xotirjamlik, sog‘lik va salomatlik ne’matlariga behisob shukrlar qilib, xolis niyatlar bilan kelajakka intilib yashashimiz zarurdir. Rasululloh (s.a.v.): “Kim niyatini to‘g‘ri qilsa, Alloh taola uning amalini ham to‘g‘rilab qo‘yadi”, - deganlar (Imom Molik rivoyati). Haqiqatdan ham har bir inson biron ish qilmoqchi bo‘lsa avvalo niyat qilib, qalbida rejalashtirgan holda uni hayotiga tadbiq qiladi. Qalb inson a’zolarining boshqaruvchisi bo‘lsa, niyat qalb podshohidir. Qalbimiz podshohi yaxshilikka bo‘ysinsa yuzimiz nurli, amalimiz savoblardan iborat bo‘ladi. Sufyon Savriy (r.h.) o‘tgan solihlar haqida fikr bildirib: “Sizlar amal qilishni o‘rgansalaringiz, salaflar biror amal qilishdan oldin unga niyat qilishni o‘rganar edilar”-deganlar. Bu dunyo insonlar uchun imkoniyat maydonidir. Berilgan imkoniyatdan o‘z vaqtida foydalanmagan odam xazinaga kirib bir chaqa olmay chiqqan kishilardek savoblardan quruq qolib ketaveradi.
QADRIYATLARIMIZ-MA’NAVIYAT TAYANCHI
Xalqimiz tomonidan nishonlanadigan ko‘plab an’anaviy bayramlar bor. Ulardan biri, Xotira va qadrlash kunidir. Bu sananing o‘z mazmun- mohiyati va ahamyati bor. Zero, bu kun o‘tmishdagi barcha ajdodlarimizga va o‘z hayotini Vatanimiz ozodligi va xalqimizning farovon hayoti yo‘lida fido qilib, bugungi yorug‘ kunlarimizni ko‘rmay o‘tib ketgan barcha fidoyi yurdoshlarimizning o‘chmas xotiralariga bo‘lgan hurmat va ehtiromning yorqin ifodasidir. Shuningdek, hozirda biz bilan hamnafas bo‘lib yashayotgan, yoshi ulug‘ otaxon va onaxonlarning qadriga yetib, ularning nasihat va duolarini olish ma’nolari bor. Hozirgi yosh avlod ularning pandu- nasihatlariga juda ham muhtojdir.
O‘LIM TA’MIN TOTGANLAR
Yer tagida bir qishloq, ammo yurgan kishi yo‘q,
Bizlar kabi alarning bahor, yoz, kuz, qishi yo‘q.
Tinch yotishar sukutda hech kim bilan ishi yo‘q,
Tuproq aro yotganlar, o‘lim ta’min totganlar.
Goho eslab ularni kuyunamiz, yonamiz,
Birimizning otamiz , birimizning onamiz.
Amma, farzand , qarindosh, og‘a-tog‘a, xolamiz
Tuproq aro yotganlar, o‘lim ta’min totganlar.
Yotgan joyi jannatdir kimning bo‘lsa savobi,
Gunohi ko‘p kishilar jahannamning kabobi.
Borligini bilishar har bir ishning javobi,
Tuproq aro yotganlar, o‘lim ta’min totganlar.
Tiriklarning ehsonin ajrlarin olishar,
Yaxshi amal qilmagan farzandlardan nolishar.
Duo qilsak xaqqiga xursand bo‘lib qolishar
Tuproq aro yotganlar, o‘lim ta’min totganlar.
Ne-ne orzu umidin olib ketdi qabrga,
Yaxshi, yomon ishlari o‘zlari bilan birga.
To qiyomatga qadar ko‘mildilar sabrga
Tuproq aro yotganlar, o‘lim ta’min totganlar.
Boqoniy der: “Goh xafa, goho o‘ynab kulamiz,
Ammo ajal yetgan kun hammamiz ham o‘lamiz.
Bu dunyoni tark etib u qishloqda bo‘lamiz,
Tuproq aro yotganlar, o‘lim ta’min totganlar”.
QABRISTONGA HURMAT-MARHUMLARGA HURMATDIR
Alloh taolo O‘zining qudrati ilohiysi bilan insonni yaratganda uni jamiki maxluqot va mavjudot ichida mukarramlik bilan martabasini ko‘tarib qo‘ydi. Bu haqida muborak kalomi sharifda xabar berib aytadiki: “Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz) va mukarram qildik...” (Isro,70 oyat). Islom dini inson qadrini uning hayotligi va hayotdan ko‘z yumgandan so‘ng ham yuqori darajaga ko‘taradi. Albatta, biz hamisha marhumlarimizni yodga olib, ularning ruhlarini shod qilish uchun savobli amallarni, shu jumladan, Qur’oni karim oyatlaridan tilovatlar qilib, savobini ularning ruhlariga bag‘ishlaymiz. Zero, o‘tganlarni eslash va ularga istig‘for aytish, qabrlarini ziyorat qilib, qo‘nim topgan joylarini doimo ozoda tutishimiz har birimizning insoniy burchimizdir.
TIRIKLARNING BURCHI
Alloh taola bandalariga mehribonlik ko‘rsatib behisob ne’matlarini berib qo‘ygan. Ana shunday ne’matlaridan biri tiriklik ne’matidir. Bu dunyoda umrguzaronlik qilayotgan har bir inson o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan orzu-istaklari tomon intilib yashaydi. Ilm oladi, kasb-hunar o‘rganadi, dehqonchilik, chorvachilik, savdogarlik bilan shug‘ullanadi. Topgan mol davlatidan to‘y-hashamlar o‘tkazadi, hovli-joy quradi, xayru-ehsonlar qiladi. Shu tarzda hayot davom etaveradi. Har bir inson bosqichma-bosqich o‘z vazifasini, o‘z burchini ado etayotganligini his qilib yashaydi. Gohida o‘tganlarni eslab Qur’on tilavot qilib xayr saxovatlar ulashadi. Albatta xotira tiriklar uchun muqaddas burchdir. Alloh taola Qur’oni karimda: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: Ey, Robbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Robbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” - deb marhamat qilgan. (Hashr surasi, 10-oyat)




















