O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

RO‘ZA-ULUG‘ IBODAT

 
 

Alloh taolo bandalari o‘z havoi nafsiga ergashadimi yoki Robbilarining amriga itoat qiladimi, deb imtixon qilish uchun ibodatlarni har – xil qildi. Ibodatlardan ba’zisini ro‘za kabi inson o‘zi uchun suyukli bo‘lgan narsalardan tiyiladigan qilib qo‘ydi. Gohida inson uchun ko‘plab mablag‘ini ehson qilish oson bo‘lishi qatorida, atiga bir kungina ro‘za tutish dushvor kelishi mumkin. Yoki buning aksi o‘laroq bo‘lishi mumkin. Shuning uchun ibodatlarni turli qilib buyurdi.

Qalbni salohiyati va to‘g‘riligi, uning to‘liq robbisiga yuzlanishi bilan bo‘ladi. Ortiqcha taom, sharob, so‘z, uyqu va insonlar bilan o‘ta ko‘p aralashish qalbning Robbisiga bog‘lanishdan to‘sganligi uchun, Alloh o‘z rahmati bilan bandalariga ro‘zani farz qildi. Chunki ro‘za insonni yuqoridagi ortiqcha narsalardan to‘sib, Allohga yuzlanishiga yo‘l ochadi. Shuningdek, ro‘zadagi e’tikof o‘tirish, taroveh va tahajjud namozlari yanada qalbni Alloh bilan bog‘lanishiga ko‘maklashadi.

Ro‘za – yemoq, ichmoq, jimo’ va boshqa ro‘zani ochuvchi narsalardan subhdan quyosh botguncha niyat bilan tiyilishidir.

Ro‘zani tutishga buyurilish hikmatlari

1. Ro‘za – vojib amallarni bajarish, harom ishlarni tark qilish bilan Allohga bo‘lgan taqvoni kuchaytiruvchi vositadir.

2. Ro‘za – insonga nafsni tutish, mas’uliyatni ko‘tarish va mashaqqatlarga sabr qilishni o‘rgatadi.

3. Ro‘za – musulmonga atrofidagi insonlar alamini his qilishni o‘rgatib, kambag‘al va miskinlarga ehson qilishga undaydi. Bu bilan oralarida muhabbat paydo bo‘ladi.

4. Ro‘za tutishda – nafsni poklash, yomon axloqlardan uzoq bo‘lish, unda oshqozon uchun rohatlanish bo‘lib, uning tetikligi va quvvati yangilanadi.

Ro‘za – islom ruknlaridan bo‘lib, hijratning ikkinchi yili farz qilingan. Ramazon oyi oylarning afzalidir. O‘rni kelganda shuni aytish kerakki, Ramazon oyining oxirgi o‘n kunlik kechalari zul hijja oyining o‘n kunlik kechalaridan afzal, zul hijja oyining o‘n kunlik kunduzlari ramazon oyining oxirgi o‘n kunlik kunduzlaridan afzal, jum’a haftaning eng afzal kuni, nahr ya’ni, qurbonlik so‘yiladigan kun yilning eng afzal kuni, qadr kechasi yilning eng afzal kechasi hisoblanadi. Ramazon ro‘zasi musulmon, bolig‘, oqil, ro‘za tutishga qodir, muqim erkak va ayolga vojib bo‘ladi. Alloh avvalgi ummatlarga ro‘zani farz qilganidek bizlarga ham farz qildi.

Ey, imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli bo‘lsangiz. (Baqara surasi 183 – oyat)

Ramazon oyi fazli haqida:

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Agar ramazon oyi kelsa jannat eshiklari ochiladi, do‘zax eshiklari berkitiladi va shaytonlar zanjirband qilinadi”. (Muttafaqun alayh)

Ro‘zaning fazli haqida.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Odam bolasini har – bir amaliga o‘ntadan yetti yuztagacha savob ko‘paytirib beriladi, Alloh azza va jalla aytadi: magaram ro‘za, u Mening uchun bo‘lib, Men O‘zim uni mukofotlayman, u shahvatini va taomini Men uchun tark qiladi, ro‘zador uchun ikki xursandchilik bor: og‘zini ochgan paytida va Robbisiga ro‘baro‘ bo‘lgan paytida. Ro‘zador og‘zidan kelgan hid Alloh nazdida mushk-anbar hididan xushbo‘yroqdir” (Muttafaqun alayh)

Abu Hurayra roziyallohu anhudan yana shunday rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: “Kim ramazon ro‘zasini imon bilan savobini Allohdan umid qilib tutsa, avvalgi gunohlari kechiriladi”. (Muttafaqun alayhi)

Sahl ibn Sa’d (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Jannatda sakkizta eshik bo‘lib, ular ichida Rayyon ismli eshik bor. Undan faqatgina ro‘zadorlar kiradi”. (Muttafaqun alayhi)

Ro‘zani buzuvchi narsalar

1. Kunduzi yeb-ichish.

2. Kunduzi jimo qilish.

3. O‘pish yoki shu kabi narsalar bilan maniy chiqishi.

4. Ozuqa bo‘luvchi ukollar olish.

5. Hayz yoki nifos ko‘rish.

6. Qasddan qayt qilish.

7. Burundan yoki quloqdan quyilgan dorini ichkariga yetib borishi.

Ro‘zador uchun saharlik qilish sunnat bo‘lib, saharlikda baraka bordir. Shuningdek, iftorlikka shoshilish ham sunnatdir. Hurmo bilan iftorlik qilish ro‘zador kunduzlari badanida yo‘qotgan qand moddasini tiklanishiga yordam beradi. Iftor paytida qilinadigan duolar ijobat bo‘ladi. Og‘iz ochib bo‘lganidan so‘ng quyidagi duoni o‘qigan afzal: “Chanqoqlik ketdi, tomirlar ho‘llandi, inshaalloh savob hosil bo‘ldi”.( Abu Dovud rivoyati)

Ro‘zador Ramazon oyida xayrli amallarni ko‘proq qilishi Rasulimiz sunnatlaridan. Shuningdek, ramazon oyida xufton namozidan keyin taroveh namozini o‘qish sunnatdir.

Ramazon oyida umra qilish Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) bilan birga haj qilish savobiga tengdir.

Ramazon oyining afzalliklaridan yana biri unda qadr kechasining borligidir. Qadr kechasi ming oydan afzal bo‘lib, u sakson uch yilu to‘rt oyga teng keladi. Qadr kechasi ramazon oyining oxirgi o‘n kunligining toq tunlaridan topiladi. Shuning uchun u kechani bedorlik bilan duo, zikr, Qur’on tilovati va nafl namozlar o‘qib o‘tkazish kerak.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Kim qadr kechasini imon bilan savobini Allohdan umid qilib bedor o‘tkazsa, avvalgi gunohlari kechiriladi”. (Muttafaqun alayhi)

Ro‘zador odam yolg‘on, g‘iybat va so‘kish kabi yomon illatlardan uzoq bo‘lishi vojib bo‘ladi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Kim yolg‘on gapirish, unga amal qilish va johillikni tashlamasa, u insonning yemoq va ichmoqlikni tark qilishiga Allohning hojati yo‘q”. (Buxoriy rivoyati).

Nafl ro‘zalar

Ro‘za uchun beriladigan savoblarni bilgan musulmon farz ro‘zani ado qilish bilan birga nafl ro‘zalarni ham tutishga rag‘bat qiladi. Quyida Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam) tutgan nafl ro‘zalarni sanab o‘tamiz:

1. Nafl ro‘zaning eng afzali Dovud (alayhissalom) ro‘zasidir. U zot bir kun ro‘za tutib, bir kun iftorlik qilganlar.

2. Ramazon oyidan keyingi afzal ro‘za tutiladigan oy muharram oyidir. Xossatan o‘ninchi kuni. Chunki, u kungi ro‘za o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat bo‘ladi. Unga to‘qqizinchi kunni qo‘shib tutish mustahabdir.

3. Shavvol oyidagi olti kunlik ro‘za.

Nabiy (sollallohu alayhi vasallam) dedilar: “Kim ramazon ro‘zasini tutib, so‘ng shavvoldan olti kun ro‘zani unga ergashtirsa, bir yil ro‘za tutgan savobini oladi”. Muslim rivoyati.

Bu ro‘zaning hayitdan keyin ketma ket bo‘lishi afzal. Kimning ramazon oyidagi ro‘zasidan qazosi bo‘lsa, shavvol oyida avval qazosini tutib, keyin olti kunlik shavvol ro‘zasini tutadi.

4. Har oyda uch kun ro‘za tutish. Bu oyning o‘n uchinchi, o‘n to‘rtinchi, o‘n beshinchi kunlari bo‘lishi sunnatga muvofiq.

5. Dushanba va payshanba kunlaridagi ro‘za. Bu kunlarda amallar Alloh huzuriga ko‘tariladi.

6. Zulhijja oyining avvalgi to‘qqiz kunida ro‘za tutish, xossatan to‘qqizinchi-kuni ya’ni arafa kuni tutish bir yil avvalgi va keyingi gunohlarga kafforat bo‘ladi.

7. Alloh yo‘lida ro‘za tutish.

Abu Sa’id al Xudriy (roziyallohu anhu) rivoyat qiladi: “Nabiy (sollallohu alayhi vasallam)ning shunday deganlarini eshitdim: “Kim Alloh uchun bir kun ro‘za tutsa, Alloh uning yuzini yetmish yil do‘zaxdan uzoq qiladi”. (Muttafaqun alayhi).

8. Sha’bon oyining avvalida ko‘proq ro‘za tutish mustahabdir.

Juma kuni musulmonlar bayrami bo‘lgani uchun faqat jumaning o‘zini yolg‘izlatib, ro‘za tutish makruh. Ikki hayitda ro‘za tutish harom. Haj qilgan odam arafa kuni ro‘za tutishi ham makruh. Ayol kishi erining ruxsatisiz nafl ro‘za tutishi joiz emas.


Kiritilgan vaqti: 26/05/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 5890
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/roza-ulug-ibodat
Chop etilgan vaqti: 08/11/2024 15:59
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing