O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

GO‘DAKLAR ALLOHNING RAYHONLARIDIR

 
 

“Molu-dunyo va farzandlar – hayot ziynatidir” (“Kahf”, 46-oyat)

Alloh taolo insonga ko‘p ne’matlar ato etdi. Ammo shu ne’matlar ichida eng buyugi - farzanddir. Farzandlar ko‘zimiz nuri, qalbimiz quvonchi hamda hayotimiz davomchilaridir. Shubhasiz farzandli bo‘lgan onlarimiz hayotimizning eng baxtli sahifasi sifatida bir umr xotiramizda muhrlanib qoladi. Hazrati Fotima tug‘ilgan paytlarida Rasululloh “Bu rayhonni Alloh hidlab turishligim uchun menga rizq qilib bergan”, degan ekanlar. U zot go‘daklarni nihoyatda ardoqlaganlar. Ba’zan namoz o‘qib, sajda qilib turgan paytlarida nabiralari Hasan va Husaynlar u kishining ustlariga chiqib olar ekanlar. U zot “bolalarning o‘yini buzilmasin, ular bezovta bo‘lmasin” deya sajdalarida uzoq muddat turar ekanlar.

Yoshlik chog‘larida hayotimiz sururi bo‘lsa, katta bo‘lganlarida beminnat ko‘makchimiz, suyanchimiz bo‘lishadi. Vafotimizdan so‘ng esa ularning solih amallari tufayli savobimiz ziyoda bo‘ladi.

Payg‘ambar alayhissalom aytadilar: “Inson dunyodan o‘tgach, uning amal daftari yopiladi. Faqat uning uch amalidan savob yetib turadi. Bular: qoldirgan ilmi, qurdirgan masjid yoki ko‘prigi va solih farzandining qilgan duoi xayri”.

Shunday ekan avlodlarga nafaqat moddiy meros, balki ularga milliy-ma’naviy qadriyatlarimizni, ilmu-irfon va odobu-axloqni o‘rgatmog‘imiz, ularning tarbiyasiga jiddiy e’tibor qaratmog‘imiz lozim. Xalqimizda “bola aziz, odobi undanda aziz” degan naql bor. Yosh avlod tarbiyasida ajdodlarimiz tutgan yo‘riqlari katta ibrat. Ularning farzand tarbiyasida qo‘llagan uslublarida odob-axloq, ma’naviy-jismoniy tarbiyasida qo‘llagan holda shakllanib, sayqallanib, mukammal holatga kelgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Hech bir ota o‘z farzandiga yaxshi tarbiya va go‘zal odobdan buyukroq hadya berolmas”-deganlar.

Donishmandlardan biri bola tarbiyasi haqida shunday degan ekanlar: “Farzand odob ziynatidan benasib bo‘lsa, el orasida ota-onasini boshini egadi. Odobli va husni xulq egasi bo‘lgan farzand esa ota-onasiga madadkor bo‘lib, xursandchilik keltiradi”.

Farzand tarbiyasida beparvo bo‘lmaslik har bir ota-onaning muqaddas burchi ekanligini unutmasligimiz lozim. Chunki, bolalarimiz nafaqat bizning, balki yurtimizning ham kelajagidirlar. Ularni turli salbiy illatlar va yot g‘oyalardan asrash sizu-bizning mas’uliyatli vazifamizdir. Zero, Qur’oni karimdan shunday bayon qilinadi: “Ey iymon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a’zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangiz...”. (Tahrim, 6-oyat)

Mazkur oyatdagi, “do‘zaxdan saqlash” iborasini, ikki dunyo saodatiga erishuviga sabab bo‘ladigan xayrli amallar bilan shug‘ullanishga da’vat qilish deb tushunish lozim.

Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflarida mazkur oyatga amal qilish yo‘lini o‘rgatib shunday deganlar:

"Farzandlaringizni itoatkorlikka, qaytarilgan narsalardan saqlanishga buyuringlar, Ana o‘sha ularni do‘zaxdan asraydi". (Ibn Jarrir rivoyati).

Boshqa bir hadisda “Har biringiz rahbarsiz va qo‘l ostingizdagilarga mas’ulsiz”, - deb ta’kidlaganlar.

Oila-maktab-mahalla uzviyligining kelajak avlod tarbiyasida juda katta ijobiy ahamiyati bor. Bir so‘z bilan aytganda, farzandlarimiz odobli, sog‘lom, ilm-ma’rifatli va komil insonlar bo‘lib yetishishlarida birortamiz chetda turmasligimiz lozim.

Farzand tarbiyasida qo‘yidagi uch bosqichga rioya etish lozim: tug‘ilgandan to yaxshi-yomon gapni farqlaydigan bo‘lgunicha unga podshohdek, aqlini tanigandan so‘ng xizmatchidek, balog‘atga yetgach esa, do‘st-birodardek munosabat qilinadi.

“Kimyo” kitobida farzand tarbiyasida haqida shunday deyiladi: “Farzand ota-ona qo‘lidagi omonatdir, uning dili esa nafis gavharga o‘xshashdir. Gavhar har xil naqshlar bilan bezalgani kabi bola diliga ham ezgu fikrlar naqshini solishi mumkin. Bola qalbi toza tuproq kabidir unga qanday urug‘ sepsang, o‘sha urug‘ unadi. Shuning uchun ota-ona va muallim bu ishda o‘zaro hamkor bo‘lib, uning diliga yaxshilik urug‘larini qadamoqlari lozim”. Zero mashoyixlarimiz bejiz: “Aytganing qaytarar ne desang toqqa, o‘rarsan har neki eksang tuproqqa”, deyishmagan. Bu purma’no so‘zlardan to‘g‘ri xulosa chiqarib, hayotimizga tatbiq etish barchamizning ikki dunyomiz uchun manfaatlidir.

Yurtboshimiz ta’kidlaganlaridek, farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart.

Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom: “Go‘daklar Allohning rayhonidir” deganlar. Parvardigor kelajagimiz bo‘lgan yoshlarimizni odob-axloqli, ilm-ma’rifatli bo‘lib voyaga yetishlarini nasib qilsin.

Bu yo‘lda g‘ayrat bilan mehnat qilayotgan ota-onalar hamda barcha mutasaddi kishilarga O‘zi madadkor bo‘lsin.


Kiritilgan vaqti: 16/05/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3728
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/godaklar-allohning-rayhonlaridir
Chop etilgan vaqti: 03/11/2024 21:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing