ZIROAT HAM IBODATDIR
Har yil bahor kelishi bilan dalalarda ish qizigandan qiziydi. Oftob qizitib, nami biroz ko‘tarilgan, yetilib qolgan yerlar tomon bobodehqonlar yomg‘ir yog‘ib qolmasin degan hadikda, mehnat qurollarini olgan holda shoshiladilar.
Qishi bilan avaylab-asragan urug‘larni ona zamin ko‘ksiga qadaydilar, ustidan mayin tuproq tortib, Yaratgandan bu yilgi hosilga baraka berishini so‘rab qo‘llarini duoga ko‘taradilar.
Ma’lumki, dehqonchilik sermanfaat, insonlarning ehtiyoji tushadigan birlamchi kasblardan biridir. Uning bilan kishilar kundalik ehtiyojlarini qondiradilar, kiyadigan kiyimlaridan tortib, yeydigan ovqatlarigacha, o‘tiradigan ko‘rpachalaridan tortib, yotadigan to‘shaklarigacha hamma-hammasi yerdan olingan hosilga aloqador. Hattoki chorvalar ham dehqonlar yetishtirgan mahsulotga umid bog‘laydilar.
Ulamolar qaysi kasb afzalligi borasida turli fikrlarni bildirganlar. Ba’zilari ziroat afzal degan bo‘lsalar, yana ba’zilar esa qo‘l mehnati, ya’ni hunarmandchilik afzal deb aytganlar. Boshqalari esa tijoratni afzal ko‘rganlar. Imom Movardiy:
"Kasblarning asllari ziroat, tijorat va hunarmandchilikdir. Ularning yaxshisi ziroatdir. Negaki u tavakkulga yaqin", degan.
Imom Navaviy aytadi: "To‘g‘risi shuki, kasbning pokizarog‘i qo‘l mehnati bilan bo‘lganidir. Dehqonchilik ayni qo‘l mehnati bo‘lib, kasblarning pokizasidir. Unda tavakkul bor, unda insonlar va hayvonlarga umumiy foyda bor".
Islom dinida ziroatga alohida ehtimom bilan yondashilgan. Qur’oni karimda daraxt so‘zi birlik shaklda 19 marotaba ko‘plik shaklda esa 6 marotaba zikr etilgan. "Zar’" (ekish, o‘tqazish, parvarish qilish, ishlov berish, o‘simlik) so‘zi va uning ishtiqoqlari 13 o‘rinda keltirilgan. Kalomi sharifda faqat birinchi darajali narsalar keltirilganini e’tiborga olsak, ziroatning nechog‘li ahamiyatli ekanini bilib olamiz. Misol tariqasida birgina oyatni keltirib o‘tish kifoya darajasida bo‘ladi:
وَهُوَ الَّذِي أَنْشَأَ جَنَّاتٍ مَعْرُوشَاتٍ وَغَيْرَ مَعْرُوشَاتٍ وَالنَّخْلَ وَالزَّرْعَ مُخْتَلِفًا أُكُلُهُ وَالزَّيْتُونَ وَالرُّمَّانَ مُتَشَابِهًا وَغَيْرَ مُتَشَابِهٍ كُلُوا مِنْ ثَمَرِهِ إِذَا أَثْمَرَ وَآتُوا حَقَّهُ يَوْمَ حَصَادِهِ وَلَا تُسْرِفُوا إِنَّهُ لَا يُحِبُّ الْمُسْرِفِينَ
U (Alloh) shunday zotki, (so‘ritoklarga) ko‘tarib qo‘yiladigan va ko‘tarib qo‘yilmaydigan(uzumzor) bog‘larni, ta’mi turlicha (bo‘lgan) xurmo va mevali daraxtlarni, (rang va ta’mda)o‘xshash va o‘xshamas zaytun va anorlarni paydo qildi. Meva hosil qilganda, mevasidan tanovul qilingiz! Hosil yig‘ish kunida (muhtojlarga) haqqini (ushri va xirojini)beringiz va isrof qilmangiz! Albatta, U isrof qiluvchilarni sevmaydi. (An’om,141).
Shariatda daraxtga shunday ehtimom ko‘rsatilganki, hatto qiyomat kuni solih amallarga beriladigan mukofot aytilganida ham daraxtga e’tibor qaratilgan.
Daraxt go‘zal va sernaf bo‘lgani sababidan mo‘minning ba’zi xayrli ishlarining mukofoti evaziga daraxtlar hadya etilishi aytilgan.
Jobir ibn Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sallollohu alayhi va sallam bunday dedilar:
"Kim: "Subhanolluhi va bihamdihi", desa, uning uchun jannatga xurmo o‘tqaziladi". Boshqa bir rivoyatda "daraxt" deyilgan.
Dehqonchilikning fazilatlaridan yana biri kishini o‘zgalarga gina-kudurat qilishdan mashg‘ul qilib qo‘yadi, dehqonning bunday ishlarga vaqti bo‘lmaydi, insonlarning aybu nuqsonlarini axtarishdan saqlaydi, turli gap-so‘zlaridan uzoqda tutadi. Imom Shavkoniy tafsirlarida shunday deganlar: "Ziroat bilan shug‘ullanib, insonlardan behojat bo‘lish bilan kishi buyuk qurbatni hosil qiladi. Shuning bilan birga dehqonchilik insonlarga o‘ralashib qolishdan himoya etadi".
Ko‘chatning mevasidan va urug‘ning hosilidan ularning sohibiga ajr borligini ko‘plab ulamolarimiz aytib o‘tganlar. Bu ikkisi hosil berishda damom etar ekan, ekkan kishiga ham savob bardavom borib turadi. Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda shunday deyiladi: "Nabiy sallollohu alayhi vasallam:
"Qaysi bir musulmon bir ko‘chat eksa yoki biror ziroat qilsa, undan qushmi, insonmi, hayvonmi yesa, albatta, uning uchun bundan sadaqa hosil bo‘lur", dedilar".
Dehqonchilik, bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadigan kishi dastavval bu ishda mohir bo‘lishi, uning ilmini puxta o‘zlashtirishi kerak. Shuning bilan birga niyyatini ham go‘zal qilishi, bu ishi bilan o‘zgalarning mushkulini oson qilishni, ehtiyojini qondirishni maqsad qilmog‘i lozim. Zero, Abu Hurayra roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rasululloh sallollohu alayhi vasallam:
"Banda do‘stining ko‘magida ekan, Alloh uning ko‘makchisidir", deganlar.
Dehqonu bog‘dorlar go‘zal niyat va ixlos bilan mehnat qilar ekanlar, ustilaridan barakalar yog‘iladi, yaxshiliklar mo‘l-ko‘l bo‘lib keladi. Chunki uning manfaati dehqonning o‘ziga, barcha insonlarga, hattoki, qushlar, hayvonlar va hashorotlarga ham doimiy yetib turadi. Shoir Mirzo Kenjabek aytganidek:
Butun borliq, nabotot ham Yaratganga etar tasbih,
Bobo dehqon ekib yursa, ziroat ham ibodatdir.
Kiritilgan vaqti: 28/04/2016 00:00; Ko‘rilganligi: 3372
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 02:46