Yaxshilik berilganlar
قَالَ حُمَيْدُ بْنُ عَبْدِ الرَّحْمَنِ سَمِعْتُ مُعَاوِيَةَ خَطِيبًا يَقُولُسَمِعْتُ النَّبِيَّ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ مَنْ يُرِدْ اللَّهُ بِهِ خَيْرًا يُفَقِّهْهُ فِي الدِّينِ وَإِنَّمَا أَنَا قَاسِمٌ وَاللَّهُ يُعْطِي وَلَنْ تَزَالَ هَذِهِ الْأُمَّةُ قَائِمَةً عَلَى أَمْرِ اللَّهِ لَا يَضُرُّهُمْ مَنْ خَالَفَهُمْ حَتَّى يَأْتِيَ أَمْرُ اللَّهِ. رَوَاهُ الْبُخَارِىُّ
Humayd ibn Abdurrahmon dedilar: Men Muoviya roziyallohu anhuni xutba qilayotib shunday deb aytayotganlarini eshitdim: “Men Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamni: “Alloh kimga yaxshilikni ravo ko‘rsa, uni dinda faqih (din olimi) qilib qo‘yadi, men faqat (o‘ljalarni) taqsimlovchiman, uni beruvchisi Allohdir. Bu ummat Alloh amrida (ya'ni, haq dinda) sobit bo‘lsa, toki Allohning amri kelguncha (ya'ni, qiyomat kuni kelguncha), ularga qarshi chiqayotganlarning zarari ularga tegmaydi”,- deb aytayotganlarini eshitdim. (Imom Buxoriy rivoyati) va (Olti sahih hadis to‘plamlari mualliflari bu hadisning sahihligida ittifoqdirlar.)
Muoviya ibn Abu Sufyon roziyallohu anhu – Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning vahiyni yozadigan kotiblari, Makka fathi kuni islomni qabul qilgan. Xalifa Umar ibn Xattob tomonidan Shom o‘lkasiga voliy (hokim) etib tayinlangan. Hijratning 60 yili Damashqda 78 yoshida vafot etgan.
Hadisning ahamiyati haqida
Ilm inson hayotida eng muhim ne'matlardan biri bo‘lib, jamiyat taraqqiyotining muhim omillaridan sanaladi. Alloh taolo ilmli bandalarini darajasini baland qilib, olimlarning fazilati haqida: “....Ayting: “biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!”...”, - deydi[1]. Ilmning inson hayotidanechog‘lik katta o‘rin tutishi mazkur oyatdan hamma'lum bo‘ladi, chunki har bir millatning salohiyati, kuch-qudrati va kelajagi uning olimlari bilan belgilanadi, jumladan, Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam bu haqda: “Beshikdan qabrgacha ilm izlang”, “Ilm olish har bir erkagu ayol mu'min-musulmonga farzdir”, deb bizlarni ilm sari intilishimizga buyuradilar hamda kim xossatan din, shariat ilmidan berilgan faqih bo‘lsa, bu Alloh taoloning yaxshiligi ekanligini ma'lum qiladi. Ushbu hadisda ham Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam ilmli bo‘lishga, xossatan din ilmi –fiqhni o‘rganishga chaqiradilar.
Inson shar'iy ilm talabida bo‘lib, Alloh taoloning dinida yetuk ilmga ega bo‘lishi, yoki talabi ilm yo‘lini ixtiyor etishi ham unga berilgan omad hisoblanadi. Alloh taolo Baqara surasining 269-oyatida: “U O‘zi istagan kishilarga hikmat (foydali bilim) beradi. Kimga hikmat berilgan bo‘lsa, bas, muhaqqaqki, unga ko‘p yaxshilik berilibdi. Va'z-eslatmalarni faqat ahli donishlargina oladilar.”[2] – deb insonga ilm-ma'rifatni berilishi unga nisbatan ulkan ilohiy ne'mat ekanligini bayon qiladi.
Alloh taolo olimlarning ismini muqaddas qilib, xalqlari orasidan O‘zi yaxshi ko‘rganlarini bu martaba bilan ne'matladi. Olimlarni hidoyatga boshlab, ular sababli bandalari orasidan o‘zi yaxshi ko‘rgan mu'minlarni hidoyat bilan ziynatladi. Olimlarni boshqalarga nisbatan afzal qilib, ilm va hikmatni o‘rgatdi. Ularni dinda faqih (donishmand, bilimdon) qilib, dinning ta'vilotlarin[3] qalblariga joyladi, boshqa mu'minlarga nisbatan afzal qilib qo‘ydi. Bu holat har bir zamon va har bir vaqtda shundaydir. Ularni darajasini ilm bilan ko‘tarib, halimlik bilan ziynatladi va ular sababli halol va harom, haq va botil, foyda va zararlar ma'lum bo‘ladi. Olimlar bandalarning yo‘l ko‘rsatuvchi chiroqlari, shaharlarning minoralari, bu ummatning ustunlari va hikmat bulog‘idirlar.
Shuning uchun Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam ham o‘zlarining bu hadislarida: “Alloh taolo kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih (donishmand) qilib qo‘yadi,”[4] – deb kishini o‘z dinida faqihlik darajasida sohibi ilm bo‘lishi unga berilgan ulkan yazshiliklardan biri ekanligini ta'kidlaydilar.
Hadisning umumiy ma'nosi
“Alloh kimga yaxshilikni ravo ko‘rsa, uni dinda faqih (din olimi) qilib qo‘yadi”,
Faqih – shariat hukmlarini eng nozik jihatlarigacha tushunadigan, yuksak malakaga ega bo‘lgan shaxsga aytiladi. Olim Jo‘zjoniy “faqih” atamasiga quyidagicha ta'rif beradi: “Faqih”, ya'ni fiqh olimi bo‘lmoq uchun faqatgina shariat hukmlarini sodda va yuzaki bilib, yod olish yetarli emas, balki ushbu hukmlarning butun sabab va hikmatlarini bilmoq va shariat asoslarini anglamoq zarurdir. Shuning uchun ham shariat hukmlarini sodda uslubda bilgan kishi olim deyilsa ham, faqih diyilmaydi. Fiqhshunos olimlarning ta'kidlashicha, ilm va fiqh orasida har kim ham anglamaydigan farq bor. Ya'ni ilm umumiy ma'noda, fiqh esa xos ma'noda ishlatiladi. Shu sababli har bir faqih olim bo‘ladi, ammo har bir olim faqih emasdir”[5].
Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam ham o‘zlarining hadisi shariflarida kimga shariat ilmi berilgan bo‘lsa, ular (faqihlar) Alloh taoloning yaxshi ko‘rgan bandalari ekanligini, faqihlar ham o‘zlariga berilgan buyuk ne'mat – shariat ilmini qadriga yetish lozim ekanligiga ishorat qiladilar. Zero, bu ilm hammaga ham berilavermaydi, aksincha jamiyat orasidan bunga tsalohiyati bor kishilarga Alloh taolo bu ilmni muyassar ko‘radi.
Ushbu hadisning zamirida ikkinchi botiniy ma'no mavjud; kimki dinda shariat ahkomlarini bajarish uchun o‘ziga yetarli ilmni olmagan bo‘lsa-yu, yana ulamolarga yaqin bo‘lishga ham intilmasa, demak Alloh taolo unga yaxshilikni iroda qilmabdi. Chunki inson shariat ilmi bilan dunyo va oxirat saodatiga yetadi.
“men faqat (o‘ljalarni) taqsimlovchiman, uni beruvchisi Allohdir.”
Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi va sallam janglardan tushgan o‘ljalarni sahobalarga taqsimlab berar edilar. Ularning ba'zilariga taqozosiga ko‘ra ko‘proq o‘ljadan berar edi. Shunda Rasululloh s.a.v.ning bu ishlarining hikmatiga tushunmagan sahobalardan ba'zilari bunga e'tiroz bildirdilar. Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ularga: Bu o‘ljalarni beruvchisi Alloh, men faqat ularni Alloh taolo buyurganidek Allohni berganini taqsimlab beruvchiman, xolos. Vahiyda nima buyurilsa men o‘shani bajaruvchiman. Buni faqat shariat ilmi berilgan kimsalargina anglab yetadilar, – degan ma'noda yuqoridagi hadislarini aytdilar.
“Bu ummat Alloh amrida (ya'ni, haq dinda) sobit bo‘lsa, toki Allohning amri kelguncha (ya'ni, qiyomat kuni kelguncha), ularga qarshi chiqayotganlarning zarari ularga tegmaydi”
Imom Buxoriy hazratlari Rasulullohning “Bu ummat” so‘zlaridan murod “ilm ahli” nazarda tutilgan deydilar. Imom Ahmad Rasulullohning “Bu ummat” so‘zlaridan murod “Ahli hadis” anglashiladi deydilar.
Imom Navaviy “Bu ummat” so‘zidan murod, mu'minlarning bir toifasidir-ki, ular orasida faqihlar ham, muhaddislar ham bor, deydilar.
“Allohning amri (ishi) kelguncha”, bu hadisning ma'nosini ulamolarimiz ; Bu ummat ichidagi bir toifa – ulamolar to qiyomatga yaqin vaqtgacha Alloh taoloning haq dini bo‘lgan Islom dinini qoim qilish va himoyasida mudom bo‘ladilar, deb tafsir qilishganlar. Chunki, qiyomat qoim bo‘ladigan vaqtda boshqa hadislarda xabar berilganidek, yer yuzida birorta tirik mo‘min kishi bo‘lmaydi.
“ularga qarshi chiqayotganlarning zarari ularga tegmaydi”, ya'ni musulmonlarga qarshi turli fitnalar va urushlarni keltirib chiqarayotganlar musulmonlarni haq din – Islomdan adashtira olmaydilar, musulmonlarning sof e'tiqodlariga zarar yetkazolmaydilar.
Musulmonlarga qarshi bo‘lgan va ular har vaqtda duch kelayotgan ana shunday fitnalardan eng zararlisi va xatarlisi Islom dinining asosiy manbasi bo‘lgan Qur'oni karim oyatlari va Payg‘ambarimizning hadislarini noto‘g‘ri talqin etilmog‘i hisoblanadi. Ma'rifat va ma'naviyatga asoslangan sof islomiy e'tiqod va tushunchalarni noto‘g‘ri qabul qilish yoki ba'zi bir siyosiy kuchlarning o‘z manfaati yo‘lida hamda turli g‘arazli maqsadlarda dindan foydalanish oqibatida ham islom diniga e'tiqod qiluvchi aholi o‘rtasida fitna qo‘zg‘ash juda ham oson bir ishga aylanib bormoqda. Bu esa ham muqaddas dinimizga hamda jamiyatga katta zararlar keltirmoqda. Afsuslar bo‘lsin-ki, hatto, hozirgi vaqtda Qur'on oyatlari va Payg‘ambarimizning muborak hadislari hamda dinimizga oid jarangdor shiorlar bilan islomofobiyani targ‘ib qilishga harakatlar bo‘lmoqdaki, dinimiz va aqidamiz borasida yetarli ilmlarga ega bo‘lgan va Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi va sallam ta'riflagan Alloh taolo yaxshilikni ravo ko‘rgan olimlarimizga yaqin bo‘lishimiz, ularning ko‘rsatmalariga amal qilishimiz bunday qabih ishlarni oldini olish hamda ulardan saqlanishning eng maqbul va to‘g‘ri yo‘li hisoblanadi.
Hadisdan olinadigan istifodalar.
- Faqihlar Alloh taoloning yaxshi ko‘rgan bandalari ekanligi.
- Faqih kishini hurmat qilish, uni din ahkomlari to‘g‘risidagi so‘zlariga amal qilish kerakligi.
- Ulamolarning boshqa odamlarga nisbatan fazilatli ekanligi.
- Dinda faqih bo‘lgan olimni boshqa olimlardan fazilatli ekanligi.
- Dinda faqih bo‘lmagan, islomning mohiyati va qonun-qoidalarini bilmagan kishi yaxshilikdan mahrum ekanligi.
- Bandalarning rizqini beruvchi zot Aloh taolo ekanligi.
- Musulmonlar agar sof e'tiqodlaridan adashmay, dinlariga amal qilsalar, ularga qarshi bo‘lganlarning hech biri zarar beraolmasligi.
[1] Qur'oni karim. Ma'nolarining tarjima va tafsiri muallifi Shayx Abdulaziz Mansur. -T.: TIU. 2006. Zumar surasi. 9- oyat.
[2] Baqara surasi.269-oyat.
[3] Hukm va mohiyatlari
[4] Muhammad ibn Iso ibn Savra Termiziy. Sunanu Termiziy. 5-juz, –Bayrut. Daru ihyou-t-turos. 2645-hadis.
[5] Abdulhakim Shar'iy Jo‘zjoniy. “Buxorolik buyuk faqih Abu Zayd Dabusiy”. –T.: TIU. 2007. –B.7.
Nodir QOBILOV, Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi,
Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 26/10/2019 15:24; Ko‘rilganligi: 2552
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 15:48