Vatan hissi
Vatan - bu insonning tug‘ilib o‘sgan yeri, uning go‘daklik chog‘idanoq mehr qo‘ygan o‘chog‘idir. Uni himoya qilish, ravnaqi va farovonligi yo‘lida xizmat qilish har bir musulmonga ham farz, ham qarzdir. Dinimiz Vatanni himoya qilish barchaga barobar buyurilgan amal, deb belgilab qo‘ygan.
Vatanni himoya qilish buyuk saodat, ulug‘ savob bo‘lsa, unga xiyonat shu qadar katta gunoh, eng oliy jinoyatdir. Vatan himoyasi yo‘lida uxlamasdan posponlik qilgan ko‘z egasi do‘zax otashida kuymaydi. Ibn Abbos roziyallohu anhudan qilingan rivoyatda Rosululloh sollallohu alayhi vasallam:” Ikki ko‘z egasini do‘zax otashi kuydirmaydi. Biri Allohdan qo‘rqib yig‘lagan, ikkinchisi Alloh yo‘lida (Vatani sarhadlarida) poyloqchilik qilib uxlamagan kishini”, deb marhamat qilganlar (Termiziy rivoyati). Vatanga bo‘lgan muhabbatning taqozolaridan biri esa unda qarindosh-urug‘lar bilan aloqani mustahkamlash, miskin va beva-bechoralariga yordam qo‘lini cho‘zishdan iboratdir. Hukamolar aytadi: “Uchta xislat tirik mavjudotlarda topiladi. Tuya manzili uzoq bo‘lsa ham o‘z makoniga mushtoq bo‘ladi. Qush inisi qurg‘oq joyda bo‘lsa ham unga talpinadi. Inson o‘zga joyda manfaati ko‘p bo‘lsa, ham vataniga oshiqadi”.
Vatanga bo‘lgan muhabbat haqida gap ketganda beixtiyor Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hijratga chiqishga majbur bo‘lgan holatlari ko‘z oldimizda gavdalanadi... Ana, Makka ahlini dinu-diyonat, ma’rifat, adolatga chorlab, evaziga turli haqorat va bo‘xtonlarga duchor bo‘lgan Rasuli Akram sollallohu alayhi vasallam o‘z tug‘ilib o‘sgan yurtlari, havosi va suvi ila to‘yingan diyorni tark etib, izni ilohiy ila Madina sari qadam tashlamoqdalar. Qalbda mahzunlik, ko‘zda jiqqa yosh, ohista qadamlar bilan ketar ekanlar “vatan, vatan” so‘zini bot takrorlar edilar. Makkadan uzoqlashib, “Juxfa” deb ataladigan vodiyga yetganlarida muborak boshlarini yerdan ohista ko‘tarib Madinai munavvara tomon boqdilar. U zotga Jabroil alayhissalom: “Ey Muhammad! tug‘ilib o‘sgan makoningizga talpinyapsizmi, unga mushtoqmisiz?”, dedilar. U zot: “ha, shunday”, dedilar... Mana, vatanga bo‘lgan muhabbat! Mana buni tug‘ilib o‘sgan joyni hali to‘la tark etib ulgurmay sog‘inish deydilar. Vatanga bo‘lgan muhabbat komil iymon belgisi ekaniga bundan yorqin dalil bo‘lmasa kerak. Yaratgan barchamizni vatanda ayro tushishdek musibatdan O‘zi saqlasin. Iymonimizni salomat, yurtga bo‘lgan muhabbatimizni yanada ziyoda qilsin.
Kiritilgan vaqti: 12/01/2017 00:00; Ko‘rilganligi: 4562
Chop etilgan vaqti: 10/12/2024 09:38