Vatan himoyasi
Jamiyatidagi inson hayoti faqat tinchlik va omonlik bilangina ma’no va mazmunga yega bo‘ladi, Zero, tinchlik — bu omonlik va xotirjamlik asosidir. Jamiyat imon kamoloti va halovatiga tinchlik paytidagina erishadi.
Yosh askar qalbida Allohga bo‘lgan ishonch, vatan hamda o‘z xalqiga bo‘lgan sadoqat uni har doim ogohlik va sergaklikka chorlaydi.
Kechagina o‘ynab-chopib yurgan kichkintoylar ko‘z ochib-yumguncha ulg‘ayadilar. Ularni jismonan sog‘lom va baquvvat bo‘lib ulg‘ayishiga ahamiyat berilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Farzandlaringizga suzish, kamon otish va ayollarga kasb-hunarni o‘rgatinglar”, deb ta’lim berganlar.
Shuning uchun ham farzandlarimizga bolaligidanoq chavandozlik, merganlik, suvda suzish kabi mashqlarni puxta o‘rgatib ona Vatanga, el-yurtga sadoqat ruhida buyuk ajdodlarimiz kabi imon-e’tiqodli qilib tarbiyalash barchamizning eng muhim vazifamizdir.
Imom Muhammad G‘azzoliy aytadilar: “Inson o‘z yeriga, garchi u giyoh unmas sahro bo‘lsa ham qattiq bog‘lanadi. Vatanni sevish inson ruhiyatidagi asl tabiatdir. Ushbu tabiat vatanda yashashda huzur-halovat, undan uzoq bo‘lganda sog‘inch, hujum qilinganda mudofa va kamsitilganda g‘azab hislarini paydo qiladi”.
Vatanni sevish ibodat darajasiga ko‘tarilgan sof va asl islomiy qadriyatdir. Bunday sifatga ega bo‘lish mo‘minning asosiy xususiyatlaridan biridir. Darhaqiqat, eng qadrli ne’matlardan biri tinchlik va xotirjamlikdir. Mana shu osudalikni hech ikkilanmay bepoyon Vatanimiz sarhadlarini mardona qo‘riqlab turgan yurt posbonlarining xizmati deb ayta olamiz. Bu haqda Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadislarida marhamat qilib aytganlarki: “Bir kecha-kunduz chegarani himoya qilish, bir oy ro‘za (nafl) tutgan va bir oy kechalari turib (nafl ibodat) qilgandan yaxshiroqdir” (Imom Buxoriy rivoyati).
Hanafiy mazhabining muhaddis olimi Badriddin Ayniy “Umdatul qoriy” asarida ushbu hadisni quyidagicha sharhlaydi. Hadisi sharifdagi “Ribot” so‘zining ma’nosi bu dushman tarafga qarab turish, chegarani himoya qilish va yovlarni yurtiga bostirib kirishdan muhofaza qilishdir.
Bunday ma’nodagi hadislarni ko‘plab keltirish mumkin. Barcha muhaddislar “ribot” so‘zini “chegarani himoya qilish” deb sharhlaydilar. Bu yurtimiz chegaralarida xizmat qilayotgan har bir vatan himoyachisiga tegishli va ular uchun xushxabardir.
Yurtdoshlarimiz tinch va osuda hayot kechirmoqdalar. Avvalambor Alloh yurtimizga tinchlikni berdi, yomonliklardan asramoqda, shu bilan birgalikda chegaralarimizda yurtimizni tunu kun himoya qilib turgan askarlar va milliy armiyamizning xizmatlari natijasidir. Mamlakat osoyishtaligi, xalq tinchligining mustahkam tayanchi bo‘lmish Vatan himoyachilari doimo xushyor va sergak bo‘lishlarida ularga kuch-g‘ayrat, sog‘-salomatlik va ularga oilaviy baxt tilaymiz
Kiritilgan vaqti: 09/01/2018 00:00; Ko‘rilganligi: 2713
Chop etilgan vaqti: 01/12/2024 21:57