O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Tinchlik qo‘nim topgan yurt

 
 

Insoniyat mo‘tabar zaminda hayot kechirishi uchun bir necha omillar talab qilinadi. Bu chorlov yaratgan Buyuk Zot va uning payg‘ambari tomonidan ekani ayni haqiqatdir. Alloh taolo bandasidan O‘ziga ibodat va itoat qilishini buyuribgina qolmay, jamiyatda xuddi, bir oiladagi aka-ukalar kabi o‘zaro tinch-totuv va birdamlikda umr kechirishlarini va hamisha yaxshi amallarni bajarishda namuna bo‘lishlarini bir necha oyatlar mazmunida bildirgan. Alloh taolo Kalomi sharifda Moida surasining 2-oyatida shunday marhamat qiladi:

.......Ezgulik va taqvo (yo‘li)da hamkorlik qilingiz, gunoh va adovat (yo‘li)da hamkorlik qilmangiz! Allohdan qo‘rqingiz! Albatta, Alloh azobi qattiq zotdir.

Hozirgi axborot asri bo‘lgan davrda dunyo miqyosida yorug‘lik tezligidek xabarlar almashuviga guvoh bo‘linmoqda. Bu ham yaratganning bizga bergan inoyati va ne’matidan biri hisoblanadi. Bu holatdan yaxshi maqsad yohud, g‘arazli niyat bilan foydalanayotganlar ham bordir. Birgina yomon xabar tufayli bir xalqning tinchligi va farovonligiga rahna solinishi achinarli hol. Bu haqda Payg‘ambar sallollohu alayhi vasallamdan bir qancha ogohlantirishlar mavjud. U zotning hayotlarini o‘zi biz uchun katta maktab hisoblanadi. Odatlari erta tong va tunda o‘qiydigan muborak duolarida o‘zlari va ummat uchun “......Ey Allohim! sendan ofiyatni so‘rayman”, deb yolvorib iltijo qilganlar va sahobalarga shu kabi o‘rgatganlar. Bu duolarini tadqiq qilib o‘rganib chiqqan olimlar “ofiyat” so‘zini kasallik va balo-ofatlardan omonda bo‘lish deb sharhlashgan. Yana boshqalarida “ofiyat” so‘zini besh vaqt namozni emin-erkin ado qilish deb ham keltirilgan.

Jannatmakon yurtimiz musulmonlarini tinch-osoyishta va farovon hayot kechirishi va ibodatlarini to‘liq va maromida ado etishlari ayni hadisi sharifda keltirilgan “ofiyat” dek ne’matning zaminimiz uzra kezib yurganiga dalolat qiladi.

Biz musulmonlardan ushbu ne’matni qadriga yetib, uni asrab avaylab kelajak avlodga yetkazishimiz ham farz, ham qarz hisoblanadi.

Hozirgi paytda bir talay yuqori darajadagi zamonaviy imkoniyatlarga ega bo‘lib turgan yurtlar ham tinchlikni orzu qilib turishgani va tinchlikdek ne’matga erishish uchun bor kuch-quvvati va bor mablag‘ini sarflayotgani hech kimga sir emas.

Aksiga olib hozirda ba’zi g‘alamislar tomonidan turli fitna va fasodlarni keltirib chiqarib, osoyishta yurtlar uchun chang solmoqchi bo‘layotganiga internet, matbuot va zangori ekran orqali guvoh bo‘lamiz. Rasululloh sallollohu alayhi vasallamdan kelgan hadisi sharifda shunday marhamat qiladi: “Munofiqning to‘rtta alomati mavjud. So‘zlasa, yolg‘on gapiradi. Omonat berilsa, xiyonat qiladi. Va’da bersa, vafo qilmaydi. Xusumatlashsa, haqni qabul qilmaydi”[1].

Bu hayot, bu zamin, bu falak, bu yurt va shuningdek, undagi imkoniyatlar Robbimiz tomonidan biz ummati Muhammad uchun tuhfa qilindi. Shular qatorida “tinchlik, ofiyat” degan bebaho ne’matni omonat qilib berilsa-yu, unga e’tiborsiz qaragan kishi yurtiga nisbatan xiyonatchiga aylanib qolishi ham hech gap emas.

Qur’oni karim va hadisi sharifning usuliga ko‘ra yaxshi va yomon amallar evaziga beriladigan mukofot va jazolar o‘z jinsida bo‘lishini ulamolarimiz keltirib o‘tishgan. Misol uchun hayoti dunyoda spirtli ichimlikdan tiyilgan kishini jannat sharobi bilan sug‘orilishi, zinodan saqlangan kishiga jannat hurlarini tuhfa qilinishi bayon qilingan. Yomonligi tufayli o‘z oilasi va o‘zgalar zarar ko‘rishi oxiratiga ham ta’sir qilishi bayon qilingan.

Hayoti mobaynida tinch osoyishta umr kechirib turgan musulmonlarga nisbatan yomon nazarda bir marotaba qaragan kishini ahvoli achinarli ekani hadisi sharifda shunday keltiriladi:

عَنْ عَبْدِ اللهِ بْنِ عَمْرٍو قَالَ: قَالَ رَسُولُ اللهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ: " مَنْ نَظَرَ إِلَى أَخِيهِ نَظْرَةً تُخِيفُهُ أَخَافَهُ اللهُ يَوْمَ الْقِيَامَةِ [2]"

Abdulloh ibn Amr aytadilar: “Rasululloh sallollohu alayhi vasallam aydilar: “Kim birodariga uni cho‘chitadigan (qo‘rqitadigan) nazar ila qarasa, Alloh taolo qiyomat kuni uni qo‘rqitadi”.

Hadisi sharifdan ma’lumki, birgina yomon nazar kishini oxiratda Allohning uqubatiga doxil qilmoqda ekan, yomon amali qo‘rqitadigan bo‘lsa, uning azobiga duchor bo‘lishi ayni haqiqatdir.

Albatta, musulmon kishini ibodatidan maqsadi, yaratganni rahmati va roziligiga erishib olishidir. Hozirda o‘zini musulmonman deb da’vo qilib, o‘zga musulmonlarga moddiy va ma’naviy zarar keltirib, ularni hayotini zulmatga aylantirayotgan shaxslarni kim deb atash mumkin. Darhaqiqat, bu kabi razil kishilar dunyo va oxiratda xo‘rlanganlar qatorida bo‘ladi.

Hadisi sharifda xotirjam kishini qo‘rqitgan kishi zolim deb ham atalgani va bu kabi ishlar musulmon kishiga xarom amal ekani ham bildirilgan.

لا تروعوا المسلم، فإن روعة المسلم ظلم عظيم[3].

Omir ibn Rabe roziyallohu anhu Rasulululloh sallollohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi: U zot aytdilar: “Musulmon kishini qo‘rqitmanglar. Chunki musulmonni qo‘rqitish katta zulmdir”. Imom Tabaroniy rivoyati .

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hozirda o‘ziga musulmon degan buyuk nomni olib, o‘zga musulmonlarni ommaviy ravishda tinchligiga rahna solayotgan, xavf-xatar tug‘dirayotgan kishilar, ayniqsa, yurtimiz o‘g‘lonlarini kuchidan foydalanib, razil maqsadini amalga oshirmoqchi bo‘lgan ISHID kabi oqimlarni qanday, qanaqa musulmon deb atashga ham javob topolmaysan kishi.

Alloh taolo yurtimizni tinch, osmonomizni musaffo aylasin. Shu osuda diyorda yashayotgan barcha vatandoshlarimizni ikki dunyo sodatiga yetishtirsin.



[1] Imom Bayhaqiy rivoyati

[2] Shu’bul iymon asari. 535 bet.

[3] Kanzul ummol asari. 398 bet.


Kiritilgan vaqti: 27/12/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3114
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/tinchlik-qonim-topgan-yurt
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 13:40
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing