Qiyomat kunida gunohlar so‘ralmaydimi?
Bir domla ukamiz hikoya qiladilar:
– Bir kuni uyga kirib kelsam, onam “o‘g‘lim, qo‘shninikiga chiquvdim. Qo‘shni xotin “Qiyomatda hammani savobi-gunohi so‘raladi, deb eshitgandim. Nega Qur'onda aksi yozilgan”, dedi, aslida ham shundaymi, deb so‘rab qoldilar.
– Qur'onning qayerida shunday deb yozilgan ekan, onajon? – dedim.
Qo‘shni xotin arabcha savodi yo‘q, kiril alifbosidagi besh-olti kitobni o‘qigan ayol edi. Onam “Ar-Rahmon” surasining 39-oyatini ko‘rsatdilar.
39. «Ana o‘sha Kunda na bir ins va na bir jin (qilib o‘tgan) gunohidan so‘ralmas!».
Men onajonimga tafsir kitoblardan qarab berishimni aytib, kutubxonaga kirdim. Ketyapman-u xayolimni oyatning nega bunday ma'noda kelgani egallab olgan edi. Muborak tafsirni ochib o‘qiganimdan keyin Allohning oyatlari haq ekanligi, hech biri g‘alat-ishtiboh bilan kelmaganiga amin bo‘ldim.
Bu dunyoda biror gumondorni ayblash uchun isobot-dalillar yig‘iladi, foto-video kadrlari, boshqa kishilarning guvohliklari so‘raladi. Hammasi mos kelgachgina, uning aybi bo‘yniga qo‘yiladi. So‘ng unga jazo beriladi.
Suraning 41-oyatida gunohkor bandalardan nega gunohlari so‘ralmasligining izohi keladi.
41. «(Chunki u Kunda) jinoyatchi-osiy kimsalar siymo-belgilaridan tanilib, peshona va oyoqlaridan olinurlar (va jahannamga otilurlar)».
Tafsirda aytilishicha, Qiyomat kunida insdan ham, jinlardan ham gunoh qilgan-qilmagani so‘rab o‘tirilmaydi. O‘sha dahshatli Kunda bandaning o‘zi qilgan aybini bilib, barcha a'zolari guvohlik berib turgan, hatto yuzidan uning kim ekanligi bilinib turgan paytda undan qilgan gunohlarini so‘rashga ham hojat yo‘q.
Barchamizni Qiyomat kunidagi savollarimiz oson bo‘lsin, Alloh hidoyatidan ayirmasin!
Yoqub UMAR
Manba: Azon.uz
Kiritilgan vaqti: 23/01/2020 17:22; Ko‘rilganligi: 1474
Chop etilgan vaqti: 05/10/2024 01:23