O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Otinoyi kim?

 
 

Mustaqillik yillarida, ayniqsa, so‘nggi 2-3 yil ichida mamlakatimizda barcha sohalar qatori diniy jabhada ham chuqur o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Aholining diniy-ma'rifiy saviyasini oshirish, bid'at-xurofotlarga barham berish, qalblarga sog‘lom islomiy aqidani singdirishga e'tibor qaratilmokda. Bu jarayonda diniy soha xodimlari, xususan otinoyilar faol ishtirok etishlari maqsadga muvofiqdir.

Otinoyilar o‘z zimmalaridagi mas'uliyatli ishni tirikchilik manbaiga aylantirib olmasliklari kerak. Ular zimmasida ma'raka yoki ehsonlarda ikki og‘iz duo qilish emas, balki din va jamiyat ravnaqi uchun xolis xizmat qilish bor. Bugungi otinoyidan diniy, dunyoviy ilmlarni egallash, yangiliklardan xabardor, o‘z tarixini yaxshi bilgan, katta tajribaga ega, fidokor, xalqparvar bo‘lish talab etiladi.

         Afsuski, nafaqaga chiqib zerikib qolgan ham, hayotdan alamzada ayol ham muqaddas dinimizni o‘rganmasdan otinoyilikka da'vogar bo‘lmoqdalar. Otinoyilikka bu tariqa biryoqlama yondashish din rivoji va jamiyat taraqqiyotiga xizmat qilmaydi.

         Kechagina turli bid'at va xurofotlarni el orasida yoyib yurib, bugun davralarning to‘rida “otin” bo‘lib o‘tirganlar yo‘q emas. Otinoyi zimmasidagi mas'uliyat birgina ro‘mol, qofiyadosh duo yoki notiqlik san'ati bilan so‘zlash emas, balki ayol-qizlarning e'tiqodini to‘g‘ri shakllantirishdir. Buning uchun otinlarimiz Islom tarixidan yaxshi xabardor bo‘lib, sahobiya onalarimizning hayotlarini chuqur bilishlari kerak.

         Shukrlar bo‘lsinki, farovon yurtda, ma'rifatli el orasida yashayapmiz. Bunday sharoitda dinga xizmat qilish ota-bobolarimizning orzusi bo‘lgan.

         Otinoyilarning bilimlari imtihon qilib ko‘rilganda, aksariyatining bilim saviyasi pastligi sezilib qoldi. Ularning bilim va saviyasini oshirish maqsadida  ikki haftalik malaka oshirish kurslari tashkil etilib bugungacha viloyatimizda faoliyat yuritayotgan otinoyilarimizning 581 nafari sertifikatlar bilan taqdirlandilar. 32 nafari esa yangi davrada malaka o‘quv mashg‘ulotlarida o‘z bilimlarini oshirmoqdalar. Bugungi davr otinoyisi nafs balosidan, ilmsizlikdan yiroq bo‘lishi, diniy-ma'rifiy tizimga doir qabul qilinayotgan qarorlardan, yangiliklardan xabardor bo‘lishi lozim. Otinoyi o‘zi o‘rganmasa o‘rgata olmaydi, o‘rgata olmasa faoliyat yurita olmaydi. Shuningdek, keng diniy va dunyoviy bilimlarga ega bo‘lsagina, o‘zgalarga ma'rifat ulasha oladi.

N. Temirova - O‘MI Samarqand viloyat vakili maslahatchisi


Kiritilgan vaqti: 28/01/2020 16:25;   Ko‘rilganligi: 2736
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/otinoyi-kim
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 22:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing