O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

Kasb – hunar fazilati

 
 

Islom dini o‘zining ilohiy ishoralari bilan bu dunyoda  tinch-omon,  farovon hayot kechirishga, oxiratda saodat ahlidan bo‘lishga da'vat etadi. Albatta Alloh taoloning fazli karamiga erishmoqchi bo‘lgan inson mehnat qilishi, halol kasb–hunar bilan mashg‘ul bo‘lishi lozim.  Bu esa unga najot va baxt keltiradi va  Allohning  roziligini topishiga vasila bo‘ladi. Chunki inson hayoti uchun uy – joy , ulov, oziq – ovqat  va  boshqa ro‘zg‘or anjomlari, kiyim  va liboslarga ehtiyoj sezadi. Ularning barchasi kasb–hunar  va mehnat qilish orqali hosil bo‘ladi.  Zero Payg‘ambar alayhissalom hadisi shariflarida: “Alloh taolo hunarmand bandani sevadi”, deb aytganlar.

Alloh taoloning  barcha payg‘ambarlari va elchilari biron kasb-hunar bilan mashg‘ul bo‘lib hayot kechirganlar.  Odam alayhissalom bug‘doy sepgan va uni yig‘ib don qilganlar, donni tegirmondan o‘tkazib, uni xamir qilgan va  non pishirib, iste'mol qilgan. Nuh alayhissalom duradgor usta bo‘lganlar. Ibrahim alayhissalom esa bazzozlik qilganlar. Dovud alayhissalom temirchilik,  Sulaymon alayhissalom cho‘pdan o‘lchov va tarozi yasaganlar.  Zakaryo alayhissalom najjorlik qilgan. Payg‘ambarimiz alayhissalom  qo‘y boqqanlar va tijorat bilan shug‘ullanganlar.  Barchalari o‘zlari qilgan  kasblaridan risqlanib halol -  pok hayot kechirganlar. Alloh taolo insonlarni halol  kasb–hunar bilan kun kechirishga va shu  yo‘l bilan topilgan eng yaxshi narsalardan ehson qilishga buyuradi:

  “Ey iymon  keltirganlar!  O‘z qo‘l mehnatingiz va biz sizlar uchun yerdan chiqargan narsalarning yaxshilaridan ehson qilingiz! O‘zingiz faqat ko‘zingizni chirt yumibgina oladigan darajadagi narsalarni (ehson qilishga) tanlamangiz ! Shuningdek bilingizki, albatta Alloh g‘aniy   va maqtovga loyiq zotdir!” (Baqara  surasi, 267-oyat).

Shuningdek, mashhur musaffir Imom Bag‘aviy shunday deydi: “Bu oyati karimadan kasb-hunardan topilgan narsalarning  eng yaxshisidan sadaqa – ehson qilinglar, degan ma'no anglanadi”. Abdulloh ibni Mas'ud va Mujohid (r.z) lar aytadi:  “Oyatning mazmunida “Tijorat va sanoat yo‘li bilan kasb etilgan halol narsalardan sadaqa qilinglar”, deyilmoqda. Bu oyati karima yana kasb – hunar qilish muboh  ya'ni mumkinligi, ular yaxshi va yomonga bo‘linishiga ham  dalolat qiladi.

Alloh taolo barchamizni kasbu–korimizga fayz baraka berib, rizqimizni halol yo‘llar bilan topishimizga O‘zi yoru madadkor bo‘lsin!

Rustamxon ERGASHYEV - Oqdaryo tumani  “Qum”  jome masjidi imom xatibi 


Kiritilgan vaqti: 19/12/2019 14:57;   Ko‘rilganligi: 2854
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/kasb-hunar-fazilati
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 13:29
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing