O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Жамият

IBODAT

 
 

Ibodat ne? Yaratganga itoat ham ibodatdir,
Haqiqiy bandalik birlan sadoqat ham ibodatdir.
Ibodatdir, tiriklikni etolsang ma'rifat bog‘i,
Mashaqqatlik ilm, san'at, qiroat ham ibodatdir.

Onang birlan otang qalbi o‘tar Ka'ba tavofidan,
Alar ko‘nglini shod etsang, shu xizmat ham ibodatdir.
Xabar oldingmi bemordan,qarindosh, do‘st, musofirdan?
Birovni yo‘qlasang dildan, ziyorat ham ibodatdir.

Umrni etmayin isrof,o‘zing ro‘za, vujuding sof,
Agar pok holda uxlarsen,shu rohat ham ibodatdir.
Mudom Allohni zikr etsang,halol boriga shukr etsang,
Qiyomat kunni fikr etsang,tijorat ham ibodatdir.

Butun borliq, nabotot ham Yaratganga etar tasbih,
Bobo dehqon ekib yursa, ziroat ham ibodatdir.
Ibodatdir, biror zolim,jafokorga desang haq so‘z,
Va nodonga sukut qilsang,sukunat ham ibodatdir.

Agar jufti halol birla ko‘ngilxushlik etar bo‘lsang,
Falak shohid, malak hozir, bu suhbat ham ibodatdir.
Bu Islomdir, butun umring ibodat holiga kelgay,
Va ogohlik bilan o‘tgan shu fursat ham ibodatdir.

Tamal – iymonu ixlosdir, bu qullik bandaga xosdir,
Xudo deb qilganing har ish va niyat ham ibodatdir.
Sevib, Mirzo, faqat do‘stlik bilan dillarni obod et,
Agar Alloh uchun sevsang, Muhabbat ham ibodatdir!..


Kiritilgan vaqti: 01/12/2018 00:00;   Ko‘rilganligi: 3358
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/society/ibodat
Chop etilgan vaqti: 19/05/2024 05:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing