Tasavvur qilib ko‘ringchi!
Alloh taolo Qur'oni Karimda Nabiy sollallohu alayhi vasallam haqlarida shunday marhamat qilgan:
وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ
“Va albatta, sen ulkan xulqdasan” (Qalam surasi, 4-oyat).
Ha, u zot alayhissalom barcha go‘zal xulqlar bilan ziynatlangan edilar. Ana shunday go‘zal xulqlaridan biri kattayu kichikka birdek salom berishlaridir.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Rosululloh sollalohu alayhi va sallam bir bolaning oldidan o‘tdilar va unga salom berdilar».
Imom Muslim rivoyatlari.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Bu yosh bola-ku. Shunga salom beramanmi?” demasdilar. Balki hammaga salom berardilar. Biz ham bu sunnatga amal qilib, kattayu kichikka salom berishni keng yoyishimiz kerak.
O‘sha bola naqadar baxtli ekan-a?! Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga salom bergan ekanlar.
Tasavvur qiling, ko‘chada ketyapsiz. Yoningizdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tayotganlarida sizga “Assalomu alaykum va rohmatullohi va barokatuh” deya salom beryaptilar.
Tasavvur qilyapsizmi?! Robbul olamiynning Habibi, ikki olam sarvari, barcha Payg‘ambarlar alayhimussalomning gultoji bo‘lgan zot sizga salom beryaptilar.
Nima ahvolga tushardingiz? O‘sha onda nimalarni his qilardingiz? “Va alaykum assalom va rohmatullohi va barokatuhu” deb yo‘lingizda davom etarmidingiz yoki to‘xtab, u zot alayhissalomning bag‘rilariga o‘zingizni otarmidingiz?
O‘ylab ko‘rishga, ko‘z oldingizga keltirishga urinib ko‘ring-chi!
O‘ylab ko‘rdingiz-a? Tasavvurning o‘zi bilan boshqacha hislar chulg‘ab oldimi? Endi sahobai kiromlar u zot sollallohu alayhi vasallamni har kuni ko‘rishgan, suhbatlashishgan, qo‘llaridan tutishgan. Ularning maqomlarini, qanchalik saodatli davrda yashashganini anglayapsizmi?
Alloh taolo barchamizga sevikli Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning barcha sunnatlariga ixlos bilan amal qilib, bu dunyoda u zot sog‘ingan ummatlaridan, oxiratda esa shafoatlariga erishuvchilardan bo‘lishimizni nasib etsin!
Nozimjon Hoshimjon tayyorladi
Manba: Muslim.uz
Kiritilgan vaqti: 04/11/2019 17:08; Ko‘rilganligi: 1853
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 15:49