O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Shukr qilib yashaylik!

 
 

Alloh taolo insoniyatni maxluqotlar ichida eng mukarrami qilib qo‘ydi hamda ko‘pgina ne'matlari bilan ne'matlantirdi. Shuning bilan birga shu ne'matlariga shukr qilishni ham O‘z kalomida ta'kidlab o‘tdi. Jumladan, Alloh taolo Qur'oni karimda shunday marhamat qiladi: “Yana Robbingiz e'lon qilgan (bu so‘zlar) ni eslangiz: «Qasamki, agar (bergan ne'matlarimga) shukr qilsangiz, albatta, (ularni yanada) ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim (ham) juda qattiqdir”.

Ne'matlarga shukr qilib yashash, nolimaslik, boriga qanoat qilib yashash kabi tushunchalar bizlarga qadimdan ota-bobolarimiz o‘gitlari-yu nasihatlari orqali ongu shuurimizga singib ketgan. Biz bu amal nihoyatda savobli amal ekanini yaxshi bilamiz. Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda oramizda Alloh taoloning biz bandalariga in'om etgan bu cheksiz ne'matlariga shukr qilmasdan, boriga qanoat qilib yashamasdan gunohkor bandalar qatorida bo‘lib qolayotgan kishilar ham yo‘q emas. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z hadisi-shariflarida shunday marhamat qiladilar: “Isitma qilganingizda noshukr qilib so‘kmang, Allohga qasamki, albatta isitma mo‘min bandaning gunohini ketkazadi, go‘yoki olov temirning zangini ketkazgani kabi”.

Agar biz noshukrlik qilib, yashayotgan holimiz, kunimizga shukr qilmay kun kechiradigan bo‘lsak, oilamizdan baraka ko‘tarilar ekan. Demak, butun bir jamiyat shunday yashasachi? Unda butun bir jamiyatdan, yurtdan baraka ketadi azizlar!

Tarixga nazar soladigan bo‘lsak, har qanday qanday tahlikali, ochlik davrlarida ham ota-bobolarimiz hech qachon noshukrlik qilmaganlar. Hattoki, ustlariga kiyadigan kiyimlari bo‘lmasa ham sabr qilib, Allohdan so‘raganlar. Bunday xayrli amallari o‘laroq, hularning hayotlarida, oilalarida baraka ziyodasi bilan bo‘lganligi barchamizga ma'lum. Shunday ekan azizlar, Allohning ne'matlariga shukr qilib, bor bo‘lganda shukr qilib, yo‘qchilikda sabr qilib yashaylik. Shundagina biz Alloh taoloning suygan bandalari qatorida bo‘lamiz insha Alloh. Alloh taolo barchalarimizni O‘zining ne'matlariga shukr qiluvchi bandalaridan qilsin!!!

Isroil Amirillayev Paxtachi tumani bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 28/04/2020 14:10;   Ko‘rilganligi: 1992
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/shukr-qilib-yashaylik
Chop etilgan vaqti: 09/11/2024 01:31
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing