O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

SAVOB ISHNI HAR KIM, HAR KUNI QILISHI KERAK

 
 

Istiqlol yillarida serquyosh diyorimizda milliy va diniy qadriyatlarimiz qayta tiklandi. Mustabid tuzum davrida omborxonalarga aylantirilib deyarli tashlandiq holga kelib qolgan masjidlar qayta tiklanib ehtiyojga yarasha yangilari qurilib zamon talablari asosida jihozlanmoqda. Asosiy qonunimizda vijdon erkinligi kafolatlab qo‘yildi. Hohlovchilar uchun muborak haj va muborak umra ziyoratlariga sharoitlar yaratildi. Diniy adabiyotlar nashri yo‘lga qo‘yilib paydar-pay chop etilib turilibdi.

Muborak Ramazon hayiti, Qurbon hayiti kunlari dam olish kunlari deb e’lon qilindi. Bu bayramlarning xalqimiz tomonidan yuqori kayfiyatda nishonlanishi uchun davlatimiz kerakli barcha chora-tadbirlarni belgilab g‘amxo‘rliklar ko‘rsatib kelmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 1 iyundagi PQ-2538 sonli “Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida” gi qarori, hamda shu qaror ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat hokimligining 2016 yil 6 iyundagi № 06/3-322 sonli yig‘ilish qarorlarining qabul qilinishi yuqoridagi fikrimizning yorqin dalilidir.

Darhaqiqat, yaqindagina oylarning sayyidi, sarvari, o‘n bir oyning sultoni, Alloh taoloning muqaddas kalomi nozil bo‘lgan oy – Mohi Ramazonda Alloh ato etgan ne’matlardan bahramand bo‘ldik. Yaratganning o‘ziga beadad shukronalarimiz bo‘lsinki, ushbu oyni tinchlik-osoyishtalikda, xotirjamlikda o‘tkazdik. Bu oyning har bir lahzasini g‘animat bilib, ezgu amallarni ado etishga harakat qildik. Chunki Alloh inson zotini azizu mukarram qilib yaratdi. Unga aqlu-idrok berdi, aqidasi sof, qalbi pok, jismi toza bo‘lishini ilohiy ta’limoti orqali bildirdi, hatto mol-dunyosi ham pok va barakali bo‘lishi uchun unga zakotni farz qildi.

Darhaqiqat, qaysi jamiyat bo‘lsa ham unda kam ta’minlangan, ijtimoiy jihatdan ko‘makka muhtoj, jismoniy imkoniyati chegaralangan toyifadagi kishilar uchraydi. Unda ijtimoiy adolatni barpo etishda zakotning o‘rni shubhasiz, muhimdir. Buni barcha tadbirkor, ishbilarmon va ishlab chiqarish korxonalari egalari va boshqalar yaxshi bilishlari zarur.

Zakot berish va olish kishilarda bunyodkorlik ruhini vujudga keltiradi, ulardan hayot qiyinchiliklarini, iztirob va mashaqqatlarini ketkazadi, buzg‘unchilik, hasadni yo‘qotadi. Jamiyat a’zolari o‘rtasida o‘zaro rahm-shafqat, mehribonlik, tenglik, adolat va muhabbatni yuzaga keltiradi. Zakot olgan kishilarda xarid quvvati oshib, qo‘llaridagi mablag‘ga biror narsa sotib olish imkoniyati vujudga keladi. Demak, zakot jamiyatdagi moliyaviy holatlarga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Ko‘plab iqtisodiy, moddiy va ijtimoiy muammolarni bartaraf etishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasining Samarqand viloyat vakilligi tomonidan homiylar yordamida ushbu muborak oyda tashkil etilgan xayriya tadbirlari aynan shunday yo‘nalishdagi tadbirligi bilan e’tiborga molikdir. Chunonchi, Samarqand shahrining So‘zangaron, Bahor, Eski hazora, Maxmud Qoshg‘ariy, Maqsud Shayxzoda, Tutzor, Bog‘ishamol mahallararida, Urgut tumanining 5ta mahallasida, Payariq tumanining Alisher Navoiy va Ilg‘or mahallalarida istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan oilalapr ohvolidan xabar olindi. Ularga oziq-ovqat, keyim-kechak, shuningdek, “Hidoyat” jurnali, “Islom nuri” gazetasining bir necha sonlari viloyat bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi N.Temirova tomonidan topshirildi.

Alloh barchalarimizning tutgan ro‘zalarimiz, qilgan xayru-ehsonlarimizni dargohida qabul etib muborak Ramazon oyining fayzu futuhidan bahramand aylagan bo‘lsin.


Kiritilgan vaqti: 11/07/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3096
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/savob-ishni-har-kim-har-kuni-qilishi-kerak
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 16:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing