O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Saodat Allohga qaytishdadir

 
 

Nihoyada zafar topishning alomatlaridan biri boshlanishda Alloh taologa qaytishdir.

Har bir narsaning avvalida Alloh taologa qaytish (tavba qilish) ila, U Zotga suyangan holda, U Zotning O‘zidangina najot kutgan holda U Zotning shariati asosida ish yuritilsa, uning oqibati zafar bilan tugashi muqarrardir.

Bunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak olib, «Agar Allohdan bo‘lsa, O‘zi oxiriga yetkazadi», deyish lozim bo‘ladi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi:

«Rasululloh sollallohu alayhi vasallam dedilar:

«Menga uch kecha tushimda ko‘rsatilding. Farishta seni menga yashil harir matoga solib, olib kelar va «Mana shu sening ayoling», der edi. Yuzingni ochsam, sen bo‘lar eding. O‘zimcha: «Agar bu Allohning O‘zidan bo‘lsa, oxiriga yetkazar», der edim».

Buxoriy, Muslim va Termiziy rivoyat qilganlar.

Bunda Nabiy sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislariga to‘liq amal qilish kerak bo‘ladi.

Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Bir kuni Nabiy alayhissalomning ortlarida (mingashib ketayotgan) edim. Bas, u zot:

«Ey g‘ulom! Men senga kalimalarni o‘rgataman. Allohni (amrini) muhofaza qilgin, U Zot seni muhofaza qiladi. Allohni(ng amrini) muhofaza qilgin, U Zotni ro‘parangda topasan. Qachon so‘rasang, Allohdan so‘ra. Qachon ko‘mak istasang, Allohdan ko‘mak ista. Va bilki, agar butun ummat senga biror narsada manfaat berish uchun jamlansa ham Alloh senga yozgan narsadan boshqa manfaatni bera olmaslar. Agar ularning hammasi senga biror narsada zarar yetkazish uchun jamlansa ham Alloh senga yozgan narsadan boshqa zararni yetkaza olmaslar. Qalamlar ko‘tarildi va sahifalar quridi», dedilar».

Termiziy rivoyat qilgan.

Ushbu nabaviy ko‘rsatma asosida ish boshlagan odamning ishining oqibati zafar bilan tugashi muqarrardir. Chunki Alloh taolo bilan boshlangan narsa Alloh taoloning O‘ziga borib tugaydi.

Har bir ishni boshlashda Alloh taologa ruju qilish – qaytish Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashib istixora qilishdan boshlanadi.

«Istixora» so‘zi lug‘atda «xayrni talab qilish» degan ma’noni anglatadi. Musulmon kishi ikki ishdan qaysi birini qilishini bilmay qolganida xayrlisini tanlash uchun istixora namozi o‘qiydi. Bu namozni har bir ishdan oldin o‘qish mustahabdir.

Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam bizga hamma ishlarda istixora qilishni xuddi Qur’ondan surani o‘rgatgandek o‘rgatar edilar. U zot:

«Qachon birortangiz bir ish qilmoqchi bo‘lsa, farz namozdan boshqa ikki rak’at namoz o‘qisin. So‘ng: «Allohim! Albatta, men Sendan ilming ila istixora qilaman. Sening qudrating ila qudrat so‘rayman. Sening ulug‘ fazlingdan so‘rayman. Chunki Sen qodirsan, men qodir emasman. Sen bilursan, men bilmasman. Sen g‘ayblarni yaxshi biluvchi Zotsan.

Allohim! Agar ushbu ish menga dinimda, hayotimda va ishimning oqibatida (oxiratimda) (yoki «hozirgi ishimdayu kelgusida» dedilar) yaxshi ekanini bilsang, uni menga taqdir qilgin, menga oson qilgin, so‘ngra uni men uchun barakali qilgin. Agar ushbu ish men uchun dinimda, hayotimda va ishimning oqibatida (oxiratimda) – yoki «hozirgi ishimdayu kelgusida», dedilar – yomon ekanini bilsang, uni mendan burib yubor, meni undan burib yubor. Va menga qayerda bo‘lsa ham yaxshilikni taqdir qil. So‘ngra meni unga rozi qil», desin va hojatini aytsin», dedilar».

Buxoriy, Abu Dovud, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilganlar.

Ushbu namozni o‘qigandan keyin mazkur ish haqida o‘ylamay, Alloh ixtiyor qiladigan narsa kutib yuriladi. Keyin ko‘ngilga tushib, o‘ziga ma’qul bo‘lib, qilgisi kelib qolsa, o‘sha ish qilinadi. Bu haqda tush ko‘rish ham mumkin. Agar ish bir tarafga bo‘lmay, turib qolsa, istixora namozi yana qaytadan o‘qiladi. Qayta o‘qish yetti martagacha bo‘lishi mumkin. Istixora namozining birinchi rak’atida Fotiha surasidan keyin Kafirun surasi, ikkinchi rak’atida Ixlos surasi o‘qiladi.

Ko‘rinib turibdiki, istixora namozi ham boshqa namozlar kabi bandani Alloh taologa bog‘lovchi omildir, bir ishni qilmoqchi bo‘lganda Alloh taoloning o‘ziga yolvorib, yaxshi yo‘l ko‘rsatishni so‘rashdir. Bu ma’no esa musulmon kishi hayotida namozning o‘rni qanchalar muhim ekanini yana bir bor ko‘rsatadi. Musulmon kishi hatto qiladigan dunyoviy ishida ham dunyoning Xoliqi va Boshqaruvchisi – Alloh taoloning O‘zidan maslahat so‘rash imkoniga egadir.

So‘ngra Alloh taolodan ko‘mak, muvaffaqiyat va yaxshi natija tilagan holida qilinajak ishga oid bo‘lgan sabablarni ishga solib, harakatni boshlaydi. Agar o‘sha ishda yaxshilik bo‘lsa, Alloh taolo uni bandasiga oson qiladi va zafar beradi. Agar mazkur ishda yaxshilik bo‘lmasa, uni banda bilmagan tarafdan boshqa yoqqa burib qo‘yadi. Ana o‘shanday burib qo‘yishning o‘zi ham katta yaxshilikdir.

Shu bilan birga, ojiz banda ko‘zlagan reja harfma-harf ro‘yobga chiqishi ham shart emas. Alloh taolo O‘zining azaliy ilmi ila O‘ziga suyanib ish ko‘rgan bandasining yaxshi natijaga erishishini bandaning o‘zi ko‘zlagan tarafdan tamoman boshqa taraf orqali bo‘lishini iroda qilishi ham mumkin. Buning misoli hayotda juda ko‘p uchraydi. Ammo odamlar unga alohida e’tibor bermaydilar.

Yosh yigit o‘zi rejalashtirgan o‘qishga kirish uchun boradi. Qandaydir sababga ko‘ra o‘sha o‘qishga kira olmaydi. Odamlardan uyalib, vaqtim behuda o‘tmasin deb yoki boshqa bohona bilan o‘zi o‘ylamagan sohaga oid o‘qishga kiradi. Alloh taoloning yordami ila o‘sha sohaning yetuk mutaxassisi bo‘lib, dunyoga taniladi.

Savdogar uzoq vaqt tayyorlanib, sarmoya yig‘ib, reja tuzib, ma’lum molni keltirib, katta foyda topishni rejalashtiradi. Ammo borgan joyida o‘sha molni topa olmaydi. Quruq qaytmay, hech bo‘lmaganda yo‘lkiramni chiqarib olay, deb boshqa molni keltiradi. Alloh taoloning fazli ila katta foyda topadi va o‘sha mol savdosi bo‘yicha vatanida mashhur savdogarga aylanadi.

Ba’zi ulamolar ushbu hikmatda ko‘zlangan narsa faqat bandaning alohida ishlariga xos bo‘lmay, balki butun umriga ham tegishli ekanini aytadilar. Ya’ni inson yoshligidan taqvo va ibodat ila, Alloh taoloning oxirgi va mukammal dini – Islom asosida hayot kechirib borsa, oqibati go‘zal bo‘lishini tajriba ko‘rsatganini ta’kidlaydilar.

Xalqimizdagi «Bo‘ladigan bola boshidan ma’lum» degan hikmatli so‘z ushbu mavzuda aytilgan bo‘lsa, ajab emas.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning quyidagi hadislarida ham oqibati yaxshi bo‘ladigan abrorlarning ichida yoshligidan Alloh taoloning ibodatida o‘sgan yosh yigit ham borligi yuqoridagi fikrni tasdiqlaydi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

«Nabiy sollallohu alayhi vasallam:

«Alloh yetti kishini O‘z soyasidan boshqa soya yo‘q kunda soyasiga olur: odil imom, Robbining ibodatida o‘sgan yosh yigit, qalbi masjidlarga bog‘liq kishi, Allohning yo‘lida bir-birini yaxshi ko‘rib, Alloh uchun jam bo‘lib, Alloh uchun ajrashadigan ikki kishi, mansab va husni-jamol egasi bo‘lgan ayol o‘ziga chaqirganda «Men Allohdan qo‘rqaman», degan odam, sadaqani maxfiy qilib, hatto o‘ng qo‘li qilgan nafaqani chap qo‘li bilmay qolgan odam va Allohni yolg‘iz holida zikr qilganida ko‘zidan yosh oqqan odam», dedilar».

Buxoriy, Muslim, Termiziy va Nasoiy rivoyat qilganlar.

«Allohning soyasidan o‘zga soya yo‘q kun» qiyomat kunidir.

Qiyomat kuni shiddatli issiq bo‘lib, hamma o‘zi uchun soya izlab qoladi. O‘shanda Allohning soyasidan o‘zga soya bo‘lmaydi. Allohning soyasiga esa hamma ham o‘zini ololmaydi. Alloh O‘zi xohlagan bandalarinigina O‘z soyasiga olur.

Ushbu hadisda o‘sha dahshatli qiyomat kunida Alloh O‘z soyasiga oladigan odamlardan yetti toifasining zikri kelmoqda, o‘sha saodatmandlardan biri:

«Robbining ibodatida o‘sgan yosh‎ yigit».

Insonning yoshligida qilgan toat-ibodati alohida tahsinga sazovordir. Qarib-horib, hech narsaga yaramay qolganda, noiloj qolib o‘zini ibodatga urish oson narsa. Ammo yoshlik g‘ururini yengib, turli orzu-havas va shahvatlarni hamda havoi nafsni yengib, yoshlikdan toat-ibodatni to‘la ado etib o‘sib borish haqiqiy qahramonlikdir. Shuning uchun ham Islomda yoshlikdan toat-ibodat bilan o‘sishga qattiq ahamiyat beriladi.

Alloh taolo barchamizga Allohga ruju qo‘yish ila barcha vaqt va holatlarda zafar topishimizni oson qilsin!

manba: islom.uz


Kiritilgan vaqti: 14/08/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4108
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/saodat-allohga-qaytishdadir
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 21:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing