O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz to‘liq berilur

 
 

Taqdir ishi yuzaga chiqqan paytda Allloh azza va jallaga etiroz qilish kishining dinini o‘ldiradi, tavhid, ixlos va tavakkulni barbod etadi. Qalb va nafs bir-biri bilan bahs qilguvchi va muxolif bo‘lguvchidur. Kim qalbni isloh qilmoqni iroda etsa, uni yomonlikdan saqlashga tirishsin. Nafsning yomonligi boshqa yomonliklardan ashaddiyroqdir. Uning ustida jiddu jahd qilinsa, nafs xotirjam bo‘lib, yaxshilik ichida qoladi. Natijada ibodatlarga rag‘batli va gunohlarni tark qilishga moyil bo‘ladi.

Alloh taolo nafs haqida:

"Ey (Allohning zikri bilan) xotirjam sokin nafs. Sen (Alloh ato etgan ne'matlardan) rozi bo‘lgan (va Alloh taolo tomonidan sening amallaringdan) rozi bo‘lingan holda Parvardigoring (huzuri)ga qayt! Bas, (solih) bandalarim qatorga kir" (Fajr, 27-29), deydi.

Ehtirosini jilovlagan qalbdan yomonliklar ketadi. Ibrohim alayhissalom mushriklar qo‘lida tang ahvolga tushib qolgan edilar. Ular Ibrohim alayhissalomni olovga tashlamoqchi bo‘lib turganlarida farishtalar kelib, u kishiga yordam berishni taklif qilishganida u zot: "Sizlardan biror ko‘mak istamayman. Robbimning holimni bilib turishi yordam so‘ramoqdan meni behojat qildi",- dedilar. Olovga qarata: "Ey olov, sen Ibrohimga salqin va salomatlik bo‘l!" (Anbiyo, 69) - deyildi. Alloh taoloning sabr qiluvchilarga dunyoda beriladigan yordami va oxiratdagi nemati hisobsizdir.

Alloh taolo shunday marhamat qilgan:  

"Albatta, sabr qilguvchilarga ajrlari hisobsiz to‘liq berilur" (Zumar,10).

   Alloh uchun bir soat sabr qilsangiz, Uning lutf va nematlariga yillar moboynida guvoh bo‘lasiz.

"Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir" (Baqara, 153).

"... Va Sabr qiling. Albatta, Alloh sabr qiluvchilar bilandir "(Anfol,46).

Allohning nusrati va yordami ila sabr qiling. U uchun bedor bo‘ling, g‘aflatda qolmang. Ogohlikni o‘limdan keyinga tashlab qo‘ymang, chunki u vaqtdagi ogohlik sizga foyda bermaydi. U zotga yo‘liqishdan oldin Unga ahamiyat qarating. Nadomat foyda bermaydigan vaqtdagi pushaymonlikdan oldin ogoh bo‘ling. Qalblaringizni isloh qiling ,chunki qalb to‘g‘ri bo‘lsa, qolgan barcha holatlar to‘g‘ri bo‘ladi. Shuning uchun Payg‘ambarimiz alayhissalom: "Odam bolasida bir parcha go‘sht bor. Agar u to‘g‘ri bhlsa, jasadning qolgan azolari ham to‘g‘ri bo‘ladi. Agar u buzilsa, butun jasad buziladi. Ogoh bo‘ling, u qalbdir",- deganlar ( Imom Buxoriy rivoyati).

Qalbning islohi taqvo, Allohga tavakkuldir, Allohni bir deb bilish - amallarni ixlos bila nado etish orqali bo‘ladi. Aks holda qalb buziladi. Ey birodarlar! Solih bandalar Alloh uchun qanday e'tiqod va amalda bo‘lgan bo‘lsalar, siz ham shunday bo‘lishga harat qiling. Shunda Alloh ham sizlarga ularga muomala qilganidek muomala qiladi. Agar Alloh azza va jallaning siz tomonda bo‘lishini xohlasangiz, toat va sabr bilan mashg‘ul bo‘ling. Uning sizga va boshqalarga nisbattan qilgan ishlariga rozi bo‘ling.

Ey Allohim, azolarimizni ibodating, qalblarimizni marifating bilan mashg‘ul qilgin. Butun hayotimiz davomida kecha va kunduzlarimizni O‘zinga ibodatda mashg‘ul ayla. O‘tmishdagi solih zotlarga bizlarni ergashtir. Ularni rizqlantirgan nematlaring bilan bizlarni ham rizqlantir, ularga omonlik berganikdek bizga ham omonlik, xotrjamlik ber. Butun dunyo xalqlari qatorida, jonajon O‘zbekiston fuqrolarini ham Allohim O‘zing o‘z panohinda asra, bemorlarga shifo ber, Yurtboshimiz boshchilik barcha xalqim deb, kechayu-kunduz  beminnat xizmatga bel bog‘lagan rahbarlarimiz, shifokor va tadbirkorlar, barcha fidoyi insonlarga O‘zing madadkor bo‘l.

     To‘lqin Isayev – Urgut tuman «G‘avsul Azam» jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 08/04/2020 10:59;   Ko‘rilganligi: 1875
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/sabr-qilguvchilarga-ajrlari-hisobsiz-toliq-berilur
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 14:13
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing