O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

RAMAZON HAYITINGIZ MUBORAK BO‘LSIN!

 
 

Jannatmakon o‘lkamizning mo‘min-musulmonlari oylarning sayyidi bo‘lgan Ramazon oyini nihoyatda ko‘tarinki ruhda, kechalarini toat-ibodat, kunduzlarini ro‘zador holda fayzu futuh bilan o‘tkazishdi. Bu oyni solih amallar va Alloh roziligi yo‘lidagi ibodatlar oyiga aylantirishdi. Alhamdulillah, Alloh taolo va'da qilgan buyuk mukofotni qabul qilish kuni "Iydi-Fitr", ya'ni Ramazon hayiti kabi ulkan shodiyona kun arafasida turibmiz.

Ramazon hayitini dunyodagi millionlab musulmonlar qatori yurtimiz mo‘min-musulmonlari ham katta shodiyona va xursandchilik bilan o‘tkazadigan muborak ayyomdir. Chunki ushbu kun tutgan ro‘zalarimiz qabul etiladigan, Allohning rahmati va fazli yer yuziga mo‘l-ko‘l yog‘iladigan, Allohga qullik va itoatda qalblarimiz zavqlanadigan ajoyib vaqtdir. Shu bois Islomning shiori bo‘lgan ikki bayramda, Ramazon hayiti va Qurbon bayramida xursandchiligimizni, saxovatimizni va yuksak odob-axloqimizni har qachongidan ko‘ra ko‘proq izhor qilishimiz kerak.

Alloh taolo O‘zining muborak Kalomida shunday marhamat qilgan:

“Ayting: Allohning fazli va rahmati bilan, bas, (albatta), shular sababli (mo‘minlar) shodlansinlar! U to‘plagan narsa (boylik)laridan yaxshiroqdir” (Yunus surasi, 58-oyat).

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qiladilar: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallam Madinaga kelganlarida madinaliklarning ko‘ngilochar ikki kunlari bor edi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Bu qanday kunlar?” deb so‘radilar. Ular: “Johiliyatda bu kunlari ko‘ngillarimizni xush qilardik”, deyishdi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Alloh taolo bu ikki kunni ulardan ham yaxshi qurbonlik va fitr kunlariga almashtirdi”, dedilar” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari).

Barchaga ma'lumki, bugungi kunda butun dunyo bo‘ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus kasalligi keng tarqaldi. Hozir insoniyat murakkab davrni boshidan kechirmoqda. Yurtimizda epidemiologik vaziyatni jilovlash, aholi salomatligini har tomonlama himoya qilish uchun barcha choralar ko‘rilmoqda. Yurtimizda bu kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida karantin va bir qator cheklovlar joriy etildi.        

Qat'iy karantin choralarini qo‘llash bilan mamlakatda kasallikning qayd etilgan holatlariga nisbatan ham, kunlik yangi holatlar ham past darajada saqlanib turibdi. Yurtimiz ushbu ofatdan ortiqcha talafotlarsiz chiqishga erishmoqda va vaziyat barqarorlashgani sari karantin choralari sekin-asta yumshatilmoqda. Lekin, butun dunyoning ko‘plab mamlakatlarida yangi turdagi koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat keskinligicha qolmoqda.

Bayon etilganlardan kelib chiqib, 2020 yilgi Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini pandemiya davrida jamoat bo‘lib o‘qish imkoniyati mavjud emasligi, mo‘min-musulmonlarning zimmasidan ushbu ibodatni soqit qiladi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo‘yicha fatvosi va Ramazon oyini o‘tkazish haqidagi bayonotida qayd etilganidek, epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda juma namozi o‘rniga uyda peshin namozini, besh vaqt namoz va Ramazon oyidagi tarovih namozini uyda o‘qish haqidagi tavsiyalar ayni Ramazon hayiti namoziga ham tegishlidir. Ramazon hayiti kunlari epidemik holat mavjudligi va odamlarning hayotiga xavf saqlanib qolishi sababli juma va boshqa namozlar kabi Iyd namozini ham jamoat bo‘lib o‘qishning iloji bo‘lmaydi.

Yuqoridagi bayon etilganlardan kelib chiqib, shariat insonga zarar yetish ehtimoli kuchaygan paytda ibodatlarni yengil tarzda bajarishga ruxsat beradi yoki butunlay zimmadan soqit qiladi. Iyd namozi vojib amal bo‘lgani bois bugungiday uzrli holatlarda hayit namozi ado etish soqit bo‘ladi.

Mavjud vaziyat taqozosidan kelib chiqib, Ramazon hayiti namozi ado qilinmasa ham bayram kayfiyatini saqlab qolish uchun Hazrati Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning bir sunnatlarini hayotga joriy etish maqsadga muvofiqdir. Abu Sa'id raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh sallallohu alayhi vasallam Iyd namozidan avval nafl namoz o‘qimasdilar. Qachon uylariga qaytsalar ikki rakat namoz o‘qirdilar” (Imom Ibn Moja rivoyati).

Hanafiy mazhabining mo‘tabar fiqhiy manbalaridan biri bo‘lmish “Majma'ul anhur” kitobida shunday deyiladi:

 “Ma'lum bo‘lsinki, hayit namozi Zuho (choshgoh) namozining o‘rniga qo‘yilgan. Qachonki, hayit namozi biror uzr sababli o‘qilmay qolsa, ikki yoki to‘rt rakat nafl namoz o‘qish mustahab bo‘ladi. To‘rt rakat o‘qigan afzal”.

Bayon etilgan shar'iy dalil va hujjatlardan kelib chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi karantin sharotida Ramazon hayitini nishonlash bo‘yicha quyidagi tavsiyani taqdim etadi:

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi fatvosi asosida masjidlarda karantin davrida vaqtincha jamoat namozlari to‘xtatilganini inobatga olgan holda Ramazon hayiti (Iydul fitr) namozini o‘qish ham mo‘min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo‘ladi. Yurtdoshlarimizga hayit kuni quyosh terak bo‘yi ko‘tarilgandan keyin ya'ni, quyosh chiqqandan yarim soatdan so‘ng 2020 yil 24 may soat 5:30 o‘z xonadonlarida to‘rt rakatli nafl namozi o‘qishlari tavsiya etiladi.

Alloh taolo barchalarimizga Ramazon hayitini muborak qilsin! Bu kunni bayram qilib, savobli amallarni ko‘plab qilishni Yaratganning o‘zi nasib aylasin! Yurtimiz tinchligini bardavom qilib, xotirjamlikda ibodat qilib borishni barchalarimizga nasib etsin! Omin.

Zayniddin domla Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 22/05/2020 11:11;   Ko‘rilganligi: 1678
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ramazon-hayitingiz-muborak-bolsin
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 17:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing