O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Payg‘ambarimiz alayhissalomning odob axloqlari

 
 

Bizlarni payg‘ambarlarning oxirgisi bo‘lgan Muhammad alayhissalomning ummatlaridan qilgan Alloh taologa cheksiz hamdu-sanolar bo‘lsin.

Hayotlarining har bir lahzasi biz uchun ibrat manbai bo‘lgan habibimiz va shafoatchimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamga salovotu salomlar bo‘lsin.

Suyukli Payg‘ambarimiz alayhissalomning odob-axloqlari haqida so‘z ketar ekan albatta, u zotda barcha mo‘min – musulmonlar uchun go‘zal o‘rnak bor. Bu haqda Alloh taolo “Ahzob” surasining 21-oyatida shunday marhamat qiladi: “Batahqiq, sizlar uchun, Allohdan va oxirat kunidan umidvor bo‘lganlar uchun va Allohni ko‘p zikr qilganlar uchun Rasulullohda go‘zal o‘rnak bor edi.”

Darhaqiqat, Alloh taolo yaratgan bandalari ichida eng afzali, payg‘ambarlarning eng oxirgisi va mukammali bo‘lgan Muhammad alayhissalomning muborak hayotlari nafaqat musulmonlar uchun balki, barcha insoniyat uchun o‘rnak ekanligiga zarracha ham shubha yo‘q.

Payg‘ambarimiz alayhissalomning kattami-kichikmi, boymi-kambag‘almi ajratmasdilar, uchragan odamga birinchi bo‘lib salom berar edilar. Hatto yosh bolalarga ham oldin salom berardilar. Salomni jamiyatning jipsligini ta’minlovchi omil, o‘zaro mehr-oqibat deb uqtirardilar va bu narsada o‘zlari go‘zal o‘rnak ko‘rsatardilar.

U zot faqirlarni va miskinlarni yaxshi ko‘rar, ular bilan birga o‘tirar, kasallarini ko‘rgani borar, janozalariga qatnashar edilar.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam faqir-miskin, beva-bechoralarning holidan xabar olib va sahobalarni ham shunga buyurar edilar. Beva-bechoralar va miskinlar bilan birga yurib, ularning hojatlarini chiqarishda yordam berardilar. Ammo odamlar orasida shunday kishilar borki yo‘qsil, nochor odamlar bilan birga o‘tirib, birga yurish u yoqda tursin, ular bilan ko‘rishishni o‘ziga or deb biladi. Lekin oxirgi zamon payg‘ambari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam esa qul-cho‘rilar, yo‘qsil odamlar bilan birga o‘tirib, birga yurar hamda ularning og‘irini yengil qilardilar.

Birorta cho‘ri kampir Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qo‘lidan ushlab Madinada xohlagan joyiga boshlab borib, iltimosini bitirishi mumkin edi. U zot alayhissalom bundan aslo bosh tortmas edilar. Payg‘ambarimiz alayhissalomning bu ishlari haqida Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Aqlida noqisligi bor bir ayol: “Ey Allohning Rasuli, sizda hojatim bor” dedi. U zot: “Ey Ummu Falon, qaysi ko‘chadan yurasan? Sening hojatingni ravon qilay” dedilar. So‘ngra u hojatidan forig‘ bo‘lguncha ko‘chalarning birida u bilan birga ketdilar.” Muslim rivoyati.

Hadisning sharhi quyidagicha: Xabarlarda kelishicha o‘sha ayolning ismi Ummu Zufar bo‘lib, Xadija onamizning sochlarini tarab qo‘yadigan ayol bo‘lgan. Bir oz aqli zaifroq bu ayol Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, bir ehtiyoji borligini aytdi. Payg‘ambarimiz alayhissalom uning ko‘ngliga qarab, u yuradigan ko‘chaga burilib, uning arzini eshitib ketaveribdilar.

Shuningdek mahbub Payg‘ambarimiz alayhissalom chiroyli xulq egasi bo‘lganlar. U zotning xulqlarini ta’riflashga inson tili ojizlik qiladi. Bu borada Alloh taolo O‘zining kalomida shunday xitob qiladi: “Va albatta siz ulug‘ xulqdasiz” (Qalam surasi 4-oyat). Alloh taolo bu oyati karimada Payg‘ambarimiz alayhissalomning xulqlarini ulug‘lik bilan sifatlab naqadar chiroyli xulq egasi ekanliklarini ta’kidlamoqda. Mana shu oyat tafsirini sharhlab imom Ahmad ibn Hanbal shunday rivoyat qiladi: Oisha onamiz roziyallohu anho: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hech qachon na qo‘l ostidagi xodimni va na xotinni urmaganlar. Jihoddan boshqa joyda hech narsani qo‘llari bilan urmaganlar. Ikki ishdan birini tanlaydigan bo‘lsalar, gunoh bo‘lmasa, albatta osonini tanlardilar. Agar gunoh ish bo‘lsa, undan uzoqda bo‘lardilar. O‘zlari uchun hech qachon o‘ch olmaganlar. Agar Alloh harom qilgan narsalar sodir qilinsagina, Alloh uchun o‘ch olganlar”, degan. Demak, Payg‘ambarimiz alayhissalomning odob-axloqlari oddiy odob-axloq emas, ulug‘ odob-axloqdir. Odamlar Oisha roziyallohu anho onamizdan u zotning xulqlari haqida so‘rashganda, “Xulqlari Qur’on edi” deb javob bergan. Ya’ni Muhammad alayhissalom Qur’ondagi oliy xulqlarni va barcha yaxshi odob-axloqlarni o‘zlarida mujassam qilganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalomning o‘zlari “Men yaxshi xulqlarni mukammal qilish uchun yuborilganman” deganlar.

Shuning uchun ham sahobai kiromlar u zotning har bir so‘zu-amallarini, harakatu-holatlarini diqqat bilan kuzatib, o‘rganib borganlar va o‘zlari ham Payg‘ambarimiz alayhissalomga ergashganlar. Sahobai kiromlar keyingi avlodlarga ham Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlarini yetkazganlar.

Payg‘ambarimiz alayhissalomga tegishli bo‘lgan ma’lumotlarni o‘rgangan har bir insofli va aqlli kishi u zotning barcha olamlarga rahmat etib yuborilganlarini tushunadi.

Hatto dushmanlar ichidan Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlarini o‘rganib, Islomga kirgan va u zotning siyratlarini insof bilan to‘g‘ri yoritgan va nihoyat, u zotni “Insoniyat tarixida eng ko‘p manfaat keltirgan shaxs” deya ta’kidlaganlar ham borligi ayni haqiqat.

Insoniyatni ikki dunyo saodatiga erishtiruvchi ta’limotlarni olib kelgan, butun olamga rahmat qilib yuborilgan Payg‘ambarimiz alayhissalomga, u zotning go‘zal hulqlariga va ta’limotlariga butun olam qanchalik muhtoj ekanligini asrimizning buyuk aql egalaridan biri, zabardast ingliz mutafakkiri va yozuvchisi Bernard Shou o‘zining “Agar Muhammad Payg‘ambar tirik bo‘lganida, zamonamiz muammolarini bir piyola choy ustida hal qilib qo‘ygan bo‘lar edi”, degan so‘zlari bilan ifodalagan edi.

Aynan bugungi kunda odamlar orasida avj olayotgan kelishmovchiliklar, ixtiloflar, ziddiyatlar va boshqa barcha illatlardan qutulishning yagona chorasi bor. Bu chora esa Payg‘ambarimiz alayhissalomning siyratlarini o‘rganishlik va u zotga ergashishlik bilandir.

Parvardigoro, O‘zing barchalarimizni hidoyatingda sobit qadam qil va Payg‘ambarimiz alayhissalomga munosib ummat qilib, u zotning siyratlarini o‘rganib, u zotga ergashishni muyassar qil va shafoatlarini nasib qil.


Kiritilgan vaqti: 19/12/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3506
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/paygambarimiz-alayhissalomning-odob-axloqlari
Chop etilgan vaqti: 25/04/2024 04:24
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing