O‘TGANLARNING OXIRATI OBOD BO‘LSIN!
Insonga har kuni tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik kerak. Tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Tinchlik-xotirjamlik – taraqqiyot garovidir.
Biz azal-azaldan tinchliksevar xalqmiz. Aynan shu g‘oya targ‘ibiga bag‘ishlangan buyuk milliy ma'naviy merosimiz bor. Ularning barida tinchlikning qadriga yetish targ‘ib etiladi, urush esa batamom qoralanadi.
9 mayni Xotira va Qadrlash kuni tarzida umumxalq bayrami sifatida nishonlab kelayotganimiz zamirida ham aynan ana shu ezgu maqsad yotibdi.
Hamon oramizda qanchadan-qancha urush qatnashchilari, front ortida mehnat-mashaqqat chekkanlar bor. O‘tganlarini xotirlash, safimizda yurganlarini esa qadriga yetish zarur.
Mustaqil O‘zbekiston xalqi va davlati avval-boshdan tinchlik-totuvlik tarafdori sifatida maydonga chiqdi.
Ana shu asoslarga ko‘ra, mustaqilligimiz avvalida ham bizda 9 may umumxalq bayrami sifatida, 1999 yildan boshlab esa “Xotira va Qadrlash” kuni sifatida nishonlaymiz. Darhaqiqat, Mustaqil davlatning bayramlari ham xalq tabiati va an'analariga mos bo‘lishi kerak. Chunki har bir xalq qanday yashashi, nimani qadrlashi, qaysi sanalarni tantana qilishini o‘zi hal etadi. Bunda o‘z tarixidan kelib chiqadi, bugunini o‘ylaydi va kelajagini ko‘zda tutadi.
Umuman, dunyoqarashni, ya'niki tafakkurni milliylashtirish, milliy mafkurani shakllantirish yarim mustamlaka iskanjasidan qutulgan yosh davlat uchun shu qadar muhim ediki, bu – mamlakatning mamlakat, davlatning davlat bo‘lib turishini ta'minlaydigan bosh omillardan sanaladi.
O‘z mustaqilligiga erishgan davlatlar ichida O‘zbekiston buning chinakam namunasini ko‘rsatdi. Xotira va Qadrlash kuni endi o‘zgacha, aniqrog‘i, milliy xususiyat kasb etdi. Bu bayramning mazmun-mohiyati butkul o‘zgardi – u xalq xotirasi va insonni qadrlash kuniga aylandi.
Xalq xotirasi deganda kishi ko‘z o‘ngidan Vatan ibtidosidan buguniga qadar shu yurt, shu xalq deb kurashgan, kuch-qudrati, aql-zakovatini ayamagan, kerak bo‘lsa, shu yo‘lda jon fido qilgan ne-ne buyuk zotlar bir-bir o‘tadi.
Bizning dinimiz xam, xamisha marxumlarimizni yodga olib, ularning ruxlarini shod qilishimiz uchun savobli amallarni bajarish, ularning xaqlariga duolarda bo‘lishga chaqiradi. Chunki o‘tganlarni eslash va ularga istig‘forlar aytish, marxumlar qabrlarini ziyorat qilish va ularning xaqlariga duolar qilish barchamizning insoniylik burchimizdir. Bu xaqda Alloh taolo marxamat qilib aytadi: Ya'ni: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda iymon keltirgin zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey rabbimiz! Albatta, sen mexribon raxmli zotdirsan!” (Hashr,10)
Albatta biz musulmonlar ajdodlarimiz ruxlarini shodlantirish maqsadida ularni qancha ko‘p xotirlab duolar qilsak, farzandlarimiz xam bundan yaxshi ibrat oladilar. Shuningdek, ular xam bizlarni xotirlab duolar qilishadi. Payg‘ambarimiz (s.a.v) xadisi shariflarida zikr qilganlaridek,: ya'ni: “Agar bir inson vafot qilsa, uning amali to‘xtaydi. Faqatgina uchta narsadan unga foyda yetib turadi: (qoldirib ketgan) sadaqai joriya yoki foydali ilm, yoxud xaqqiga duo qilib turadigan solix farzandlaridan ” (Muslim rivoyati).
Payg‘ambarimiz (s.a.v) o‘zlarining xadisi shariflarida marxumlarni yodga olish odoblarini o‘rgatib: ya'ni: “Dunyodan o‘tganlarni yaxshi sifatlarini eslaganlar, ularning yomon sifatlarining aytishdan saqlaninglar”deya marhamat qilganlar (Termiziy rivoyati).
Inson bor ekan, xotira – muqaddas. Hech kim, hech narsa esdan chiqmaydi. Xalq bugungi tinch-xotirjam zamonni asrab-avaylash, qadriga yetish uchun ham urushni, uning qahramonlarini, g‘alabaga munosib hissa qo‘shgan hech bir kishini xotirasidan forig‘ qilmaydi.
Kunlar kunlarni, yillar yillarni quvib, bu ko‘hna charxi falak shu sirli koinot yaralganidan beri aylangani-aylangan. Ayni shu insonning abadiy – boqiy emasligi ong-shuurimizda xotira degan tushunchani paydo qilgan bo‘lsa, ajab emas. Negaki xotiragina o‘tganlarni eslash, bugunni kechaning yodi bilan to‘ldirish, ya'ni uni yanada boyitish imkonini beradi. Xotira va qadrlash tushunchalari – mohiyatan bir-biriga chambarchas bog‘liqdir.
Alloh taboraka va ta'olo barcha marxum ajdodlarimizni O‘zining raxmatiga olib, ularning xaqlariga qilayotgan duolarimizni ijobat qilib, qolganlarimizga farovon xayot, yurtimizga tinchlik va xalqimizga ofiyat ato etishini so‘rab qolamiz.
Zayniddin Eshonqulov - O‘MI Samarqand viloyat bosh imom-xatibi
Kiritilgan vaqti: 09/05/2020 10:33; Ko‘rilganligi: 1238
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 13:43