O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

O‘TGANLAR XOTIRASI TIRIKLAR VAZIFASI

 
 

Ma’lumki dinimizda biz musulmonlarni ibodatga, yaxshi amallarni ko‘p qilishga buyuribgina qolmasdan, o‘tganlarni ham eslab ularning haqlariga chiroyli xayrli duolar qilishga buyuradi. Zero, bu dunyodan o‘tgan mo‘min musulmonlarni xotirlab, ularning xaqlariga duoi xayrlar qilish,istig‘forlar aytish biz tiriklarning vazifamizdir.

Inson xotira bilan tirik, qadri bilan ulug‘dir. O‘tganlarni, ularning xayrli ishlarini, jasoratini yodga olmoq, e’zozlamoq, xalqimizga xos ezgu fazilatlardandir. Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yod etish, olovli janglardan omon qaytgan bobolarimizga, og‘ir kunlarni sabr-bardosh bilan yenggan, mashaqqatli daqiqalarda ham o‘zligini yo‘qotmagan, imoni butun yurtdoshlarimizga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularni e’zozlab haqlariga duolar qilish, milliy qadriyatimizga aylandi.

Qur’oni karimda Parvardigori olam: “Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey Robbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalbilarimizda iymon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Robbimiz! Albatta, sen mehribon va rahmli zotdirsan”, deb marhamat qiladi. (Hashr surasi 10- oyat). Ushbu oyat vafot etgan kishilarning orqalaridan xayrli duolar bilan eslash, yaxshi amallardan ekanligiga dalolatdir .

Muhtaram yurtboshimiz tashabbuslari bilan 9 may kunini “Xotira va Qadrlash kuni” deb nom berilishida ham katta hikmat bor. Zero, bu kun ayovsiz jang maydonlarida vatani, oilasi shani uchun halok bo‘lgan minglab yurtdoshlarimiz xotirasini yodga olish, qolaversa, bugun safimizda sog‘-salomat hayot kechirayotgan urush qatnashchilariga, nuroniy otaxonlarimizga, mehnat faxriylariga barcha-barcha yurtdoshlarimizga samimiy hurmat timsolidir. Zero, hadisi sharifda: “O‘tganlaringizning yaxshi sifat va yaxshi amallarini eslangiz, yomon sifatlarini eslamangiz”, deyilgan. Xotira deganda biz avvalo urush maydonlaridan qaytmaganlarning yodi oldida, beshafqat janglarda halok bo‘lganlar va shu urushda qatnashgan barcha insonlarning jasorati va matonati oldida chuqur hurmatdamiz. O‘tganlarni esga olish bilan birga yana bir muhim vazifalarimizdan biri bugun safimizda umrguzaronlik qilib, shaharu-qishloqlar hamda mahallayu-xonadonlarda, dasturxonlarni to‘rida mana shu tinch va osoyishta Vatan, oilalar haqqiga doimo duoga qo‘l cho‘zib turgan oz sonli urush qatnashchilari-yu, keksa, yoshlari ulug‘larimizni yodda tutmog‘imiz lozimdir. Ularning umri g‘animat ekanini unutmaslik, ayni hayotlik chog‘larida ularga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, og‘irini yengil qilish, qadrlash va e’zozlash barchamiz uchun ham sharaf, ham muhim mas’uliyatli vazifadir. Yoshi ulug‘ keksalarni hurmat qilish haqida hadisda: “Kichiklarimizga rahm-shafqatda va kattalamizga hurmat va izzatda bo‘lmaganlar bizdan emas”, deyiladi. Yana bir hadisda Nabiy (s.a.v.) bunday marhamat qiladilar:

“Qabristonni ziyorat qilib turinglar, zero unda katta ibrat bor”, Shundan ham ma’lum bo‘ladiki, ziyorat avvalo tiriklarning o‘zi uchun ibrat olishi, yeldek o‘tayotgan tiriklik onlari haqida bir lahza bo‘lsin o‘yga tolishi kerak.

Mana shu xalqimizning insonparvarligi va dinimizning ko‘rsatmasi o‘laroq mustaqil yurtimizda ham “Xotira va qadrlash kuni” e’lon qilindi. Davlatimiz tomonidan bugun saflarimizda hayot bo‘lgan urush qatnashchilariga mamlakatimiz tomonidan bir necha yillardan buyon moddiy rag‘batlantirish, dam olish maskanlarida davolanishlari uchun sharoit yaratib berildi.

Umr g‘animat vaqt tez o‘tadi. Ibtidosi bor har narsaning intihosi ham bor. Bugun o‘tgan ajdodlarini xotirlab qabristonda ziyorat qilib yurgan inson ertaga o‘zi xotiraga aylanadi. Endi uning qabri ziyorat qilinadi, qilgan ishlari eslanadi.

Xotira – o‘tmish bilan bugunni bog‘lovchi o‘ziga xos ko‘prikdir deydilar. Boshqacha aytganda, o‘tmish bizning xotiramiz tufayli barhayotdir. O‘tmish xotirasi esa bizga hayotbaxsh kuch beradi, oldinga chorlaydi.

Inson xotirasi bilan aziz. Biz qalbimizda buyuk ajdodlarimiz siymosini e’zozlab asrashimiz lozim.


Kiritilgan vaqti: 07/05/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 4011
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/otganlar-xotirasi-tiriklar-vazifasi
Chop etilgan vaqti: 18/04/2024 21:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing