O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Osoyishtaligimiz sababchilari

 
 

Yaqinda viloyat markazidan ota-onamni ko‘rish uchun tug‘ilib o‘sgan qishlog‘imga qarab yo‘l oldim. Kirakash bilan yo‘l haqini kelishib olganimdan keyin u menga: “Anavi chetda turgan mashina meniki, borib o‘tirib turing”, dedi va kalitni qo‘limga tutqazib, o‘zi yana odam olish uchun uzoqlab ketdi. Mashinani ochib o‘tirar ekanman, o‘ylanib qoldim. Chunki, bunday holatga juda ko‘p duch kelganman va boshqalarga ham buningdek vaziyatlar tez-tez uchrab turadi. Ya’ni, tanimagan odamingiz sizga mashina kalitini tutqazib, o‘zi xotirjam mijoz axtaradi.

Meni ajablantirgan bu holatlarni eshitib, balki kimdir ajablanayotgandir, “Arzimas narsa uchun buncha kuyib-pishmasa, oddiy ishga ham shunchami?”, deyayotgandir. Fikri ojizimcha esa bu oddiy hol emas. Bugungi notinch zamonda ba’zi davlatlarda ota o‘z o‘g‘liga, aka o‘z ukasiga molini ishonolmaydigan darajaga yetib borildi. Nainki mol, balki jonni asrash ham dushvor bo‘lib turilganda yurtimizdagi tinchlik mohiyatini anglash, uning nelar asosida bunyod bo‘layotganini mulohaza qilish har birimizning asosiy vazifamizdir.

Barchamizga aniq haqiqat shuki, dunyoda hech qachon o‘z-o‘zidan nimadir bo‘lib qolmaydi. Olamda bir narsaning paydo bo‘lishi, vujudga kelishi uchun, unga boshqa bir sabab, bois bo‘lishi lozim. Bugun yurtimizda bo‘lib turgan tinchlik, osoyishtalik, taraqqiyotning asosiy omili esa kuchli davlatchilikka asos solingani, chegaralarimiz mustahkam qo‘riqlanayotgani ekani hech kimga sir emas.

Chegaralarni mustahkamlash, uning ichida tinchlikni ta’minlash hamisha birlamchi vazifa ekani barchaga aniq haqiqat. Muqaddas dinimiz ham yurtni doimiy himoya qilishga undaydi va uning uchun ko‘plab ko‘rsatmalar beradi. Jumladan:

وَعَنْ سَلْمَانَ الْفَارِسِيِّ قَالَ : سَمِعْت رَسُولَ اللهِ يَقُولُ : « رِبَاطُ يَوْمٍ وَلَيْلَةٍ خَيْرٌ مِنْ صِيَامِ شَهْرٍ وَقِيَامِه. رَوَاهُ أَحْمَدُ وَمُسْلِمٌ وَالنَّسَائِيُّ ِ

Salmon Forsiydan (roziyallohu anhu) rivoyat qilinadi:

"Rasulullohning shundan deyayotganlarini eshitdim:

"Bir kecha-kunduz chegara hududni qo‘riqlash bir oy nafl ro‘za tutib, tunlarini bedor o‘tkazishdan yaxshidir". Imom Ahmad, Muslim va Termiziy rivoyati.

Darhaqiqat, toki chegaralar qo‘riqlanib, tinch hayot ta’minlanmas ekan kishida halovat bo‘lmaydi,toki halovat bo‘lmas ekan na din ishlarida, na dunyo ishlarida bardavomlik, rivojlanish amalga oshmaydi. Balki hammayoqda parokandalik, har kim o‘z jonidan xavotirda, atrof tahlikaga to‘la hol yuzaga keladi.

Xavf paytidagi namozda islomning go‘zal tadbiriga e’tibor qiling. Bir guruh kishilar namoz o‘qiyotganda ikkinchisi ularni qo‘riqlab turadi. Ikkinchi guruh kelganda oldingilar borib ularning joyini egallaydi va natijada ibodat xotirjam ado etiladi. Bu o‘rinda himoyaning ahamiyati qanday yuksak ekani ochiq ko‘rinib turibdi.

14 yanvar yurtimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida har yili keng nishonlanadi. Shu kuni ushbudek sharafli va o‘ta mas’uliyatli vazifani zimmasiga olgan yurt o‘g‘lonlari yanada qadrlanib, yuksak xizmatlari natijasi o‘laroq bo‘lib turgan osoyishtalik qadri xalqqa yana bir bor eslatib o‘tiladi.

Bugungi osoyishta kunimiz sababchilari bo‘lgan yurt posbonlarini bayramlari bilan chin dildan qutlaymiz va Vatan himoyasidek yuksak vazifani amalga oshirishlarida Alloh taoladan kuchu g‘ayrat, hifzu himoya so‘rab qolamiz.

Usmonxon Muxammadiyev

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyat vakilligi mutaxassisi


Kiritilgan vaqti: 13/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2254
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/osoyishtaligimiz-sababchilari
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 16:10
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing