O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Muborak Ramazon oyining fazilati

 
 

Insonni kamolot sari yetaklovchi diniy qadriyatlarimizdan biri Ramazon oyi bilan bog‘liq marosimlardir. Bu oyda tutiladigan ro‘za amali insonda o‘z nafsini boshqara olish, sabr-qanoatli bo‘lish, maqsad sari sobitqadamlik bilan intilish kabi fazilatlarning shakllanishiga xizmat qiladi. Bu fazilatlarni kasb etgan inson esa hayotda duch keladigan har qanday to‘siqlarni osonlik bilan yengib o‘ta oladi. Ro‘za insonni halol-poklikka da’vat etadi, uning qalbini turli g‘uborlardan tozalaydi[1].

Alloh taolo Qur’oni karimda ro‘za haqida shunday marhamat qiladi: “Ey, imon keltirganlar, taqvoli bo‘lishlaringiz uchun sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham ro‘za tutish farz qilindi, sanoqli kunlarda. Bas, sizlardan kimki bemor yoki safarda bo‘lsa, sanog‘i boshqa kunlardandir. Madori yetmaydiganlar zimmasida bir miskin kimsaning (bir kunlik) taomi fidyadir. Kimki ixtiyoriy ravishda ziyoda xayr qilsa (lozim bo‘lganidan ortiq fidya bersa), o‘ziga yaxshi. Agar bilsangiz, ro‘za tutishingiz (fidya berib tutmaganingizdan) yaxshiroqdir”[2].

Mazkur oyati karimalardan ma’lum bo‘ladiki, Alloh taolo bizdan oldin o‘tgan ummatlarga ham ro‘zani farz qilgan. Bu farz hadisi sharifda ham o‘z tasdig‘ini topgan. Zero, unda aytilishicha, Alloh avval yahudiylarga ramazon oyida ro‘za tutishni buyurgan. Ular ro‘za yilning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgani uchun, ko‘p va qattiq qiynaldik deb, boshqa oyga ko‘chirganlar. Nafslari Alloh buyurgandek biron narsa tanovul qilmay ro‘za tutishga bo‘ysunmagan. Natijada, go‘sht kabi narsalardan o‘zlarini tiyib, ro‘za tutishga odatlanganlar. Alloh taolo keyinchalik nasroniylarga ham ramazon oyida ana shunday ro‘zador bo‘lishni buyurgan. Afsuski, ular ham bu oyning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgani va boshqa bahonalar bilan ro‘za oyida tartiblarni o‘zgartirganlar.

Ramazon so‘zi arabcha bo‘lib, "ramzaau" o‘zagidan olingan va lug‘atda o‘ta issiq ma’nosini bildiradi. Ulamolarimiz bu lug‘aviy ma’noni voqe’lik va balog‘at ilmi nuqtai nazaridan sharh qiladilar. Ramazon ham uning ro‘zasini tutganlarning gunohlarini kuydirib, yondiradi[3].

Ramazon deyilishiga sabab, bu oyda gunohlar kuydiriladi, yondirib yo‘q qilib yuboriladi. Uni yondirib, kul qiladigan narsa solih amallardir. Bu haqda Imom Zamaxshariy mana bunday deganlar: “Har bir oyni nomlash vaqtida shu oydagi biror belgi bilan yoki o‘ziga xos xususiyat bilan nomiga ahamiyat qilganlar. Ramazon oyi esa yilning eng issiq kunlariga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun uni juda issiq, jazirama ma’nosida ramazon deb ataganlar”.

Ramazon Islomiy oylar ichida eng buyuk va fazilatlarga boyligi, qolaversa, unda ming oydan ham afzal qadr kechasi borligi, unda Qur’on nozil bo‘la boshlagani bilan u o‘n bir oyning sultonidir. Ushbu oyning mo‘minlarga ikki dunyoda manfaatlari cheksiz. Ushbu oyda Allohning rahmati yog‘ilib mag‘firat etilgan bandalar oxir-oqibat do‘zaxdan ham najot topganlari uchun uning dastlabki o‘n kunligi rahmat, keyingisi mag‘firat, oxirgi o‘n kunligi esa do‘zaxdan najotdir.

Abu Hurayra (r.a) dan rivoyat qilingan hadisda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Sizga muborak Ramazon oyi keldi. Alloh taolo sizga uning ro‘zasini tutmoqlikni farz qildi. Unda osmonlarning eshiklari ochilur, jahannamning eshiklari yopiladi. Unda o‘zboshimcha shaytonlar kishanlanadi. Unda Allohning bir kechasi bo‘lib, u ming kechadan yaxshidir. Kim u kechaning yaxshiligidan mahrum bo‘lsa, bataxqiq mahrum bo‘libdi”[4].

Alloh taolo boshqa ummatlarga bermagan besh narsani Muhammad sollallohu alayhi vasallam ummatiga ato qilgan:

1. Ro‘zadorning og‘zidan keladigan hid mushkning hididan ham xushbo‘yroq qilindi.

2. Alloh taolo Qur’oni karimda marhamat qiladi: “Arshni ko‘tarib turadigan va uning atrofidagi (farishtalar) Parvardigorlariga hamdu-sano aytish bilan (U zotni barcha aybu nuqsonlardan) poklab-tasbeh ayturlar va U zotga iymon keltirurlar, hamda iymon keltirgan kishilarni mag‘firat qilishini so‘rarlar: “Parvardigoro, O‘zing rahmat-mehribonlik va ilm jihatidan barcha narsadan kengdirsan. Bas tavba-tazarru’ qilgan va Sening yo‘lingga ergashgan kishilarni O‘zing mag‘firat qilgin va ularni do‘zax azobidan saqlagin[5].

Mo‘tabar kitoblarda janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan: har bir kun Allohning kuni, oy esa Allohning oyi, yil Allohning yilidir, degan hadisi sharif rivoyat qilingan. Ammo ba’zi oy va kunlarni Uning o‘zi aziz va mo‘tabar qilgani ma’lum. Oylarning fazilatini bayon qilar ekanlar, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Rajab Allohning oyi, Sha’bon mening oyim, Ramazoni sharif esa ummatimning oyidir, deganlar. Ramazoni sharifning kelishiga xursand bo‘lgan kishining gunohlari kechiriladi.

Abdulloh ibn Umar (r.a) aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Muharram oyining o‘ninchi kuni ro‘za tutar edilar va boshqalarni ham shu kuni ro‘za tutishga buyurar edilar. Ramazon oyining ro‘zasi farz qilingandan so‘ng Muharram oyida tutadigan ro‘zani tark etdilar”.

Abdulloh ibn Umarning o‘zlari ham Ramazonda ro‘za tutish farz qilingandan keyin Muharram oyida ro‘za tutishni tark etdilar. Ammo, nafl ro‘za Muharramning o‘ninchi kuniga to‘g‘ri kelsa, tutar edilar.

Oysha (r.a) aytadilar: “Johiliya davrida (ya’ni, islomdan avval) Quraysh qavmi Muharramning o‘ninchi kuni ro‘za tutar edi. so‘ng (ya’ni, islom dini kelgandan so‘ng), Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Ramazonda ro‘za tutishni buyurib: “Xohlagan kishi Muharram oyining o‘ninchi kuni ro‘za tutsin, xohlamagan kishi tutmasin”,-[6] dedilar.

Ro‘za havoi nafsni noo‘rin qo‘zg‘atishlarini yo‘lga solishga to‘g‘rilashga, shahvatni jilovlashga, qorin talablarini ham izga solishga xizmat qiladi.

Sahl (r.a) rivoyat qiladilar: “Jannatda Rayyon nomli bir eshik bor, - deydilar Janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam, - bu eshikdan ro‘zani kanda qilmay tutganlargina kiradilar, xolos. Qiyomat kuni “ro‘zadorlar qani!” deb nido qilinadi. Shunda, ular o‘rinlaridan turib mazkur eshikdan kirishadi. So‘ng, eshik yopiladi. Ulardan boshqa birorta odam bu eshikdan kira olmaydi”[7].

Ramazon kunlarining birida janob Rasululloh (s.a.v) ni juda g‘amgin va hatto muborak ko‘zlarida yosh ko‘rdilar. Buning sababini so‘raganlarida, janob: “Ramazoni sharif oxirlayapti. Uning tugayotganiga, bu oydagi osmondan bo‘layotgan iltifotlarning intihosi ko‘rinayotganiga butun yeru osmondagi mavjudotu maxluqotlar, yeru osmon yig‘layapti, Muhammad yig‘lamasinmi? Men, mening ummatim yig‘lashga, g‘amgin va hazin bo‘lishga haqli emasmi?”-dedilar.

Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Ummatlarim har qaysi oyda qilgan bir yaxshi, solih amali uchun bir savob oladi. Ammo ramazonda esa Alloh biri uchun o‘ndan to yetti yuzgacha va undan ziyoda qilib beradi. Farz ibodatlarining bittasi uchun boshqa oylarda bajargan yetmish farzning savobi, nafllari-qo‘shimchalari uchun esa boshqa oylarda bajargan farzning savobini beradi. Bu oy sabr oyi, sabrning samarasi esa jannatdir. Bu oy mo‘minlarning rizqlarini ziyoda etadigan oydir. Kim bu muborak oyda bir ro‘zadorni iftor yoki saharlik qildirsa, bir qul ozod qilganning savobini topadi va gunohlari mag‘firat qilinadi”[8].

Shuning uchun bo‘lsa kerak, boylar shu oyda o‘z zakotlarini berishga, saxovatpeshalar esa dengiz kabi toshib, mehr-e’tiborga intiq kishilarga mehru muruvvat, xayru saxovat ko‘rsatishga oshiqadilar.

Ro‘zaning ro‘zador shaxsiy sifatlariga beradigan foydalari haqida so‘zlar ekanmiz, sabr sifati haqida gapirmay o‘tib bo‘lmaydi. Inson o‘z ixtiyori bilan och qolishi, tashna bo‘lishi, shahvatdan o‘zini tiyishini va bu holat bir oy davom etishi insonda sabrli bo‘lish sifatini kuchaytiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam “Ramazon sabr oyidir”,deganlar.[9]

Ro‘zadan hosil bo‘ladigan shaxsiy sifatlardan yana biri rahm-shafqatli bo‘lish sifatidir. Ramazoni sharif oyining birinchi o‘n kunligini Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam rahmat o‘n kunligi deb e’lon qilganlar. Bu nafaqat Alloh taoloning bandalarga rahmati, balki bandalarning bir-birlariga rahmli-shafqatli bo‘lishini ham o‘z ichiga oladi.

Ro‘za tutgan odam birov bilan so‘kishmasligi, urushmasligi qattiq tayinlanishidan maqsad ham shu. O‘z ixtiyori bilan och qolgan, tashna bo‘lgan odamda o‘z-o‘zidan rahm-shafqat hislari uyg‘onadi. O‘zgalarga yaxshilik qilish tuyg‘ulari kuchayadi. Buni ro‘za tutgan har bir odam darhol mulohaza qiladi. Ayniqsa ochlik va tashnalikni o‘z tanasida sinab ko‘rgan shaxs, turli sabablarga ko‘ra doimo och qolganlarga rahm-shafqat qilish lozimligini to‘la tushunib yetadi. Shuning uchun ham, ro‘zadorlardan och-yalong‘och, beva-bechora, kambag‘al-miskinlar foydasiga xayr-sadaqa qilish ko‘payadi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Qachon biringiz ro‘zador holda bo‘lsa, behayo so‘zlarni gapirmasin va johillik ham qilmasin. Agar birov u bilan so‘kishmoqchi yoki urushmoqchi bo‘lsa “Men ro‘zadorman,men ro‘zadorman” desin” dedilar.

Bugungi kunda mehr shafqatga, rahmdillikka va xayri ehsonga muhtoj kishilar qanchalik ko‘p ekanliklarini hisobga oladigan bo‘lsak, ro‘zaning ahamiyati yana ham ortadi. Ramazon sharifda o‘ta saxiy bo‘lish Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning odatlaridir.

Kim bu oyning mashaqqatlariga sabr qilsa, oxiratdagi azobdan qutuladi. Ro‘za kunlaridagi vaqtinchalik ochlik va chanqoqlik mashaqqati bandani oxiratdagi og‘ir mashaqqatdan xalos etadi, inshaalloh.



[1] Durbek Rahimjonov. Ramazon tuhfasi. “Toshkent islom universiteti” T-2005. –B.3.

[2] Baqara surasi, 183-184-oyatlar mazmuni.

[3] Muhammad Ali Sobuniy. Ravoiul Bayon. J.2. –B.201.

[4] Dilfuza Sarvarova. Muqaddas oylar mustajob duolar. “Movarounnahr” T-2005. B: 100-102.

[5] G‘ofir surasi, 7-oyat mazmuni.

[6] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy. J.1. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” T-2008. –B.311.

[7] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy. 1-tom. “O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi” T-2008. B: 312.

[8] Durbek Rahimjonov. Ramazon tuhfasi. “Toshkent islom universiteti” T-2005. B: 7.

[9] Imom al Buxoriy saboqlari 4/2002. –B.255.


Kiritilgan vaqti: 28/05/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 2384
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/muborak-ramazon-oyining-fazilati
Chop etilgan vaqti: 15/06/2021 05:58
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing