O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

MISSIONERLIKNING JAMIYAT HYOYOTIGA TAHDIDI

 
 

Dunyo tarixiga nazar soladigan bo‘lsak, missionerlarning o‘zga din vakillari orasidagi faoliyati har doim mintaqa barqarorligini buzishga, aholi orasida notinchliklarni keltirib chiqarishga va qon to‘kilishlarga sabab bo‘lgan.

Bunga Indoneziyadan sharqiy Timor orolining, musulmon davlatidan ajralib chiqishini yoki Afrika qit’asidaga qonli to‘qnashuvlarni misol qilib keltirish mumkin. Voqeani kuzatgan mutaxassislarning fikricha, bu holatlarning yuzaga kelishiga missionerlarning bevosita aloqasi bo‘lgan.

Missionerlar kimlar o‘zi?! Albatta bu savolga javob berish uchun, bu so‘z qanday ma’noni anglatishi va uning tarixiy ildizlari qayerga borib taqalishi haqida ma’lumotga ega bo‘lishimiz lozim.

“Missio” so‘zi—lotin tilidagi «missio» fe’lidan olingan bo‘lib, “yuborish”, “vazifa topshirish”, missioner esa “vazifani bajaruvchi” degan ma’nolarni anglatadi. Missionerlik esa belgilangan vazifalarni hal qilishga qaratilgan nazariy va amaliy faoliyat majmuini bildiradi.

15-16 asrlarda Ispaniya va Portugaliya mustamlaka imperiyalari tashkil topgach missionerlik katolik[1] cherkovi doirasida o‘z faoliyatini kuchaytirdi va yangi yerlarni zabt etishda g‘oyaviy asos bo‘lib xizmat qildi.

Katoliklarning turli yo‘nalishlariga mansub missionerlarining oshkora yoki maxfiy ravishda Amerika, Osiyo, Afrika xalqlarini zabt etishda qatnashganlari bunga dalil bo‘la oladi.

Keyinchalik ular bir qancha, jumladan: “ettinchi kun adventistlari”, “pyatidesyatniklar” yoki “to‘liq injil xristianlari”, “xudo assambleyalari” va “iyegovo shohidlari” kabi oqimlarga bo‘linib, o‘z uslublari bo‘yicha mustaqil misionerlik harakatini yo‘lga qo‘yishdi.

Missionerlik muassasalari yirik kapital va yerlarni tasarruflariga olib, o‘z mamlakatlari siyosatini o‘tkazishda faol ishtirok etadilar.

Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda ular tomonidan adabiyotlar nashr etish, cherkovlar faoliyatini ta’minlashga ketadigan sarf-xarajatlardan tashqari, missionerlarning kundalik xarajatlariga yiliga 100 million AQSH dollariga yaqin mablag‘ sarflanadi.

Missionerlar maqsadlarini amalga oshirishda turli xil uslublardan keng foydalanishadi.

Ma’rifat tarqatish, tibbiy yordam ko‘rsatish, yoshlarni jalb qiladigan o‘quv markazlari tashkillashtirish, radio, televideniya va bolalar uchun mo‘ljallangan rasmli jurnallar nashr etish ularning asosiy targ‘ibot yo‘nalishlari sanaladi.

Missionerlarning birgina oqimi sanalgan adventistlar bir yuz sakson to‘rt mamlakatda 22 000 dan ortiq cherkov, 5000 dan ortiq o‘quv markazlari, 50 ta nashriyot, 160 ta kasalxonaga ega. Bundan tashqari 170 dan ortiq tilda missionerlik adabiyotlarini chop etadilar.

Dunyodagi umumiy missionerlarning 2/3 qismini katolik missionerlari tashkil etadi. Katoliklik va protestantlikda missionerlik bilan shug‘ullanish har bir masihiyning burchi darajasiga ko‘tarilgan.

Shuningdek, missionerlar o‘zlari faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan hudud aholisi diniy e’tiqodi, ularning ijtimoiy muammolari haqida ma’lumot olishlari uchun o‘z tadqiqot markazlariga ham egalar.

Missionerlar bugungi kunda xohlagan tilda va adadda o‘z diniy adabiyotlarini chop eta olishlari mumkinligi ham ularning imkoniyatlari naqadar keng va kuchli ekanini ko‘rsatadi.

Ular har bir Yurtning tub aholisi uchun, o‘sha xalqning sonidan ham ziyod tirajda kitob chiqarishlariga guvoh bo‘lishimiz mumkin.

Misol tariqasida keltiradigan bo‘lsak, rus tilida chop etilgan “Injil” kitobi bir chop etilishda 164 mln nus’hada nashr etilgan.

O‘zbek tilidagi missionerlikka targ‘ib qiluvchi kitobcha esa, bir chop etilishda 50 mln.dan ko‘p nus’hada nashr etilgan[2]. Buni O‘zbekiston aholisi soniga nisbatan olib qarasak, hali tug‘ilmagan farzandlar uchun ham kitoblar nashrdan chiqarilib, tayyor holga keltirilgan deyish mumkin.

O‘zbekiston hududida missionerlik harakati qonunan ta’qiqlangan. Chunki bu harakat, asosiy aholisi musulmon bo‘lgan xalqimizning parokandaligiga va yurtimizda nizolar chiqishiga sabab bo‘ladi.

Ko‘pgina ogohlantirish va ma’muriy choralar ko‘rilishiga qaramasdan, ular yurtimizda o‘zlarining missionerlik faoliyatlarini olib borishga intilishmoqda.

“Yakshanba kunlari o‘zbek tilida ma’ruzalar o‘qish, qo‘shimcha “Bibliya” o‘qish darslari tashkil qilish, “xosil yig‘ish kuni” deb ataladigan va har bir a’zo cherkovga yangi odam olib kelishini rag‘batlantirishga qaratilgan amaliyotlar” shular jumlasidandir.

Missionerlar kishilarni o‘z saflariga jalb qilish uslublari, ular avvalo vaziyatni, kishilarni va ularning ko‘ngliga yo‘l topishni yaxshilab o‘rganadilar. Keyin esa asta-sekin insoniy yordam, tibbiy xizmat, xayru ehsonga o‘xshash narsalardan gap ochadilar. Qo‘lidan ish keladiganlarga “sovg‘alar” uyushtiradilar.

Asta-sekin u yer-bu yerdan odamlarni to‘plash boshlanadi, oddiy suhbat, choy ichish, videofilm ko‘rish, kichkinagina sovg‘a va sovg‘aga qo‘shib, suhbatdoshning ona tilidagi missionerning dini haqidagi kitob beriladi.

Kitobning so‘ngida albatta, tushunmay qolganda so‘rab-surishtirish uchun telefon raqami yoki manzil ko‘rsatilgan bo‘ladi.[3]

Yangi a’zolarga “do‘stona maslahat”lar ham beriladi: “Yangi dinga yangi a’zo bo‘lgan kishi ko‘proq savob topishi kerak, – buning eng oson yo‘li – oila a’zolaringni, yaqin kishilaringni dinimizga chaqirishing”, “Agar har hafta bittadan yangi odam olib kelsang, savobning tagida qolasan. Ko‘chada yurganingda ham bekor yurma, o‘zing bilan mana bu kitobchalardan olib yur”, “Odamlar gavjum bo‘ladigan do‘kon, bekatga o‘xshash joylarga bitta-bitta tashlab qo‘y. Odamlarning ulariga – ostonasidan ichkariga tashlab qo‘ysang, yana ham yaxshi bo‘ladi”.

Natija esa, ayon. O‘zimizdan chiqqan iymonfurushlar o‘z xalqini buzishga, Ona Vatanini zaiflashtirishga va unda yangi front ochishga jon-jahdi bilan harakat qiladi.

Missionerlik faoliyati mafkuramiz uchun shunchaki yot unsur bo‘lib qolmay, balki ma’naviyatimiz rivoji uchun ham katta to‘siq sanaladi.

Ularning maqsadlari — o‘z safdoshlarini ko‘paytirish orqali, qabih rejalarini amalga oshirish. Bu esa o‘z o‘rnida jamiyat hayotida notinchlik, beqarorlik va parokandalikni keltirib chiqaradi.

Bundan esa mana shu zaminda yashayotgan har bir fuqoro, u kim bo‘lishidan yoki qanday dinga e’tiqod qilishidan qat’iy nazar ogoh bo‘lishi va bunga yo‘l qo‘ymasligi lozim. Chunki buning zamirida barchamiz uchun birdek muhim bo‘lgan “tinchlik” masalasi turadi.


[1] Xristianlikdagi eng yirik oqimlardan biri bo‘lib, lotin tilidan tarjima qilganda “Butun jahon” degan ma’no beradi.

[2] Bu, o‘zim aynan guvoh bo‘lgan misollar.

[3] Misol uchun o‘zbek tilidagi “Injil”da shunday muhr mavjud: “g.Samarkand. ul. Chexova. Oriyentir Voyenniy gospital. PRIGLASHAYEM VAS POSETIT....”


Kiritilgan vaqti: 21/07/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3938
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/missionerlikning-jamiyat-hayotiga-tahdidi
Chop etilgan vaqti: 20/04/2024 15:12
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing