O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Mehru oqibatli bo‘laylik.

 
 

Ishxonamga kelsam bir ayol kutib turganligini aytishdi. Qabulimga kirar ekan katta bir muammosi borligi sezilib turardi. “Keling opa nima xizmat” dedim. “Gunoh ishga qo‘l urib vijdonim qiynalganligidan keldim” deya yig‘lab yubordi. O‘ziga kelgach. Avvalda eri bilan yaxshi yashaganligini, keyin ba’zilarning so‘ziga kirib ro‘zg‘orga ko‘proq narsa topib kelishga erini majburlaganligini, tikkama tikka gap talashganligini, ko‘p pul topish maqsadida erini xorijga jo‘natganligini, og‘ir mehnat zaxmatlaridan erining yarim jon bo‘lib qaytganligini, xozirda esa butun ro‘zg‘or o‘z bo‘yniga tushganligini aytib, noshukrligi uchun shu ahvolda qolganligini, mehru oqibatdan uzoqlashib g‘azab otiga minib alal oqibat o‘zi boshqalar mehriga zor bo‘lib turganligini birma bir bayon qildi. Pandu nasixatlar qilib ayolni kuzatib qo‘ydim. Nahotki mol dunyo deb insoniyligimizni unutib qo‘ysak. Eng yaqin kishimizga ham g‘azabimizni sochsak. Demak, dunyoga xirs qo‘yish mehru oqibatdan yiroqlashishga sabab bo‘lar ekan. Bayhaqiy rivoyat qilgan hadisda: “Darhaqiqat olov o‘tinni o‘z domiga tortgani kabi, yomonliklar yaxshiliklarni zoye qiladi” deyilgan.

Yomonliklarni ko‘ngildan haydaydigan, uzoq qarindoshni yaqinlashtiradigan hatto dushmanni do‘stga aylantiradigan, shaytonni xor qilib yig‘latadigan narsa insonlar bir biriga mehru oqibatli bo‘lishidir. Mehru oqibatli bo‘lmagan inson qaxri qattiq, o‘z manfaatini barcha qarindoshlar manfaatidan ustun qo‘yadigan, boylik uchun har qanday ishga tayyor turadigan, tili bilan hammaga ozor beradigan xulqsiz odamga aylanib qolar ekan.

Rasululloh (s.a.v) ga sahobalar “Bir ayol bor. U nafl namoz o‘qishni, nafl ro‘za tutishni, nafl sadaqa qilishni sira kanda qilmaydi. Ammo, ko‘cha-kuyda hali u qo‘shnisi, hali bu qo‘shnisiga tili bilan ozor beradi”-deyishdi. Shunda Rasululloh (s.a.v): “U xotin do‘zaxiydir” dedilar (Imom Axmad rivoyati ).

Bu hadisdan bilib oldikki, hatto musulmonchilikni davo qilsayu, ammo odob ahloqi buzuq bo‘lsa, o‘zgalarga adovat va nafrat nazari bilan qarasa, mehru oqibatdan yiroq bo‘lsa, qo‘ni qo‘shnilariga ozor bersa musulmonchiligi mukammal bo‘lmas ekan.

Payg‘ambarimiz (s.a.v) hadislarining birida: “Tanada bir a’zo borki, agar u sog‘lom bo‘lsa, barcha a’zolar ham sog‘lom bo‘ladi, agar u kasal bo‘lsa, qolgan a’zolar ham kasal bo‘ladi. Bilib qo‘yinglarki, u qalbdir” deb marxamat qilganlar. Qalbni ravshan qiladigan, yumshatadigan, gullab yashnashga sabab bo‘ladigan, xursandchilikka to‘ldiradigan amal bu mehru oqibatdir.

Inson hayotga bir marta keladi. Hayotlik davrida ko‘p yaxshiliklar qilishi, yaxshilik qo‘lidan kelmasa, yomonlik ham qilmay yashashi lozim.

Bir do‘stim bemor bo‘lib kasalxonada yotib qoldi. Hol-ahvol so‘rash uchun yoniga bordim. Ancha-muncha suhbatlashganimizdan keyin “Yaratganning dard berganiga shukr, ko‘zim ochildi” deya gap boshladi do‘stim. “Savdo bilan shug‘ullanib har kuni shuncha foyda qildim deb pul haqida mast bo‘lib yuravergan ekanman. Ota-onamga pul jo‘natib tursam bo‘ldida, qarindoshlarning ham xojatini chiqarib tursam hammasi mendan xursand bo‘ladida deb oylab ular bilan uchrashmasdan foyda orqasidan yugurdim. Boshim yostiqqa tekkanida eng birinchi sog‘ingan kishim ota-onam bo‘ldi, aka-uka, opa singil, qarindoshlar diydoriga to‘ygim keldi. Insonning qadri pul, boylik, mol-davlatda emas mehru oqibatda ekanligini angladim. Sog‘ omon shu yerdan chiqsam, bir oy hamma og‘a inimlarnikiga mehmon bo‘lib diydorlashishni niyat qildim”. Haqiqatdan do‘stim va’dasida turib qishloqda bir oy mehmon bo‘ldi. Dunyodan nimani olib ketamiz. Uy joy, mashina, mol davlat hammasi dunyoda qolib ketadigan matohlardir. Tiriklik imkoniyatimizdan foydalanib, bir-birimizga mehru oqibatlik bo‘laylik, bir-birimizni sog‘inib yashaylik. Zero Payg‘ambarimiz (s.a.v) bir hadisi shariflarida “Kim bir mo‘mindan dunyo qiyinchiliklaridan birini yengillashtirsa, Alloh taolo undan qiyomat og‘irliklaridan birini yengil qiladi. Kim hayotda qiynalgan kishiga osonlikni ravo ko‘rsa, Alloh taolo unga dunyo va oxiratda yengillikni ato qilur” deb marxamat qilganlar (Muslim rivoyati). Shunday ekan yaxshilik, savobli amallarni davomli qilib kundan-kunga chiroy ochayotgan vatanimizga baxtiyor, shod xuram yashab, farzandlar haqqiga duo qilib, ota-onamiz hizmatidan charchamaylik. Mehru oqibat hech qachon sizu-bizni tark etmasin.

Zayniddin ESHONQULOV

O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Samarqand viloyati vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 08/01/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3457
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/mehru-oqibatli-bolaylik
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 03:37
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing