O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Kiyinish madaniyati

 
 

Tarixiy manbalardan yaxshi ma'lumki, IX-XII asrlar Movarounnahrda ilm­fan va madaniyat, ayniqsa, islomiy ilmlar taraqqiy topgan. Binobarin, bu mintaqadagi Sug‘d, Xorazm, Ustrushona, Farg‘ona va Shosh kabi voha va Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Xiva, Shosh kabi qadimiy shaharlar islom dunyosidagi ilm­fan va madaniyat markazlari sifatida mashhur bo‘lgan.

 “Sug‘d”  so‘zining  bir ma'nosi sernam,  unumdor  yer  deb  tushuniladi. Bunga hozirga qadar pastlik, suv yig‘iladigan yer “Sug‘d” , Sug‘ut” deb atalishini dalil qilib ko‘rsatiladi. Sug‘d mamlakati poytaxti Samarqand, 645-654 yillarda Kesh bo‘lib, u 3 ta tarixiy geografik hududni birlashtirgan. Samarqand Sug‘di, Buxoro Sug‘di va Kesh – Naxshab Sug‘di. Har 3 qism o‘zaro tabiiy chegaraga ham ega edi: Zarafshon tog‘ tizmalari Samarqand va Kesh – Naxshab o‘rtasini Karmanadan keyin Malik cho‘li Buxoro va Samarqand Sug‘dini ajratib turgan.[1] Sug‘dning Daraxtlari ko‘pligidan kuyosh nuri ham uning aksar yerlariga tushmagan. Uning tabiati juda go‘zal va havosi juda bohavo bo‘lgan.Samarqand va Buxoro orasida So‘g‘dning 12 rustoqi va 4 ta shahri bo‘lgan. Juda go‘zal voha hisoblangan.[2]

Qadimdan G‘arb bilan Sharqni bog‘lovchi Buyuk ipak yo‘lining markaziy tarmoqlari Sug‘d vohasi orqali o‘tgan. Natijada Sug‘d xalqaro savdo munosabatlarida muhim o‘rin tuta boshlagan. Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab Sug‘d savdogarlarining qishloqlari, shaharlarida esa ularning mahallalari paydo bo‘lib, [3] Sug‘d tili shakllangan va ko‘p yillar xalqaro til rolini o‘ynagan.

Manbalardan ma'lum bo‘lib turibdiki Sug‘d vohasi ham qadimdan qatta hududni egallagan. Bu hududda tug‘ilib faoliyat ko‘rsatgan ko‘plab buyuk zotlar, olimlar “Sug‘diy” nisbasi bilan dunyoga tanilgan. Ular jahon taraqqiyoti, ilm-fanning rivoji va uning takomillashuviga o‘zining ulkan hissalarini qo‘shgan.

Sug‘diy nisbasi bilan tanilgan allomalardan biri Abu Bakr Rozmaziy Sug‘diy bo‘lib, u Sug‘dga qarashliRozmaz tishlog‘ida tug‘ilgan. Allomaning to‘liq ismi Abu Bakr Muhammad ibn Ja'far ibn Jobir ibn Qarqon Rozmaziy Sug‘diydir. Aksar manbalarda allomani Abu Bakr Rozmaziy deb keltirgan. Abu Bakr Rozmaziy hadislarni Hasan ibn Sohib Shoshiy, Abu Na'im Abdulmalik ibn Muhammad ibn Adiy Astarboziy va Zohir ibn Abdulloh ibn Xusayb Sug‘diy kabi bir qancha muhaddislardan rivoyat qilgan. O‘z navbatida Abu Bakr Rozmaziydan esa o‘z davrining bilimli yetuk allomalari bo‘lmish hofiz Abu Sa'd ibn Abdurrahmon ibn Muhammad Idrisiy va Abu Hafs Umar ibn Ahmad ibn Muhammad Shohiniylar ham hadis tinglagan va rivoyat qilgan.

Manbalarda Abu Bakr Rozmaziyni 377/987 yoki 379/989 yilda vafot etganligi qayd etilgan[4].

Sug‘diy allomalardan yana biri Abulabbos Ahmad Bujayriy Sug‘diy bo‘lib, uning to‘liq ismi Abulabbos Ahmad ibn Abulhasan Muhammad ibn Abu Hafs Umar ibn Muhammad ibn Bujayr ibn Xozim Sug‘diy Xushufag‘oniydir. U xalq orasida Ahmad Bujayriy va Ahmad Xushufag‘oniy nomlari bilan mashhur bo‘lgan. Chunki Xushufag‘an qishlog‘i Sug‘d hududidagi qishloq bo‘lgan. Ahmad Bujayriy boshlang‘ich ilmini tug‘ilib o‘sgan qishlog‘i Xushufag‘onda bobosi Abu Hafs Bujayriydan olgan. Manbalarda keltirishicha Abu Hafs Bujayriyning “al-jomi' as-Sahih” (“Ishonchli to‘plam”) va “Kitobu-s-safina” (“Kema kitobi”) nomli kitoblar tasnif etgan. Ahmad Bujayriy esa bobosidan ushbu ikki kitobi bo‘yicha ta'lim olgan va ularni to‘liq o‘zlashtirgan.[5] Keyinchalik Ahmad Bujayriy ko‘plab o‘z davrining yirik muhaddislaridan hadis tinglagan va yozib olganligi bois u o‘z davrining taniqli roviylaridan biri bo‘lib ulg‘ayadi. O‘z navbatida undan ham bir qancha ilmi toliblar hadis rivoyat qilgan. Ahmad Bujayriy hijriy 372yilning rabi'u-l-avval (milodiy 982 yil avgust yoki sentyabr) oyida vafot etgan[6].

Sug‘diy allomalardan yana biri Abu Nazr Sog‘arjiy So‘g‘diydir. Uning to‘liq ismi Muhammad ibn Hotam ibn Sa'id Sog‘arjiy So‘g‘diy bo‘lib, Abu Nazr esa uning kunyasidir. Abu Nazr Sog‘arjiy daslabki tahsilni otasi Hotam ibn Sa'iddan olganligi bois u asosan hadislarni otasidan va o‘sha davrning bir qancha allomalardan rivoyat qilgan. O‘z navbatida Abu Nazr Sog‘arjiydan esa Abu Bakr Muhammad ibn Abdulloh ibn Ibrohim Mustalamiy kabi alomalar hadis o‘rgangan va rivoyat qilgan[7].

Sug‘diy allomalardan yana biri Ali So‘g‘diy bo‘lib, uning to‘liq ismi Ali ibn Husayn ibn Muhammad So‘g‘diy – Buxoroda yashagan. Hanafiy faqih, fozil imom va munozir bo‘lgan. Buxoroda vafot etgan. Ali So‘g‘diy bir qancha kitoblar tasnif qilgan. “an-Nutaf fi-l-fatovo” (“Turfa fatvolar”), “Sharhu kitobi-l-xisof fi adabi-l-qoziy ala mazhabi bi Hanifa” (“Abu Hanifa mazhabida qozi odoblari jamlangan kitob sharhi”), “Sharhd-l-jomi' al-kabiyr li-sh-Shayboniy fi furu'i-l-fiqhi-l-hanafiy” (“Hanafiy   furu'   al­fiqhi haqidagi Shayboniyning “al-Jomi' al-kabiyr” asariga sharh”) kabi asarlar shular jumlasidandir.[8]

Sug‘diy allomalardan yana biri So'id So‘g‘diy bo‘lib, uning to‘liq ismi So'id ibn Muhammad So‘g‘diy Turkistoniydir. U riyoziyot ilmini bilimdoni bo‘lib, “ar-Risolat al-iloiyat al-hisobiya” (“Hisob-kitobga oid Alouddinga bag‘ishlangan risola”) nomli kitob tasnif etgan. So'id So‘g‘diy bu asarni 712/1312 yilda Alouddin Muhammad ibn Mahmud G‘aznaviy Vazirga bag‘ishlab yozgan.

Bundan tashqari Abdulloh Abdulhamid Saad o‘zining “O‘rta Osiyo olimlari qomusi” nomli kitoida Ayyub ibn Sulaymon ibn Dovud So‘g‘diy (v. 887 y) Abu Ya'qub Is'hoq ibn Hison ibn Quhiy So‘g‘diy, Is'hoq ibn Ibrohim ibn Mansur So‘g‘diy, Abu Abdulloh G‘uvrak ibn Hazram So‘g‘diy Qoriy, Abdulloh ibn Muhammad ibn Ayyub So‘g‘diy, Muhammad ibn Ahmad ibn Sakan So‘g‘diy, Abu Muhammad Abduljalil ibn Sobit So‘g‘diy, Abula'lo Komil ibn Mukarram ibn Muhammad ibn Umar ibn Vardon Tamimiy So‘g‘diy kabi allomalarning nomlarini keltirib o‘tgan. [9]

Sug‘diy allomalarning hayoti, faoliyati ilmiy­ma'naviy merosini har tomonlama chuqur tadqiq qilish Sug‘d vohasi tarixini o‘rganish bilan bir qatorda, eng muhimi, Sug‘diy allomalarning ilm-fan rivojida tutgan o‘rinlarini aniqlashga xizmat qiladi.

 

                                                                                         Imom Buxoriy Xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, Payariq tuman “Sog‘ish ota” jome masjidi imom xatibi Nodir Qobilov


Kiritilgan vaqti: 18/09/2019 14:50;   Ko‘rilganligi: 1651
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/kiyinish-madaniyati
Chop etilgan vaqti: 11/12/2024 23:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing