O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Imom Quduriy

 
 

“Kim Quduriy matnini o‘qimagan bo‘lsa hanafiy

fiqhidan ko‘p narsani qo‘ldan boy beribdi”.

Mashoyixlar.

Bu kishining to‘liq ismlari Abul Husayn Ahmad ibn Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Ja’far ibn Xamadon bo‘lib, Bag‘dodning Hanafiy faqihlaridan hisoblanadi. Bu ulug‘ olim hijriy 362-sanada tug‘ilib, hijriy 428-sanada vafot etgan. Kasblari qozon yasab sotish bo‘lganligi uchun “Quduriy” degan nom bilan mashhur bo‘lgan. Bu esa har bir inson o‘ziga kifoya qiladigan darajada halol kasb bilan tirikchilik qilishi lozim ekanligiga dalolat qiladi. Garchi o‘sha kasbi qozon yasab sotish kabi sodda oddiy bir kasb bo‘lsa ham. Imom Quduriy ushbu kasbi mashaqqatli bo‘lishiga qaramasdan o‘z hunarini mohir ustasi edi. Shu bilan birga ilm olishga va shogirdlariga dars berishga hamda kitob yozishga alohida vaqt ajratar edi. Ushbu imom bizga buyuk kitoblarni taqdim qildi. Shulardan biri hanafiy mazhabining eng ishonchli asarlaridan biri hisoblangan matn bo‘lib, ko‘pchilik ilm ahllari uzra qo‘lma-qo‘l bo‘lgan. Hatto asr mashoyixlari “Kim Quduriy matnini o‘qimagan bo‘lsa hanafiy fiqhidan ko‘p narsani qo‘ldan boy beribdi”, deganlar.

Ulg‘ayishlari

Imom Quduriyning otalari olim va muhaddis edi. Yoshlik davrlarida Qur’oni karimni to‘liq yod oldi va uni doimo tilovat qilib yuradigan bo‘ldi. Shuningdek, turli shar’iy ilmlarni o‘rgandi. So‘ngra Iroqdagi ta’lim dargohida ilm oldi. O‘sha davr Abbosiylar halifaligi davri bo‘lib, Bag‘dod shahri ilm poytaxti hisoblanar edi. Ilm dargohida imomning qadr-qimmati yuksaldi. Bunga sabab u kishi fikrlarini chiroyli ifoda qilishlari va gapga usta ekanligi hamda doimiy ravishda Qur’oni karimni tilovat qilib yurishlari edi.

Imom Quduriy o‘z davrlarida bir qancha kitoblar ta’lif qildilar. Shulardan eng mashhuri hanafiy mazhabiga asoslangan “Muxtasari Quduriy” bo‘lib, bu kitob ulamolar orasida katta e’tiborga sazovor bo‘lgan. “Misbahu-l-anvor fiy ad’iyati-l-layli va-n-nahar” kitobining sohiblari Zayniddin Antokiy al-Hanafiy aytadi: “Hanafiylar vabo tarqagan kunlarda ushbu kitobni tabarrukan o‘qishar edi. Bu muborak kitob bo‘lib, uni yodlagan kishi faqirlikdan omonda bo‘ladi. Hattoki, agar biror kishi solih ustozdan ushbu kitobni ta’lim olsa va uning haqqiga ustozi baraka tilab duo qilsa, o‘sha odam kitobdagi masalalarni adadicha dirhamga ega bo‘ladi, deyishgan”. Ushbu kitob o‘n ikki ming masalani o‘z ichiga olgan bo‘lib, unga yozilgan sharhlar juda ham ko‘p.

Ulardan mashhurlari: “Al-javohiru-l-muziyya” va “Kashfu-z-zunun” asarlari hisoblanadi. Burhoniddin Marg‘inoniyning “Hidoya” asarini ham “Muxtasari Quduriy”ning sharhlaridan biri deyish mumkin. Chunki Imom Marg‘inoniy o‘z kitobiga “Muxtasari Quduriy” ni va “Jome’u-s-sag‘iyr”ni asos qilib olgan.

Ustozlari

1-Abu Abdulloh Muhammad ibn Yahyo ibn Mahdiy Jurjoniy.

2-Abu Husayn Ubaydulloh ibn Muhammad Shayboniy.

3-Abu Bakr Muhammad ibn Ali ibn Hasan ibn Suvayd al-Mu’addab.

Shogirdlari

1-Abu Bakr Ahmad ibn Ali Xatib Bag‘dodiy.

2-Qoziyu-quzot Abu Abdulloh Muhammad ibn Ali ad-Damg‘oniy al-Kabir.

3-Abu Nasr Ahmad ibn Muhammad ibn Muhammad Aqto’.

4-Abdurrahmon ibn Muhammad Saraxsiy.

Asarlari

1-Al-muxtasar.

2-Sharxi muxtasari Karxiy.

3-Juz’un fi-l-hadis.

4-Adabu-l-qoziy ’ala mazhabi Abu Hanifa.

5-At-tajrid.

Imom Quduriy to‘rtinchi tabaqadagi tarjiyh ahlidan, ya’ni, mazhabimiz masalalarining ba’zisini ba’zisidan afzal va avloga ajrata oladigan ulamolardan hisoblanadi.

Imom Quduriy hijriy 428 sanada rajab oyining beshinchisi, dushanba kuni (mil. 1036 yil 25 oktyabr) Abu Xalaf yo‘li bo‘yidagi uyida vafot etadi va o‘sha yerga dafn qilinadi. Ibn Xallikonning ta’kidlashicha, keyinchalik uning jasadi Mansura ko‘chasidagi qabristonga, hanafiy mazhabi faqihlaridan Abu Bakr Xorazmiy qabri yoniga ko‘chirilgan.


Kiritilgan vaqti: 16/03/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4254
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/imom-quduriy
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 12:53
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing