O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Ilmning fazli amal bilan bo‘ladi

 
 

Islom dini insonlarga ilmi orqali o‘rnak bo‘lishga chaqiradi. Komillikka olib boruvchi ilmni o‘rganib, uni amali ila fazlatli qilish ulug‘lar yo‘lidir. “Olimning siyohi g‘oziyning qonidan afzaldir”, degan hikmat bor.

Ali roziyallohu anhu aytadilar: «Ilm mol-dunyodan yaxshidir. Ilm seni qo‘riqlaydi. Mol-dunyoni esa sen qo‘riqlaysan. Ilm – hukm qiluvchidir, molning ustidan esa hukm qilinadi. Mol yig‘uvchilar o‘tib ketdilar. Ilm to‘plaguvchilar esa boqiy qoladilar. O‘zlari oramizda yo‘q bo‘lsalar-da, shaxslari qalblarda mavjuddir». (Adabu dunyo vad-din).

Ibn Mas’ud raziyallohu anhu talaba yoshlarni ko‘rganda bunday der ekanlar: «Marhabo, ey hikmat buloqlari, zulmat chiroqlari, kiyimi eski-yu qalbi yangilar, uylarning mahbuslari va har bir qabilaning rayhonlari». («Jomeu bayonil ilmi va fazlih») Ya’ni ilm talabi bilan mashg‘ul bo‘lish, dars va mubohasa uchun uyda o‘tirish ularning eng asosiy sifatlaridandir. Ilm izlash yangi kiyimlarni kiyishdan, tengdoshlari kabi ko‘chalarda sayr-sayohat qilishdan ularni to‘sib turadi.

Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadilar: «Ilm o‘qinglar, zero uni Alloh uchun o‘rganish qo‘rquvni paydo qiladi. Ilm talab qilish – ibodat, uni yodlash tasbeh, u haqda bahs qilish jihoddir. Uni bilmagan kishiga o‘rgatish sadaqa, egalariga sarflash Allohga yaqin bo‘lishdir. U halol bilan haromni ajratuvchi belgi va jannat ahli yo‘llarini yorituvchi mayoqdir. Ilm yolg‘izlikda ulfat, g‘ariblikda hamroh, xoli qolganda suhbatdosh, shodonlik va xafalikda yo‘l ko‘rsatuvchi, dushmanga qarshi qurol, do‘stlar o‘rtasida ziynatdir. Alloh ilm sababli ba’zi qavmlarni yuksaklarga ko‘tarib, ularni yaxshilikda yulboshchi va peshvo qilib qo‘yadi. Ilm tufayli ularning izlaridan yuradilar, amallariga ergashadilar va fikrlarini qabul qiladilar. Maloikalar ular bilan do‘stlashishni xohlaydilar, qanotlari bilan ularni siypalaydilar. Ular uchun barcha ho‘lu quruq, dengizning katta baliqlari-yu mayda hashoratlari, quruqlikdagi yirtiqichlaru chorva hayvonlarning barcha-barchasi istig‘for aytadi. Ilm qalblarga hayot berib, jaholatdan qutqaradi, ko‘zlarga nur berib, zulmatdan qutqaradi. Banda ilm tufayli solihlar darajasiga, dunyo va oxiratdagi oliy martabaga yetib oladi. Ilm borasida fikr yuritish ro‘zaga tengdir. Uni dars qilib o‘rganish qiyomi layl bilan barobardir. U bilan qarindoshlik rishtasi bog‘lanadi. U tufayli halol haromdan ajraladi. Ilm amalning imomi, amal esa uning ergashuvchisidir. U baxtli kishilarga beriladi. Baxtsizlar esa undan mahrum etiladi». («Miftohu doris-saodat» kitobidan).

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu bunday dedilar: «Bir kishi Tihoma tog‘laricha gunoh bilan uyidan chiqadi. Ilmga quloq solsa, unda qo‘rquv paydo bo‘ladi va gunohidan qaytib, tavba qiladi. Natijada bironta gunohsiz uyiga qaytib keladi. Bas, ulamolar majlisidan ajralmanglar». («Miftohu doris-saoda»).

Umar roziyallohu anhu yana dedilar: «Ey, insonlar, ilmni mahkam ushlanglar. Zero, Alloh subhanahuning yaxshi ko‘radigan ridosi bor. Kim ilmning bir bobini o‘rgansa, Alloh unga o‘z ridosini kiydiradi. Agar u gunoh qilsa, to vafot etgunicha undan ridosini olib qo‘ymaslik uchun undan g‘azabini tiyadi».(«o‘sha manba»).

Abu Dardo roziyallohu anhu aytadilar: «Bir masalani o‘rganishim menga kechasi bilan namoz o‘qishimdan yaxshiroqdir». («o‘sha manba»).

Hasan Basriy aytadilar: «Ilmning bironta bobini o‘rganib, so‘ng uni bir musulmonga o‘rgatishim menga dunyoning hammasi Alloh yo‘lida meniki bo‘lishidan yaxshiroqdir» (Al-majmu’,sharhu muhazzab). Imom Shofeiy rahmatullohi alayh aytadilar: «Farz ibodatlaridan keyin ilm talab qilishdan afzalroq narsa yo‘q».

Imom Ahmad va Ibn Abdul Barr rivoyat qiladi: “Umar roziyallohu anhu: «Ilmni o‘rganinglar va o‘rgatinglar. Uning uchun viqor va sokinlikni ham o‘rganinglar. O‘zingiz ta’lim olgan va ta’lim bergan kishiga tavozeli bo‘ling. Ulamoning jabbori bo‘lmang. Jahlingiz ilmingiz ila qoim bo‘lmaydi», dedi».

Ibn Abdul Barr Hilol al-Varroqdan rivoyat qiladi:

«Umar ibn Xattob roziyallohu anhu:

«Ogoh bo‘linglar! Eng sodiq gap Allohning kalomidir. Eng go‘zal hidoyat Muhammad sollallohu alayhi vasallamning hidoyatidir. Ishlarning eng yomoni yangi paydo qilinganidir.

Ogoh bo‘ling! Ilm odamlarga ularning akobirlaridan kelsa, ular yaxshilikda bardavom bo‘lur», der edilar».

Tabaroniy Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qiladi:

«Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Jobiyada xutba qilib:

«Ey odamlar! Kim Qur’ondan so‘ramoqchi bo‘lsa, Ubay ibn Ka’b roziyallohu anhuning oldiga kelsin. Kim merosdan so‘ramoqchi bo‘lsa, Zayd ibn Sobit roziyallohu anhuning oldiga kelsin. Kim fiqhdan so‘ramoqchi bo‘lsa, Muoz ibn Jabal roziyallohu anhuning oldiga kelsin. Kim mol-dunyo­dan so‘ramoqchi bo‘lsa, mening oldimga kelsin. Alloh meni unga voliy va taqsimlovchi qildi», dedi».

Hazrati Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu ilm to‘g‘risida shunday marhamat qiladilar: «Ilm moldan yaxshidir, chunki ilm seni qo‘riqlaydi, sen esa molni qo‘riqlaysan. Ilm hokimdir, mol esa mahkum. Nafaqa qilish bilan mol kamayadi, ilm esa, o‘rgatish bilan ziyoda bo‘ladi».

Hazrati Ali roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday dedilar: «Ilm xazinadir, uning kaliti esa savol. Ogoh bo‘linglar! So‘ranglar, chunki bu bilan to‘rt kishi savobga erishadi: so‘rovchi, olim, tinglovchi va ularni sevuvchi» (Abu Na’im).Abu Asvad roziyallohu anhu deydilar: «Ilmdan azizroq narsa yo‘q. Podshohlar insonlar ustidan hukm qiladi, ulamolar esa podshohlar ustidan hukm qiladi».

Ibn Abbos roziyallohu anhu dedilar: «Sulaymon ibn Dovud alayhissalomga ilm, mol va podsholikdan birini tanlash ixtiyori berildi. U zot ilmni ixtiyor qildilar. Natijada unga mol bilan podshohlik ham qo‘shib berildi».

Ibn Abbos roziyallohu anhu dedilar: «Toliblikda xokisor bo‘ldim, matlublikda esa aziz bo‘ldim».

Ato roziyallohu anhu aytdilar: «Bir ilm majlisi 70 ta behuda majlisga kafforot bo‘ladi».

Imom Shofe’iy roziyalohu anhu aytadilar: «Talabi ilm nafl namozlaridan afzaldir».

Ibn Muborakdan so‘radilar: «Insonlar kimdir?» «Ulamolar», dedi. «Podsholar kim?» «Taqvodorlar», dedi. «Do‘zaxiylar kim? «Din sababli dunyoni yeydigan odamlar», dedi. Demak, tom ma’nodagi inson bo‘lish uchun sohibi ilm bo‘lish lozim. Chunki, insonlarni hayvondan ajratib turadigan xususiyat ilmdir. Zero, inson nima bilan sharafli bo‘lsa, o‘sha narsa bilangina inson hisoblanadi.

Insondagi bu sharaf uning jismoniy quvvatining natijasi emas, chunki tuya undan ko‘ra quvvatliroqdir, kattalik bilan ham emas, fil undan ko‘ra kattaroq, shijoat bilan ham emas, chunki yirtqich hayvon undan-da shijoatliroq, ko‘p yeyish bilan ham emas, ho‘kiz undan ko‘ra ko‘proq yeydi. Demak, inson faqat ilm bilan sharaflanadi.

Faxrul Musuliy roziyallohu anhu shogirdlaridan shunday deb so‘radilar: «Agar bemor taom, sharob va dori iste’mol qilmasa, o‘ladimi?» «O‘ladi», deyishdi. «Qalb ham shunday, agar uch kun ilm va hikmatdan man etsangiz, u ham o‘ladi», dedilar.

Naqadar to‘g‘ri so‘z. Qalbning ozig‘i ilm va hikmatdir, qalb shu ikkalasi bilan tirikdir, xuddi jasadning ozuqasi taom bo‘lganidek.

Ilmning nihoyasi yo‘q. Shuningdek, barcha ilmlar fazilatli, qimmatli, sharafli bo‘lib, har ilmning o‘ziga xos bir fazilati bor. Bir shaxsning barcha ilmlarni o‘zida mujassam eta olishi imkon doirasidan tashqaridadir.

«Agar biz ilmni nihoyasiga yetmoq uchun o‘rgansak, noqislik qilgan bo‘lamiz. Balki biz ilmni, har kuni nodonligimizni kamaytirmoq va bilimimizni oshirmoq uchun o‘rganamiz», deydi Movardiy.

Ba’zi olimlar aytadi: «Ilmga sho‘ng‘igan kishi dengizga sho‘ng‘igan g‘avvos kabidir: na biror yerni ko‘rur, na dengizning kengligini va uzunligini sezur».

Ibn Ma’sud roziyallohu anhu dedilar: «Ilm ko‘tarilib ketmasdan oldin uni mahkam tutinglar, uning ko‘garilishi esa roviylarning ko‘tarilishi bilandir. Nafsim qo‘lida bo‘lgan zotga qasamki, albatga, Allohning yo‘lida shahid bo‘lganlar qiyomat kunida ulamolarning martabalarini ko‘rib, ulardan bo‘lib tirilmoqni havas qiladilar. Chunki hech kim olim bo‘lib tug‘ilmaydi, balki ilm ta’lim olish bilan hosil bo‘ladi».

Olimning siyohi g‘oziyning qonidan afzal.

Ibn Abbos roziyallohu anhu: «Tunning ba’zisida ilm, muzokora qilmog‘im butun tun bo‘yi ibodat qilmog‘imdan sevimliroqdir», dedilar.

Luqmoni hakim o‘g‘liga shunday vasiyat qilganlar: «Ey o‘g‘ilcham, ulamolar bilan birga bo‘lgin, ular bilan majlislarda tizzama-tizza o‘tirgin, chunki Alloh taolo go‘yoki osmon suvlari bilan yerni tiriltirganidek. hikmat nuri bilan qalbni tiriltiradi, Ey o‘g‘ilcham, namozni to‘kis ado et, yaxshilikka buyur va yomonlikdan qaytar hamda o‘zingga yetgan balolarga sabr qil. Albatta, mana shular ishlarning maqsadga muvofig‘idir. Agar dunyo molini iroda etsang, u bilan shug‘ullan! Agar oxirat qayg‘usin iroda etsang, zuhdu taqvo bilan shug‘ullan! Agar har ikkalasin iroda etsang, ilm bilan shug‘ullan! Chunki ilm dunyo izzati va oxirat sharafidir».

Imom Zuhriy rahmatullohi alayh aytadilar: «Ilm zikrdir va uni zikr qilguvchilargina sevadilar».

Imom G‘azzoliy rahmatullohi alayh deydilar: «Ilm fikrning xos mevasidir. Agar qalbda ilm hosil bo‘lsa, uning holati o‘zgaradi. Bas, amal holatga, holat ilmga, ilm fikrga tobedur».

Sufyoni Savriy rivoyat qiladilar: «Asqaloniy bir shaharga kelib, u yerda ancha vaqt ushlanib qoldi, so‘ngra: «Men bu shahardan chiqib ketaman, bu yerda ilm o‘lar ekan», dedi». Asqaloniyning bunday deyishlari sababi ta’lim va uning fazilatini buyuk sanagani va unga bo‘lgan rag‘bati hamda muhabbatining beqiyosligi tufayli edi. Chunki qayerda ta’lim bo‘lmasa, o‘sha yerda ilm o‘ladi.

Ato rivoyat qiladilar: «Bir kuni Said ibn Musayyabning oldiga kirsam, yig‘lab o‘tiribdi. «Nima uchun yig‘layapsiz?» deb so‘rasam, «Hech kim mendan biror narsa so‘ramay qo‘ydi», deb javob berdi».

Hasan roziyallohu anhu aytadilar: «Agar ulamolar bo‘lmaganida, odamlar hayvonlarga o‘xshab ketar edi. Chunki ulamolar ta’lim berish bilan insonlarni hayvonlik haddidan chiqarib, insonlik haddiga kirgizadilar.

Yahyo ibn Maoz roziyallohu anhu dedilar: «Ulamolar Muhammad alayhissalom ummatiga ota-onalaridan ko‘ra mehribonroqdir. Chunki ularning ota-onalari, ularni dunyo olovidan saqlaydilar, ulamolar esa ularni oxiratning olovidan asrab qoladilar».

Ilm ko‘zi ojizlar uchun qalbning hayoti, zulmatda ko‘zning nuridir. Zaiflikda bandaning quvvatidir. U bilan banda abrorlar manziliga va oliy darajalarga erishadi. Ilm bilan fikr qilmoq ro‘zaga barobardir. Ilm darsi esa kechalari qilingan ibodatga teng. Ilm vositasida taqvo qilinadi, u bilan qarindoshlik rishtalari mustahkamlanadi, u bilan halol va haromlar bilinadi. U imomdir, amal esa unga tobe. Baxtli insonlar unga erishadilar, badbaxtlar esa undan mahrum bo‘ladilar.

Inson bir narsani talab qilar ekan, albatga, uning fazilatini bilmog‘i shart, aks holda undan ko‘zlangan maqsad ro‘yobga chiqmaydi.

Yuqorida ilmning fazilatlari haqida keltirilgan so‘z javohirlari ham Alloh taolo Odam bolalariga bergan ne’matning nechog‘lik ulug‘ligini bildirish uchundir.

Demak, biz ulug‘ maqom va martabalarning talabgori bo‘lsak va ma’rifatli bo‘lib qalb ko‘zgusini tiniqlashtirmoqchi bo‘lsak ushbu ma’lumotlarga amal qilmog‘imiz zarur.

manba: muslim.uz


Kiritilgan vaqti: 04/10/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 7495
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ilmning-fazli-amal-bilan-boladi
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 15:49
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing