O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

ILM CHIROG‘I O‘CHMAGAY

 
 

«Yaratgan Robbingning ismi ila o‘qi!»

(Alaq surasi, 1-oyat)

Haq yo‘lida kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado oning haqqin ming ganj ila.

Alisher Navoiy

Muborak kalomining nuzulini «O‘qi!» deb boshlagan, ilmga, ma’rifatga chaqirgan va har bir amalda xulusi niyat va ilmni shart qilgan Alloh azza va jallaga hamdu sanolar bo‘lsin!

Ummatlariga ikki dunyo saodatining ilmini o‘rgatgan, bashariyatni johiliyat zulmatidan ma’rifat nuriga olib chiqqan sarvari koinot, xotamul anbiyo hazrati Muhammad alayhissalomga durudu salovotlar bo‘lsin!

Dunyoga endigina kelgan chaqaloqni go‘yo oppoq, top-toza daftarga tashbeh qilish mumkin. Endi bu daftarga u ko‘radigan, eshitadigan, sezadigan barcha narsalar yozila boshlaydi. Demak, inson hayotining ilk lahzalaridan boshlab beixtiyor ilm ola boshlaydi. Ammo «ilm» so‘zi lug‘atda «bilish, anglab, tushuncha hosil qilish, bir narsaning haqiqatini, mohiyatini bilish» kabi ma’nolarni anglatadi. Shuning uchun Islom ulamolari ilmga «haqiqatni xuddi voqe’likdagidek idrok qilish ilmdir» deb ta’rif berishgan. Buning ma’nosi shuki, olingan ma’lumot bir narsaning asl mohiyatini to‘g‘ri anglatsagina, undan dunyo va oxiratimizga manfaat hosil bo‘lsagina chinakam ilm hisoblanadi.

Muqaddas Islom dinimizni ham ilmsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Qur’oni karimda ilm so‘zi va uning shakldoshlari 811 joyda zikr qilingan. Bu esa Alloh taoloning nazdida ilmning naqadar muhimligini ko‘rsatadi.

Ilm – eng fazilatli amaldir, chunki u ikki dunyo saodatining kalitidir. Inson ilm va ma’rifat bilangina chinakam hayotdir. Insonning hayotini to‘g‘ri yo‘lga solmagan, uning fe’l-atvorida, amalida ta’siri bilinmagan, Alloh va Uning Rasulining yo‘liga yetaklamagan ilmda yaxshilik, xayr-baraka yo‘qdir. Shuning uchun o‘rganilgan emas, amal qilingan ilm haqiqiy ilm sanaladi. O‘qigan, bilganiga amal qilmagan odam bu ilmning hammoli bo‘ladi, xolos. Shuning uchun Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam manfaatsiz ilmdan panoh so‘raganlar.

Islom dini insonga ilm o‘rganishni, manfaatli bilimlar sohibi bo‘lishni, jaholatni yo‘q qilishni buyuradi, chunki insonning yaratilish g‘oyasi Allohni tanish, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ummat bo‘lib, dinimizning ko‘rsatmalariga amal qilishdir.

Mavlono Rumiy aytganlaridek, «Jaholat – zulmatdir. Qorong‘ida daraxt dev bo‘lib, olma esa tosh bo‘lib ko‘rinadi». Johil odamga oddiy narsa qo‘rqinchli bo‘lib, yaxshi narsa foydasiz bo‘lib ko‘rinadi. Bu illatning davosi esa talabi ilmdir. Ilm haq bilan botilni farqlashning eng muhim vositalaridan biridir, bitmas-tuganmas xazinadir.

Islom dinida ilm Alloh taoloning rozigini olish va solih amal qilish maqsadida o‘rganiladi. Ixlos bilan o‘rganilgan ilm insonni Allohga yaqinlashtiradi, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yo‘liga ergashtiradi, sohibining darajotlarini yuksaltiradi. Chunki musulmon inson uchun eng aziz ne’mat iymondir. Iymon uchun esa ilm zarurdir, ilmsiz iymon-e’tiqod bo‘lmaydi. Shuning uchun Qur’oni karimda ziyoda qilinishi so‘ralgan birgina ne’mat ilmdir:

«Robbim, mening ilmimni ziyoda qil!»

(Toha surasi, 114-oyat)

Inson uchun eng buyuk daraja Allohning nazdida hurmat qozonishdir. Alloh taolo bu darajaga erishishning yo‘lini ham ko‘rsatib, shunday marhamat qilgan:

«Allohning huzurida eng hurmatlilaringiz eng taqvodorlaringizdir»

(Hujurot surasi, 13-oyat)

Demak, Robbimizning nazdida hurmatga sazovor bo‘lishning vositasi taqvo ekan, ya’ni Allohning g‘azabidan qo‘rqish, Uning diydoridan mahrum bo‘lib qolishdan qo‘rqish ekan. Bunday baxt-saodatga kimlar musharraf bo‘ladi? Bu savolning javobini ham Qur’oni karimdan topamiz:

«Albatta, Allohdan bandalari ichida faqat olimlargina qo‘rqarlar».

(Fotir surasi, 28-oyat)

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Alloh kimga yaxshilikni iroda qilsa, uni dinda faqih qilib qo‘yadi», deb marhamat qilganlar. Shuningdek, inson vafot etganda savobi uzilmay borib turadigan amallarni qilib olish imkoni berilgan.

Abu Hurayra roziyallohu anhu rivoyat qiladi: «Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: «Qachonki odam vafot etsa, amali kesiladi. Magar uch narsadan: joriy sadaqa, manfaat oladigan ilm yoki uning haqqiga duo qiladigan solih farzanddan kesilmaydi», dedilar» (Imom Muslim).

O‘ylaymizki, ushbu oyat-hadislar ilmning naqadar buyuk fazilat ekanini tushunib yetish uchun kifoyadir.

Ilmning o‘zi shu qadar fazilatlarga ega ekan, uni o‘rgatgan olimlar, ustozlar, murabbiy va muallimlarning fazli qanchalar ulug‘ bo‘ladi? Albatta, bizni ilm dengizidan, hikmat sarchashmalaridan bahramand qilgan ustozlarimizning darajotlari benihoya yuksak bo‘ladi. «Ustoz otangdan ulug‘» deydi dono xalqimiz.

Har bir insonni, u harchand ko‘p ilmga ega bo‘lmasin, bir kamtar ustoz o‘qitgan, tarbiyalagan bo‘ladi. Hech kim o‘z-o‘zidan olim bo‘lib qolmaydi. Ilm faqat o‘qib-o‘rganish bilan hosil bo‘ladi. Bu esa tolibi ilmdan iroda, qat’iyat, g‘ayrat-shijoat talab qilsa, ustozdan mehr, talabchanlik va tog‘dek sabr-matonat talab qiladi. Bu fazilatlar bilan ne’matlantirilgan zotlar Alloh taoloning dargohida eng yuksak darajotlarga ega bo‘ladilar.

Bizning ajdodlarimiz, bobokalonlarimiz ana shunday tolibi ilm bo‘lganlar, ilm o‘rganishni o‘zlariga farz deb bilganlar, ilm o‘rgatishni o‘zlariga burch deb bilganlar, pok niyat bilan ilm ummonidan duru javohirlar qidirganlar. Diyorimiz, ona Vatanimiz Islom nuri ila munavvar bo‘lgan davrdan boshlab o‘lkamiz ilmu ma’rifat maskaniga aylandi, son-sanoqsiz masjidu madrasalar bino bo‘ldi, ulardan ming-minglab buyuk allomalar, ulug‘ zotlar yetishib chiqdi. Xalqimizning chinakam iftixori bo‘lmish bu olimu ulamolar, fozilu fuzalolar bashariyatga mudarris bo‘ldilar, Islom nurini butun olamga taratdilar, butun dunyoni ilmu ma’rifatga, kutubxonalarini kitoblarga to‘ldirdilar.

Imom Buxoriy, imom Termiziy, imom Moturidiy, Burhonuddin Marg‘inoniy, Bahouddin Naqshband, al-Farg‘oniy, Zamaxshariy, Beruniy, Ibn Sino kabi minglab buyuk vatandoshlarimiz jannatmakon Vatanimizning dovrug‘ini butun kurrai zaminga, jumlai jahonga yoydilar. Mana, ming yillardan oshdiki, butun dunyo bizni Buxoriyning vatandoshlari, Termiziyning avlodlari deb ehtirom qiladi.

Biz ana shunday ulug‘ ajdodlarning avlodimiz, ular qoldirib ketgan bitmas-tuganmas ilmiy merosning, ulkan xazinaning vorislarimiz. Yurtimiz istiqlolga erishganiga chorak asr to‘lgan bugungi dorilomon kunlarda sizu bizning, yoshlarning vazifasi yana ilmga berilish, bugungi kunda inson vazifasi fan-texnika taraqqiyoti tufayli erishgan barcha bilimlarni egallashdir. Zero, yuqorida aytganimizdek, Islom dini insonning ikki dunyo saodatiga erishishi uchun manfaatli bo‘lgan har bir bilimni ilm deb hisoblaydi, ba’zilar o‘ylaganidek, ilmni diniy yoki dunyoviy deb farqlamaydi. Vatanimizning mustaqilligini mustahkamlashning eng muhim vazifasi har bir sohada o‘z mutaxassislarimizni, olimlarimizni yetishtirishdir. Shunday ekan, ilm-fanning qaysi yo‘nalishi bo‘lishidan qat’i nazar, o‘zligimizga qaytishimiz, milliy qadriyatlarimizni tiklashimiz, olim bobokalonlarimiz qoldirib ketgan qo‘lyozmalarni o‘qib, o‘rganib, ulardan hayotning bugungi talablariga javob bera oladigan bilim va ko‘nikmalar hosil qilishimiz lozim.

Kezi kelganda shuni aytish kerakki, botil haqqa ergashsa, taraqqiy etadi, biroq haq botilga ergashsa, tanazzulga yuz tutadi. Bunga ming yillik tarix shohiddir. G‘arb olami Islomdan ilmga chanqoqlikni, izlanuvchanlikni o‘rgandi, musulmonlar to‘plagan bilim va tajribalarni o‘zlashtirdi va natijada bugungi kunda ulkan taraqqiyotga erishdi. Ming afsuslar bo‘lsinki, G‘arbdan jaholat, tushkunlik, behayolik, hashamatga va maishatga ruju qo‘yishni o‘rgangan Sharq xalqlari tanazzulga yuz tutdi, taraqqiyotdan orqada qolib, o‘zgalarga qaram bo‘ldi.

E’tibor beraylikki, moddiy, iqtisodiy jihatdan misli ko‘rilmagan taraqqiyotga erishgan G‘arb olami ma’naviyatsiz bo‘lgani sababli oila, madaniyat, poklik masalasida tanazzulga yuz tutdi. Marsga sun’iy yo‘ldosh uchirayotgan, dunyodagi har bir insonni virtual olam orqali bir-biri bilan bog‘lagan G‘arb olami ma’naviy buzuqlikni, turli razolatlarni tabiiy hol deb tushunadigan bo‘lib qoldi, natijada insoniyat bedavo kasalliklarga duchor bo‘ldi, aql bovar qilmas darajada dahshatli ommaviy qirg‘in qurollari ishlab chiqilib, ular tirik insonlar ustida sinab ko‘rildi.

Demak, tajriba yoki hisob-kitoblar natijasida hosil qilingan har qanday bilim ham insonga foyda beravermaydi. Ilm faqat ezgu maqsadlar yo‘lida, tinchlik, bunyodkorlik, hamjihatlik, taraqqiyot yo‘lida o‘rganilishi kerak ekan. Aks holda olimlarning ba’zi ilmiy tajribalari asnosida kashf qilingan ixtirolaridan qirg‘in qurollari paydo bo‘lmagan bo‘lar edi. Shuning uchun bugungi kunda ilm izlagan har bir inson avvalo pok niyat, ezgu maqsad bilan ishga kirishsin, o‘rganayotgan har bir ilmini faqat yaxshilikka ishlatsin.

Xuddi shuningdek, dinimizga oid ilmlarni ham faqat xulusi niyat bilan, Allohning roziligi uchun, ilm talabini farz ibodat bilib o‘rganish lozim. Uni kimlar bilandir bahslashish, ilmini ko‘z-ko‘z qilish, dinni niqob qilib, turli dunyoviy, g‘arazli maqsadlariga erishish vositasi qilib olish gunohi kabiradir. Bugungi kunda ba’zi yoshlarimizning diniy savodsizligidan, o‘z tarixini, Islom tarixini, dunyo tarixini bilmasligi, siyosiy ongining pastligidan ustalik bilan foydalanib qolayotganlar ko‘payib qoldi. Ularning fikriy xurujlari, mafkuraviy aldovlariga uchayotgan ba’zi g‘o‘r yoshlar oqu qorani tanimay, o‘ziga, oilasiga, Vataniga va eng yomoni, musulmon degan yuksak nomga, Allohning diniga loy chaplamoqdalar, qora kuchlar qo‘lida qo‘g‘irchoq bo‘lib, manqurtga aylanib qolmoqdalar.

Shuning uchun ham ota-bobolarimizning asriy orzusi bo‘lmish milliy istiqlolga erishgan bugungi avlod oldida ulkan, mashaqqatli, ammo sharafli mas’uliyat turibdi. Bu mas’uliyat – Vatanimizning kechasi, buguni va ertasi oldidagi, kelajak avlod oldidagi, butun insoniyat oldidagi mas’uliyatdir. Bu mas’uliyatni zimmaga olish uchun, uni go‘zal tarzda ado qilish uchun chuqur bilimga, diniy va dunyoviy ilmlarga ega bo‘lishimiz lozim. Bu boradagi eng sharafli vazifani muhtaram ustozlarimiz, muallim va murabbiylarimiz ado etadilar. Shuning uchun ularga Alloh taolodan kuch-quvvat, g‘ayrat, sabru matonat tilaymiz, haq yo‘lida o‘rgatgan har bir harflari uchun Robbimizdan bitmas-tuganmas ajru mukofotlar so‘raymiz.

Alloh taolo jonajon Vatanimizni jannatmakon qilsin, xalqimizni O‘zining roziligini topadigan xalqlardan qilsin, osmonimiz musaffo bo‘lsin, maktab-madrasalarimizda ilm chirog‘i o‘chmasin, butun olam ilmu irfon nuri ila munavvar bo‘lsin!


Kiritilgan vaqti: 22/09/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 9724
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/ilm-chirogi-ochmagay
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 16:57
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing