O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

HYOYO INSONNING ZIYNATI

 
 

Xalqimizda “Imonsizda hayo, hayosizda imon bo‘lmaydi” degan ajoyib bir naql yuradi. Albatta bu xikmatli gaplar bekoriga aytilmagan. Bobokalonlarimiz har bir aytgan gaplarini hayot tajribalaridan, muqaddas kitobimiz Qur’onu karim va hadisi sharifga to‘g‘ri keladigan va kelajak avlodning komil voyaga yetishi uchun xizmat qiladigan ma’no-mazmunlarda xikmat qilib qoldirilgan. Hayo imondan bir bo‘lak bo‘lib, u imonni sayqal topishida, go‘zal va pokligida muhim o‘rin tutadi. Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallam: “Imon oltmishdan ziyod bo‘lakdan iboratdir. Uning eng afzali “LA ILAHA ILLOLLOH” kalimasi bo‘lsa, eng pastki darajasi yo‘ldagi insonga aziyat yetkazayotgan narsalarni olib tashlashdir. Hayo ham imondan bir bo‘lakdir.”- deb marhamat qilganlar. Qaysi bir kishining hayosi kuchli bo‘lsa, demak, uning imoni ham kuchlidir. Uning imoni kuchli bo‘lsa, demak, hayosi ham kuchlidir. Hayo bilan imon bir-biriga chambarchas bog‘langan, Allohning bandalariga bergan ulkan ne’matlaridan biridir. Shunday ekan hayoni iymon bilan, iymonni esa hayo bilan bezab hayotimizga tadbiq etsak, eng go‘zal, eng oliy janob, eng iboli, eng hayoli, eng taqvoli musulmonga aylanamiz.

Domla Boqoniyning go‘zallik haqidagi she’rida:

Go‘zal bo‘lsang go‘zaldir dunyo,

Go‘zallikdan yaralgay ziyo.

Go‘zallikning libosi hayo,

Go‘zallikka intilib yasha,

deb, hayo go‘zallikning libosi ekanligini juda go‘zal ta’riflagan.

Payg‘ambarimiz Muhammad sallollohu alayhi vasallam hadisi shariflarining birida: “Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilinglar”, deganlarida sahobalar: “Alhamdulillah, biz Allohdan hayo qilamiz”, dedilar. Shunda Rasululloh unga javoban marhamat qildilar: “Hayo bunday bo‘lmaydi. Balki, haqiqiy hayo miyadagi fikrlarni yaxshilash. Oshqozonni poklash, ya’ni parhezkor bo‘lish va o‘limni doimo yodda tutish bilan bo‘ladi. Kimki shularga e’tibor qilsa Allohdan haqiqiy hayo bilan hayo qilibdi”, dedilar.

Hayo faqat kishimboshda, dinu-diyonatda emas, balki kishilar o‘rtasidagi barcha muomalalarda bo‘lishi kerak. Hayosiz odamning muomalasi qo‘pol o‘zi dag‘al, yuzi nursiz, hammaning aybini ko‘rsatib bitta o‘zini aybsiz deb biladi.

Hayoning ma’nodoshlari oriyat, ibo, uyat, or-nomus va shunga o‘xshash insoniy fazilatlardir. Kimiki bu fazilatlarni o‘zida jamul-jam etsa hayoli kishiga aylanadi. Hayoli kishi esa o‘z-o‘zidan imonli kishiga aylanadi. Imonli kishi vatanini sevadigan , o‘z xalqiga astoydil xizmat qiladigan, muqaddas dinini ko‘z qorachig‘idek avaylaydigan chin mo‘min-musulmon bo‘lib yetishadi. Bugungi kunning qadriga yetmasdan vatangado bo‘lib yurgan noshukr bandalar qalbida na hayo va na imon mavjud.

Voyaga yetayotgan O‘zbekiston kelajagi bo‘lgan farzandlarimiz qalbida har doim imon va hayo quyosh kabi charaqlab tursin. Erkinligimiz boisi, tinchligimiz sababchisi, taroqqiyotimiz omili mustaqilligimiz davomli bo‘lsin.


Kiritilgan vaqti: 22/08/2016 00:00;   Ko‘rilganligi: 3164
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/hayo-insonning-ziynati
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 14:30
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing