O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Оила

Odamlar o‘rtasidagi o‘zaro muhabbat

 
 

"Mehr bersang-mehr olasan", deydi dono xalqimiz. Bu oddiy qoidaga ko‘ra odam boshqalarga mehr bersa, o‘ziga shunday javob qaytadi. Birovga mehr bermagan kishining boshqadan mehr kutishi yoki talab qilishi insofdan emas. Atrofidagilarga mehr ko‘rsatgan odam ham Rabbisidan savob oladi, ham boshqalar muhabbatini qozonadi. Mabodo, odamlar noshukurlik qilib, nomunosib javob qaytarsa ham, u hech narsa yutqazmaydi. Chunki, hamma narsa uning ajru savoblari amallar kitobiga naqd bo‘lib yoziladi. Inson Alloh rizosi uchun birovlarga mehr-shafqat ko‘rsatadi va boshqalardan shu munosabatni ko‘radi. Allox taola bandalariga o‘ta mehribon. Bizni ham rahm-shafqatli, mehribon bo‘lishga buyuradi. “Kim (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur). Kim (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o‘sha (gunoh) miqdorida(bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay”. (An'om surasi, 160-oyat).

Parvardigorimizning mehribonchiligini qarangki, siylashga kelganda birga o‘n savob, jazolashga kelganda birga-bir. Chala mehr, chala yaxshilik ham borki, uni qilmagan yaxshi. Bu istab-istamay qilinadigan yordamdir. Bunda odam qilgan yaxshiligiga javob qaytish-qaytmasligini hisob kitob qiladi. Ko‘zi yetsa, yordam beradi. Yo‘qsa, nomigagina ko‘mak qo‘lini cho‘zib qo‘ya qoladi. Bundaylar kun sanab, oy sanab, qilgan yaxshiligiga qanday javob qaytishini kutadi. Agar javob qaytmasa, o‘zi yordam bergan odamdan biron narsani ro‘kach qilib ko‘mak so‘raydi. Bersa, yaxshi, ammo, imkoni bo‘lib bo‘lmay rad javobi qilsa, yaxshiligini minnat qiladi. Agar qilgan yaxshiligimizga minnat qilsak, o‘sha yaxshilik botil bo‘ladi, savobi ketadi.

Islom aqiydalarining asosi, uning axloqiy-huquqiy tamoyillari Qur'oni Karimda o‘z ifodasini topgan. Bu ilohiy kitob yer yuzi musulmonlarining dasturi amali, diniy ahkomlar manbaidir. Unda insonlarni mehr-muruvvatli bo‘lishga undovchi ko‘plab suralar, oyatlar kelgan. “Mo‘minlar va mo‘minalar bir-birlariga do‘stdirlar (odamlarni) yaxshilikka buyuradilar, yomonlikdan qaytaradilar”(Tavba surasi 71-oyat)  Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: Toki mo‘min bo‘lmaguningizcha jannatni ko‘rmaysizlar, to bir-birlaringizga mehr-muhabbatli bo‘lmaguningizcha mo‘min bo‘lmaysizlar”, deganlar. Demak komil mo‘min bo‘lishning asosiy shartlaridan biri bir-birimiz bilan mehr-muxabbatli bo‘lishimiz lozimu lobud ekan.  Ming afsuslar bo‘lsinki, bugungi kunda aksariyat insonlar mo‘minlikni da'vo qilishadi-yu, lekin qo‘shnisiga, aka-ukasiga hatto farzandiga mehrli emas. Mehr ham xuddi ilmga o‘xshaydi qancha sarflasang shuncha ko‘payaveradi faqatgina minnatsiz, ta'nasiz bo‘lsa, albatta. Islom dini esa insonni bunday nomaqbul ishni qilishdan qaytaradi. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom “Mo‘min mo‘minga nisbatan bir-birini mustaham ushlab turgan bino kabidir”, deganlar. (Imom Buxoriy rivoyati) .  

Insonlarga o‘zaro muhabbatli bo‘lishlikda biz uchun eng buyuk andoza Payg‘ambarimiz sallollohu alayhi vasallamdirlar. Makka fath qilingan kunda Quraysh ahli payg‘ambarimizning ularga qanday munosabatda bo‘lishlarini bilmasdi. Rasululloh sallolloxu alayhi vasallam Makka ahliga xitob qildilar: “Ey Quraysh jamoasi, men siz bilan qanday muomalada bo‘laman deb o‘ylaysizlar?” Suxayl ibn Amr: “Yaxshilikni gumon qilamiz, aziz birodarim, aziz birodarimning o‘g‘li”, dedi. Nabiy alayhissalom: “Men sizlarga Yusuf alayhissalomning birodarlariga aytgan gaplarini aytaman: “Bu kun sizlarga nisbatan ayblov yo‘q”(Yusuf surasi 92-oyat ), boringlar, ozodsizlar”, dedilar. Mana sizga mehrning muhabbatning yuksak namunasi, vaholangki ular Rasululloh sallollohu alayhi vasallamni suyukli yurtlaridan chiqib ketishga majbur qilishgandi. Bizchi birorta birodarimizdan ozgina sitam ko‘rsak bir umr unga orqa o‘girib o‘tamiz.

Alloh taolo qiyomat kuni: “Men uchun bir birlarini yaxshi ko‘rganlar qani? Izzatim va buyukligimga qasamki, bugun Men soyamdan boshqa soya yo‘q kunda ularni o‘z soyam(arshning soyasi) bilan ularni soyalantiraman”, deydi(Tabaroniy rivoyati).

Darhaqiqat, bir mo‘minning hurmati Allohning nazdida Ka'baning hurmatidan ortiqdir. Shunday ekan insonlarning bir-birlarini Alloh yo‘lida yaxshi ko‘rishliklari, bir –birlarini yo‘qlab qalblariga xursandchilik ulashishlari oliy daraja oliy maqomdir va bu maqomga erishganlar haqiqiy iymon lazzatini topadir.

 Anas Ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rosululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta Alloh taoloning bir bandalari bor, ular uchun qiyomat kuni nurdan minbarlar qo‘yiladi. Ular payg‘ambarlar ham emas, shahidlar ham emas, lekin ularga payg‘ambarlar ham shahidlar ham orzu qiladilar. Shunda : “Ular kimlar Yo Rosululluh?” deb so‘rashdi. U zot sollallohu alayhi vasallam: Ular Alloh uchun bir-birini yaxshi ko‘rganlar”, deb javob berdilar.

Alloh taolo odamlarni birlariga mehr muhabbatlarini doimo ziyoda aylasin.

Rashid Ravshanov - Nurobod tumani “Nurdum ota” jome' masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 13/07/2020 16:01;   Ko‘rilganligi: 1675
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/family/odamlar-ortasidagi-ozaro-muhabbat
Chop etilgan vaqti: 16/04/2024 10:38
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing