Farzandlarga nisbatan ota – onalarning burchlari
Ota-ona uchun farzand Allohning ulug‘ bir ne'matidir. Allohning ne'matlari juda ko‘p, uni yozib, sanab ado qilil mushkuldir. Farzand ne'mati esa alohida bir Allohning in'omi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ota-onalarning vazifalari faqat farzandlarning dunyoga kelishiga sababchi bo‘lib qolmasdan, ularning aqlli, ongli, hayoyu iboli, jismoniy sog‘lom, jamiyatga, balki butun insoniyatga foydasi tegadigan insonlar bo‘lib yetishishlari uchun qayg‘urishlari lozim. Buning uchun har bir ota-onaning avvalo o‘zi imon-e'tiqodli, ilmli bo‘lishi, o‘zini biladigan, o‘zligini taniydigan bo‘lishi kerak.
Ilk tarbiyani farzandlar ularning bag‘ridan oladi. Farzandlarning tabiati, xulq atvori, odob-axloqi, o‘zi o‘sayotgan oiladagi sharoitga qarab shakllanadi. Shuning uchun ota-ona buni juda yaxshi bilishlari kerak. Ota bobolarimiz “Qush uyasida ko‘rganini qiladi” yoki “Olmaning tagiga olma tushadi” deb bejiz aytishmagan. Shunig uchun ota-onalar bolalarining har bir xatti-harakatlarini diqqat bilan muntazam o‘rganib, kuzatib borishlari, ularga qaysi ish foydali, qaysi biri zararli ekanligini tushuntirib borishlari lozim bo‘ladi.
Ota-ona o‘z farzandi uchun bamisoli bemorlarga nisbatan, mohir tabibdir yoki o‘z bog‘iga e'tiborli tajribali bog‘bondek bo‘lishlari kerak. Zero, farzand har bir ulg‘ayish bosqichida har xil xususiyatlarg ega bo‘lib boradi.
Farzandlarining ulg‘ayish jarayonida ota-ona o‘z o‘g‘il va qizlariga juda e'tiborli bo‘lishlari maqsadga muvofiq bo‘ladi. Hozirgi texnologiya rivojlangan bir vaqtda nazoratsiz, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan yoshlar har xil noto‘g‘ri yo‘llarga kirib ketishi ham mumkin. Ota-onalar o‘z farzandlari bilan to‘g‘ri, oqilona maslahatlar berib, xuddiki eng yaqin do‘st va o‘rtog‘dek muomalada bo‘lishlari lozim. Ota-onalar o‘z farzandlariga bir xil munosabatda bo‘lishlari kerak. Farzandlarini qobil va solih inson bo‘lishlari uchun mas'uldirlar.
Toki ular jamiyatga foyda keltiruvchi insonlar bo‘lib yetishishlari uchun Alloh Ta'ola, Ona Vatan, qolaversa xalqi oldida ham mas'uldirlar.
Shu yerda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning “Har bir ota-ona o‘z farzandlariga odobu-axloqdan boshqa narsa bera olmaydi”, “Farzandlaringa odob beringlar va odobini chiroyli qilinglar” deb aytgan hadislariga amal qilish har bir ota-onaning muqaddas vazifasi va burchidir.
Muallif: B.Shomurodov – “Rizvon bobo” jome masjidi imom-noibi
Kiritilgan vaqti: 28/09/2019 11:09; Ko‘rilganligi: 2270
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 14:21