O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

Diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashning diniy manbaviy asoslari

 
 

Hozirgi asrimiz ilmiy kashfiyotlar, inson koinot sirlari qo‘yniga kirib borayotgan asr, axborot va g‘oyat ulkan texnikaviy imkoniyatlar asri bo‘libgina qolmay, bir vaqtning o‘zida asrning oxiri diniy qadriyatlarning uyg‘onishi davri, vazmin, behuda urinishlardan xoli diniy ma’naviyatga o‘ziga xos tarzda qaytish davri bo‘lib qoldi.

Islom ham shu kabi intilishlardan chetda qolgani yo‘q. Aksincha, musulmon dunyosida ham so‘nggi o‘n yilliklar mobaynida ro‘y bergan voqealar jahon hamjamiyatida “islom ovozasi” deb atalgan hodisa haqida gapirish imkonini berdi.

Ko‘plab siyosatchilar, olimlar, jurnalistlar XX asr oxirida yuz bergan, “islom uyg‘onishi”, “qayta islomlashish”, “islom fenomeni” va boshqa turli nomlar bilan atalgan voqeiylikni tushuntirib berishga harakat qildilar. Jahon hamjamiyati hayotida islom qadriyatlarini tiklash bayrog‘i ostida ro‘y berayotgan hodisalar g‘oyat xilma-xil, ko‘p qirrali, ba’zan ziddiyatli va hatto qarama-qarshi qutblidir. Jahon jamoatchiligi bu jarayonlarga juda katta qiziqish bilan qarabgina qolmayapti. Uning diniy ekstremizm va fundamentalizm kabi keskin hodisalar munosabati bilan bezovtalanayotgani, ba’zan esa hatto xavfsirayotgani ham ko‘zga tashlanmoqda. Afsuski, hozirgi zamon tarixida ana shu o‘ta keskin ko‘rinishlar jiddiy mojarolarni, ziddiyatlarni keltirib chiqarishi, barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solishi mumkinligi insoniyatni cho‘chitayapti. O‘zbekistonning mustaqiligini mustahkamlash, uning xavfsizligini ta’minlash zarurligi nuqtai nazaridan qaraganda, bu hodisalar bizda ham jiddiy tashvish tug‘dirmoqda.

Diniy ekstremizm va fundamentalizm bizning mintaqamiz uchun xavf-xatarlarni bevosita tahlil qilishga kirishishdan avval e’tiborni odamlarning diniy e’tiqodlari bilan bog‘liq har qanday muammo g‘oyat nozik ekanligiga, ularning dinning ma’naviy qadriyatlari bilan shiorlardan, xususan islomni qayta tiklash shioridan foydalanayotgan muayyan kuchlar ko‘zlayotgan, dinga aloqasi bo‘lmagan siyosiy va boshqa tajovuzkor maqsadlar o‘rtasidagi farqni tushunib olishlariga erishish zarurligiga qaratishni istardik.

Biz, islom ekstremizmi va terrorizm haqida gapirar ekanmiz, uning Islom dinining sof ta’limoti va g‘oyalariga zid ekanligi Qur’on va hadislarga asoslangan holda bayon qilamiz.

Islom dini – ezgulik manbaidir. U – tabiat, jamiyat, inson va uning ongi, yashashdan maqsadi hamda taqdiri insoniyatni bevosita qurshab olgan atrof-muhitdan tashqarida bo‘lgan, uni yaratgan, ayni zamonda insonlarga birdan-bir to‘g‘ri, haqiqiy, odil hayot yo‘lini ko‘rsatadigan va o‘rgatadigan ilohiy qudratga ishonishni ifoda etadigan ta’limotdir.

Yer yuzida hayotni saqlash va uni davom ettirish insonning oldidagi oliy darajali muhim vazifadir. Alloh taolo o‘zining yerdagi xalifasi bo‘lmish inson zimmasiga mana shunday yuksak majburiyatni yuklagan. Bu haqda Qur’oni karimda shunday deyiladi:

“Bizlar osmonga, yerga va tog‘larga omonatni (Qur’onni) topshirmoqchi bo‘ldik, lekin ular uni ko‘tarishdagi mashaqqatlarni sezib, bundan bosh tortdilar, so‘ng uni inson qabul qildi”[1].

Inson zimmasidagi eng oliy majburiyatni ado etmoqligi uchun unga, albatta, tinch va osuda sharoit zarur. Islom dini tinchlik tushunchasini o‘zining bosh g‘oyasi va muhim shioriga aylantirgan. “Islom” so‘zining o‘zi ham arab tilidagi “salam” kalimasidan olingan bo‘lib, “tinchlik” degan ma’noni anglatadi. Demak, Islom dini tinchlik va do‘stlik dinidir.

Shuningdek, tinchlik tushunchasi maqaddas Qur’oni karimning bosh mavzularidan biri hamdir. Alloh taolo bu haqda o‘z kalomi sharifida shunday marhamat qiladi:

“Ey, imon keltirgan bandalar! Barchangiz tamomila tinchlik va itoat yo‘liga kiringlar!”[2].

“Yaxshilik va taqvo yo‘lida hamkorlik qiling, gunoh va dushmanlik yo‘lida hamkorlik qilmang”[3].

Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallamning insoniyatga baxtli hayot kechirish yo‘llarini ko‘rsatib bergan hadisi shariflarida ham tinchlik mavzusi muhim o‘rin egallaydi. Ularda tinchlikka erishish va barqarorlik yo‘llari aniq belgilab berilgan. Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallam tinchlik Alloh taoloning insoniyatga berilgan eng ulug‘ ne’matlaridan biri ekanligini alohida ta’riflab shunday marhamat qiladilar: “Ikki ne’mat mavjud bo‘lib, ko‘pchilik odamlar uni qo‘ldan boy beradilar. Bu – tansihatlik bilan bo‘sh vaqtdir”[4].

Shuningdek, Qur’oni karimning bir necha oyatlarida musulmonlarni tinchlikka va birdamlikka chaqirib, turli firqalarga bo‘linib ketishdan qaytariladi. Ya’ni: “Barchangiz Allohning arqoni (Qur’on)ga bog‘laningiz va bo‘linmangiz! Allohning sizlarga bergan ne’matini eslang: bir-biringizga dushman bo‘lgan paytlaringizda dillaringizni oshno qilib qo‘ydi-yu, sizlar uning ne’matiga sabab birodarlarga aylandingiz. Do‘zax chohining yoqasida turgan edingiz, izlarni undan xalos qildi. haq yo‘lni topishingiz uchun Alloh sizlarga o‘z oyatlarini mana shunday bayon qiladi”[5].

Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam o‘zlarining ko‘pgina hadisi shariflarida musulmonlarni ittifoqlikka, hamjihatlikka, bir-birlariga nisbatan mehru-oqibatli, kechirimli bo‘lishga da’vat etib, turli tafriqalarga bo‘linish, kishilar orasida adovat urug‘ini sochishdan qaytarganlar. Shuningdek, musulmonlar orasida har bir davrda ham buzg‘unchi oqimlar chiqib turishidan ogohlantirib, musulmonlarni bunday oqim va guruhlarga ergashib ketmasliklarini uqtirib, shunday deganlar: “Mening ummatim yetmish uch firqaga bo‘linib ketur, ularning hammasi ham adashgan – zalolatda bo‘lib, faqatgina ahli sunna val jamoa yo‘lini tutganlargina hidoyatda bo‘lurlar”[6].

Yurtdoshlarimiz bunday buzg‘unchi oqimlarning kelib chiqish tarixi, ularning g‘oyaviy maqsadlari haqida yaxshi bilishlari va ularning g‘arazli g‘oyalariga aldanib qolmasliklari lozim.

Ushbu g‘oyalar Islom diniga, xususan, Hanafiya mazhabiga zid ekanligini shundan ham bilsa bo‘ladiki, ular qabr azobini inkor etadilar. Sarvari olam Muhammad sallallohu alayhi vasallamning afzal inson ekanliklarini tan olmaydilar. Eng dahshatlisi shundaki, ular ham diniy, ham dunyoviy axloq normalariga xilof bo‘lgan, dinimiz tomonidan harom qilingan, qonun tomonidan ta’qiqlangan behayo suratlar (pornografiya)ni yoqlab, keng tashviqot qilib, bunday fahsh suratlarni tomosha qilishga katta imkoniyatlar yaratib beradi.

Shu kunlarda diniy jabhada ro‘y berayotgan muammolar ana shu oqimlar tufayli sodir bo‘lmoqda. Ular alamzadalik bilan turli ig‘volarni tarqatmoqdalar. Xalq o‘rtasiga nifoq solishga harakat qilmoqdalar, shuning uchun ham ularning kirdikorlarini fosh etishimiz hamda keskin zarba berishimiz darkor. Biz mo‘min-musulmonlar shuni yaxshi anglamog‘imiz lozimki, Islom dini niqobi ostida tuzilgan har qanday harakat, oqim va firqalar muqaddas dinimiz uchun yotdir. Chunki hayot yo‘limizni aniq ko‘rsatib bergan Qur’oni karim va Sunnati nabaviyadek asosiy qo‘llanmamiz bor. Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad sallallohu alayhi vasallam shunday marhamat qilganlar: “Ey ummatlarim, men sizlarga ikki narsani qoldirib ketayapman. Biri Alloh taoloning kitobi - Qur’oni karim, ikkinchisi esa mening sunnatim - hadislar. Agar sizlar ana shu ikki narsaga amal qilgan holda hayot kechirsangiz hech qachon adashmaysizlar va ikki dunyo saodatiga erishursizlar”[7].

Shu kunlarda mustaqil mamlakatimiz fuqarolari ijtimoiy taraqqiyot, muhim o‘zgarishlar, olamshumul tarixiy voqealar og‘ushida hayot kechirmoqdalar. Hozirgi zamon talabi har bir fuqaroni, jumladan, din ahlini ham ijtimoiy hayotda faol bo‘lib, turli voqea-hodisalardan boxabar bo‘lib turishlarini taqozo etmoqda, ular jamiyatimizda ro‘y berayotgan voqealariga teran ko‘z bilan nazar tashlab, dinimiz va Vatanimizning daxlsizligiga rahna soladigan qora kuchlarga qarshi murosasiz kurash olib bormoqliklari, ayniqsa, turli buzg‘unchi oqimlar, aqidaparastlik, ekstremizm kabi qabih niyatli kishilarning puch g‘oyalari, g‘arazli maqsadlarini fosh etmoqliklari lozim.

Mustaqil mamlakatimizda Islom dini omilidan, uning boy ma’naviy va madaniy qadriyat sifatidagi katta imkoniyatlaridan unumli foydalanish maqsadida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda. Dinimizga berilgan emin-erkinlik, masjid-madrasalarning obod qilinishi, buyuk allomalarimizning tavallud sanalari nishonlanishi, ularning xarobaga aylanib qolgan abadiy qo‘nim topgan maskanlari muqaddas ziyoratgohlarga aylantirilishi xalqimiz va hukumatimizning Islom diniga bo‘lgan mehr-muhabbati, hurmat va ehtiromining yaqqol tasdig‘idir. Shu o‘rinda muhtaram birinchi prezidentimizning quyidagi so‘zlarini eslab o‘tish joizdir: “Biz dinga bundan buyon ham barcha shart-sharoitlarni yaratib beramiz. Diniy rasm-rusumlarga, bayramlarga, diniy tarbiya va ta’limga doimo jiddiy e’tibor beriladi. Ayni zamonda biz din peshvolariga, o‘zimizga o‘xshagan musulmon birodarlarimizga bir narsani takror va takror uqtirmoqchimizki, din o‘z yo‘li bilan, davlat o‘z yo‘li bilan. Diniy partiyalar tuzib, hokimiyat talashib yurishlar Xudoga ham xush kelmaydi. Islom dini insonlarni kamtarlikka, kamsuqumlikka undaydi. Musulmon farzandi kechirimli bo‘ladi. Musulmon farzandi birovni kofir, birovni xudojo‘y deb toifalarga ajratmaydi. Sababi, bandasining ustidan bandasi emas, Xudoning o‘zi hukm chiqaradi. Shunday ekan, bir-birimizni behuda ayblab, men musulmonman, sen kofir deb, talashib yurishlar bizga to‘g‘ri kelmaydi. Hamma ahil, hamma pokiza bo‘lib yashasin. Kimning fazilati qancha ekanini Yaratganning o‘zi ajrim qilib beradi u dunyoda”[8].

Hozirgi vaziyatda mamlakat aholisining ruhiy-ma’naviy poklanishi, mustaqil fikrlashi, o‘z taqdiri va farzandlari istiqboli haqida qayg‘urishi juda muhim. Bu vazifa barchamizning, jumladan, din ahlining ham muqaddas burchidir. Kishi o‘zligini anglamasa, o‘z vijdoni bilan yuzma-yuz turmasa, imon va e’tiqod oldida hisob bermasa, qo‘shnisi, mahallasi, jamiyat, Vatan oldidagi mas’uliyatini to‘la his etmasa, bunday odam insonlik sharafiga munosib emasdir.

Alloh taolo insonga aql-zakovat bergan, ruhiy, ilohiy kuch ato etgan. Bundan maqsad bandam dunyodan bexabar qolmasin, o‘zining kimligini unutmasin, Alloh bergan aql bilan hunar o‘rganib, zaminni obod qilsin, yashnatsin degan. Yana insonlarga Alloh taolo mehr-oqibatni ham bergan.

Nechun shunday fazilatlarga ega bo‘lgan insonlar bir-birlari bilan bu o‘tkinchi dunyoda talashib-tortishib, buzuq ishlarga ruju qo‘yib, begunoh odamlarning qonini to‘kadilar. El tinchligini buzib, inson hayotiga tajovuz qilishlik Qur’oni karimda ham qoralangan. Bu borada shunday deyiladi: “Kimki biron jonni o‘ldirmagan va yerda buzg‘unchilik qilib yurmagan odamni o‘ldirsa, demak, go‘yo barcha odamlarni o‘ldiribdi”[9].

Begunoh odamning joniga qasd qilib, uni o‘ldirishlik shar’iy haromdir. Bu borada Alloh taolo Qur’oni karimda shunday deydi: “Kimki qasddan bir mo‘minni o‘ldirsa, uning jazosi jahannam bo‘lib, u o‘sha joyda abadiy qolajak va ul odam Allohning azobi va la’natiga duchor bo‘lgan. Alloh uning uchun ulug‘ azobni tayyorlab qo‘ygandir”[10].

Yer yuzida fisqu fasod urug‘ini sochish, inson o‘z joniga qasd qilishi ham gunohi azimdir. Darhaqiqat, hayot inson uchun berilgan eng qadrli omonatdir. Shuningdek, u Alloh taolo tomonidan insonga topshirilgan imkoniyat va mas’uliyatdir. Inson bu ne’matni asrab-avaylashi, unga xiyonat qilmasligi lozim. Aks holda, eng og‘ir jinoyatga qo‘l urgan, o‘z zimmasiga katta gunoh orttirgan bo‘ladi.

Qur’oni Karimda insonning o‘zining yashash huquqiga tajovuz qilishi man etilib: “O‘z qo‘lingiz bilan o‘zingizni halokatga tashlamangiz!”[11] va yana: “O‘zingizni o‘zingiz o‘ldirmangiz, zeroki, Alloh Sizlarni o‘z rahm va shafqati ila yashashingiz uchun dunyoga keltirgandir”[12], deb uqtirilgan.

Rasululloh sallallohu alayhi vasallam ham o‘z hadisi shariflarida o‘z-o‘zini o‘ldirish harom ekanligi, bunday ishni qilgan kishiga oxiratda qattiq azoblar bor ekanligi haqida aytib o‘tganlar. Jumladan: “O‘zini temir (tig‘) bilan o‘ldirgan kishi, jahannamda o‘sha temiri qo‘lida bo‘lib, temir bilan qorniga og‘riq berilib azolanadi, u do‘zaxda abadiy shu holatda qoladi. Zahar ichib o‘zini o‘ldirgan kishi, jahannam olovida unga zaharni majburlab ichiriladi, Tog‘dan o‘zini uloqtirib o‘ldirgan kishi, jahannam oloviga uloqtiriladi, u do‘zaxda abadiy shu holatda qoladi”, [13] - deb marhamat qilganlar. Boshqa bir rivoyatda esa: “Bu dunyoda o‘zini biror narsa bilan o‘ldirgan bo‘lsa, qiyomatda o‘sha narsa bilan azob beriladi”[14], -deganlar.

Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunda ba’zi insonlarda yashash uchun kurashish hissi, sabru matonat yetishmay o‘z jonlariga qasd qilayotganlarning guvohi bo‘lib turibmiz. Buni Alloh bergan hayotga noshukurlik oqibati deb baholashdan o‘zga chora yo‘q. Bu mudhish holatlar nafaqat islom ta’limotiga, balki Alloh taoloning qazoyu qadariga ham tug‘yon qilishdan iboratdir. O‘shanday johilona hatti-harakatlarni “shahidlik maqomi” deb baholayotgan kimsalar aslida ana shu mudhish jinoyatlarning sababchilaridir.

Qolaversa, o‘zlarini portlatib yuborayotgan yoshlar hech qanday shahid ham bo‘lmaydilar, chunki ular bilan birga halok bo‘layotganlar orasida begunoh kishilar ham borlar. Ularning ichida sayyohlar, boshqa din va millat vakillari ham bor. Begunoh kishilarni o‘ldirganliklari uchun qotillar do‘zaxiy bo‘lib qoladilar. Bu noma’qul ishga taqlid qiluvchilar ham dunyo, ham oxiratda alamli azoblarga giriftor bo‘ladilar.

Bizlar yaxshi bilmog‘imiz kerakki, terroristlar, turli ko‘rinishdagi ekstremistlar, eng avvalo, Vatanimiz taraqqiyotiga, qolaversa, jahon sivilizatsiyasi, ayniqsa, muqaddas dinimizga putur yetkazmoqchi bo‘lgan g‘alamis, bevatan, dinsiz kimsalardir. Bizlar loqayd bo‘lmasligimiz kerak. Bunga haqqimiz ham yo‘q.



[1] Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri. Tarjima va tafsir muallifi Mansurov A. –T.: TIU. 2001. Ahzob surasi, 72-oyat mazmuni.

[2] Baqara surasi, 208-oyat mazmuni

[3] Baqara surasi, 2-oyat mazmuni.

[4] Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil al-Buxoriy. Sahihi Buxoriy. –J.2. –T.: “O‘zbekistan milliy ensiklopediyasi” Davlat ilmiy nashriyoti, 2008. 6412-hadis. –B.437.

[5] Oli Imron, 103-oyat mazmuni.

[6] Qazviniy. Sunan ibn Moja. –J.2. –Bayrut. Dou-l-fikr. –B.1322.

[7] Molik ibn Anas. Muvatto. –J.5. –Bayrut. Muassasa Zoid ibn Sulton, 2004. –B.1323.

[8] Islom Karimov. O‘zbekiston: milliy Istiqlol, iqtisod, siyosat, mafkura –J.1. –T.: O‘zbekiston, 1996. -B.26.

[9] Moida surasi, 32-oyat mazmuni.

[10] Niso surasi, 93-oyat mazmuni.

[11] Baqara surasi, 195-oyat mazmuni.

[12] Niso surasi, 29-oyat mazmuni.

[13] Muslim ibn Hajjoj. Sahihi Muslim. J. 1. –Bayrut. Doru-l-ofoqi-l-jadida. 313–hadis.–B. 72.

[14] Abu Naim Ahmad ibn Abdulloh al-Asbahoniy. Al-musnadu-l-mustaxraj alo sahihi muslim. –Bayrut. Doru-l-kutubi-l-ilmiya, 1996. –B. 180. 296-hadis.


Kiritilgan vaqti: 06/04/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 4348
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/diniy-ekstremizm-va-terrorizmga-qarshi-kurashning-diniy-manbaviy-asoslari
Chop etilgan vaqti: 02/05/2024 03:00
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing