Unutma, Iymon yaxshi...!
Harom issiq har oshdan,
Halol qattiq non yaxshi.
Vafosiz qalam qoshdan,
Yorsiz o‘tgan on yaxshi!
Hasad qilma havas qil,
Yomon so‘zdan tiygin til.
Qalbi qarolardan, bil,
Yerda unmas don yaxshi!
Qo‘lingda bo‘lsa hunar,
Nasibang oson unar.
Yutug‘ingdan quvonar,
Bitta mehribon yaxshi!
Safar yursang gar uzoq,
Do‘sting tojik yo qozoq.
Rishta bog‘lab mahkamroq
Yurgani karvon yaxshi!
Yetimlarni urganlar,
Jigardan yuz burganlar.
Shaytonni do‘st bilganlar,
Sizlardan tilsiz hayvon yaxshi!
Qor ketib kelar bahor,
Har umrning so‘ngi bor.
Barchamiz bir gunohkor,
Tavbayu-istigfor yaxshi!
Bo‘lsin desang yo‘lim oq,
Chin inson bo‘l, xalol, pok.
Qiyomatda bor so‘roq,
Unutma Iymon yaxshi...!
Jahongirxon Bahodirxon o‘g‘li - O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati xodimi
Kiritilgan vaqti: 13/11/2019 09:51; Ko‘rilganligi: 1566
Chop etilgan vaqti: 12/10/2024 14:21