O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Маданият

QISHLOG‘IM QALBIM SURURI

 
 

Biz yashab turgan maskan Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanining dashtli hududida joylashgan Moybuloq qishlog‘idir. Bu qishloqning o‘ziga yarasha fayzu-tarovati va fazilatlari bor. Qishlog‘imizda bir necha turdagi shifobaxsh tabiiy giyohlar o‘sadi. Lalmikor va suvli yerlaridan turli xil nozu-ne'mat mevalar yetishtiriladi. No‘xat, kunjit, bug‘doy, qovun, tarvuz, uzum deyisizmi, ularning ta'mi o‘zgacha. Moybuloqning mayizi dunyoga mashhur. Ayniqsa “ko‘k”, “osh mayiz”, “qora mayiz”, “soyaki”, “kunaki”, “ilma soyaki”, “ilma kunaki” kabi bir necha turdagi mayizlarning tayyorlanish usullarini mahalliy aholi mahorat bilan amalga oshiradi. Qora mayiz insonlarning zehn,  yurak,  miya faoliyatiga quvvat bo‘lishini tibbiyot sohasi ham tasdiqlagan.

Har bir joyning o‘z o‘tmish tarixi bo‘lgani kabi qishlog‘imizning ham o‘z tarixi bor. Piru-badavlat nuroniylarimizning so‘zlariga ko‘ra “Moybuloq” aslida “Morbuloq” (ya'ni “Ilon buloq”) bo‘lgan. Bu nom bilan atalishiga sabab,  bu hududda bir necha asrlar ilgari buloq bo‘lib, uning atrofi qamishzor, to‘qayzor bo‘lgan. Buloq atrofi, changalzorda katta-kichik ilonlar yashagan. Keyinchalik buloq borligi sabab atroflar odamlar kelib yashay boshlashgan. Lekin ilonlar ziyon yetkazib odamlarni tinch yashashlariga qo‘ymagan. Shunda hazrati Ali roziyallohu anhu kelib ilonlarning boshlig‘ini zulfiqor qilichi bilan bo‘laklarga bo‘lib tashlagan va bu bo‘laklar vaqt o‘tishi bilan toshga aylanib qolgan. Odamlar buni Ilontosh, deyishgan. Bu bo‘laklar buloq atrofida bo‘lgani bois bo‘loqni Morbuloq- ya'ni Ilonbuloq deb atay boshlaganlar. Keyinchalik ilonlar bu maskanni tark etib, aholi ko‘paygan va to‘qayzor o‘rnini bog‘u-rog‘lar  egallagan.  Morbuloq esa – Moybuloq deb atala boshlagan. Nima bo‘lganda ham bu o‘tgan ajdodlarimiz tomonidan aytib kelingan bir rivoyatlar. Aslida bularning to‘g‘risini bilguvchi Allohdir.

Qishlog‘imizning kun botish tomonida Qoqsoy qishlog‘i bor. Uni “Qoq ota” ham deyishadi. Kun chiqar tarafida esa Andoq qishlog‘i joylashgan. Andoqsoy tog‘li hudud bo‘lib, ikki tarafi soylikdan iborat. U qishloqda Abul Hasan Andoqiy yashab o‘tganlari sabab “Abul Hasan Andoqiy ikki yonida saynoqi” deb bayt ham to‘qishgan. Xoja Abul Hasan Andoqiy (hijriy 460 – 552 milodiy  1067 – 1159 y.) o‘z davrining avliyosi sanalmish Yusuf Hamadoniyga ikkinchi xalifa darajasiga ko‘tarilgan. Xoja Abul Hasan Andoqiy Buxoroda tahsil olgan ilmi toliblardan edi. Ul zot mashhur fiqh olimi Abulkarim ibn Hanifa Andoqiyning nevarasidir. Faxriddin Ali Safiyning “Rashaxotul – Aynul Hayot” asarida Andoqiy haqida: “Ul zot odamlarni ilm berib tarbiyalagan Alloh Taolo yo‘lig ada'vat qilishda va poklik egasi bo‘lishga o‘rgatgan. Andoqiy uzoq ibodat qiluvchi bo‘lib, Payg‘ambarimiz sunnatlariga ergashgan edi. Bir necha yil ustozlari Yusuf Hamadoniy bilan Bog‘dod va Xorazmga borib vaz va nasihatlar o‘qiganlar. Xo‘ja Abul Hasan Andoqiy Yusuf Hamadoniyni Ahmad Yassaviy, Abduxoliq G‘ijdivoniy singari shuhratli shogirdlaridan bo‘lgan”, deyilgan.

O‘tmishda Andoqsoyning mag‘rur oqsoqollari “Soylarimizdan oqayotgan qor-yomg‘ir suvlarini to‘sib, Moybuloqni suvsizlikdan quritib, Qoqsoy qilamiz”, deyishsa, Qoq otaning donishmand oqsoqollari “Ulur soylaridagi qor yomg‘irdan iborat yer usti suvlarini bizdan to‘ssalar, biz ularni dog‘da qoldirib, yer osti suvlarini olib qo‘yamiz, ana shunda ular andoq bo‘lib qoladi”, deya bir birlariga hazil-mutoyiba ham qilib turishgan.

Maqolamizga xotima yasab so‘zimning oxirida shuni aytmoqchimanki, Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘ldan adashtirmasin. Shu musaffo osmon ostida va tabarruk tuprog‘ida qanchadan qancha mo‘tabar zotlar yotgan muborak zamin ustida yashar ekanmiz tilimizni zikrdan to‘xtatmasin. Xudo bir milllat, elatni shu qavmga rahmat nazari bilan boqib o‘zlarining ichidan adolatli rahbarni rahnoma qilib qo‘yarkan. O‘ziga beadad, behisob shukronalar bshlsinki, biz Xudoning shunday suyukli bandalarimizdan desam mubolag‘a bo‘lmaydi.

 

KAMOLIDDIN Jiyanov, Kataqo‘rg‘on tumani “Moybuloq” jome masjidi imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 08/10/2019 13:53;   Ko‘rilganligi: 3317
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/culture/qishlogim-qalbim-sururi
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 22:19
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing