O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Maqolalar

BIR HOVUCHGINA DUOIMIZ

 
 

Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, jon fido qilgan, ammo dahshatli zulmni engib, dunyo ahlini bu qora kuchlardan xalos qilgan zotlarning xizmati beqiyosdir. Bugun yurtimizda istiqlol shamoli esayotgan ekan, bunda Vatan ozodligi uchun ter to‘kkan, qon to‘kkan ajdodlarimizning xizmati beqiyosdir. Bugun dinimizning arkonlarini emin-erkin ado etayotgan ekanmiz, uni qo‘lida cho‘g‘ ushlagandek asrab-avaylab, bizga yetkazib, qoldirib ketgan ustozlarimiz, ulamoi kiromlarimiz, mo‘min-musulmonlarimizning, mutasaddilarimizning xizmati beqiyosdir. Shuning uchun bugun ularni ko‘zda yosh bilan, ammo qalbda surur bilan, faxr bilan xotirlaymiz, ular qilgan xizmatlarni farzandlarimizga so‘zlab beramiz, ulardan ibrat olishga undaymiz, Qur’on tilovat qilib, haqlariga mag‘firat so‘rab, duolar qilamiz.
Abdulloh ibn Abbos roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadiki, qabrdagi mayyit xuddi suvga cho‘kayotgan, yordamga talpinayotgan odamga o‘xshar ekan. Mayyit duoning umidida bo‘ladi. Bu duo unga otasidan, onasidan, jigarlaridan, do‘st-yorlaridan boradi. Mayyit qabrda duo ilinjida yotar ekan, kimdan bo‘lsa ham, unga xayrli duo yetib borsa, bu duo mayyit uchun dunyo va undagi barcha narsalardan aziz, suyumli, yaxshi bo‘ladi.

E’tibor bersak, ota-ona, aka-ukalar qatorida do‘stlar ham sanab o‘tilyapti. Nima uchun do‘stlarga ham alohida e’tibor berilgan, chunki dinimizda do‘stlik, birodarlik rishtasi ham qarindoshlik rishtasi kabi muhimdir. Ba’zilar do‘stlikni o‘yinchoq biladi, hazil biladi. Do‘st bo‘lsa, moli uchun, obro‘si uchun, yana boshqa narsasi uchun do‘st bo‘ladi. Lekin haqiqiy do‘stlik moddiy emas, ma’naviy bo‘ladi. Bunday haqiqiy do‘stlar bir-birini faqat dunyoda emas, oxiratda ham qo‘llab-quvvatlar ekan. Vafot etib ketgan insonning do‘sti uning haqqiga duo qilsa, mayyitga dunyo va undagi hamma narsadan aziz bo‘ladi.

Do‘stlikning sharofati shu qadarki, hatto qiyomat kuni, bandaning hisobi og‘ir bo‘lib turgan mahalda do‘st do‘stni shafoat qiladi, birodarlar. Bir odam kechiriladi, mag‘firat qilinadi, jannatga yo‘l oladi. Shunda so‘raydilar: «Bu odam kim o‘zi? Payg‘ambarlardanmi?» Yo‘q. Solihlardanmi? Shahidlardanmi? Yo‘q. «Unday bo‘lsa uni kim shafoat qildi?» deyishsa, «Uni do‘sti shafoat qildi», deyishar ekan. Demak, agar do‘st haqiqiy, iymon yo‘lidagi do‘st bo‘lsa, hatto ana shu eng og‘ir kunda ham foydasi, nafi tegar ekan.

Alloh taolo tiriklarning duosini qabr ahliga tog‘lardek qilib kiritar ekan. Biz hovuchimizni ochib duo qilyapmiz, lekin shu bir hovuchgina duoimiz qabr ahliga tog‘lardek bo‘lib kirar ekan, ruhi shod bo‘lar ekan.


Kiritilgan vaqti: 16/06/2017 00:00;   Ko‘rilganligi: 3115
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/bir-hovuchgina-duoimiz
Chop etilgan vaqti: 19/04/2024 21:39
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing