Beva va yetimlarga yordam qilishning fazli
Uyga shag‘am xarid qilish maqsadida do‘konlarni aylanib, xo‘jalik mollari bilan savdo qiladigan yangi do‘konga kirdim. Do‘konni aylanib, tomosha qila boshladim. Sotuvchi ayol menga murojaat qilib, bobo, siz Qur'on o‘qiysizmi? dedi. Men darhol tushundim, u tilovat va duo qilib qo‘ying, demoqchi. Alloh qodir qilgunicha o‘qiyman, dedim hamda chetroqda turgan kursiga o‘tirib, Qur'on karim oyatlaridan tilovat qilib so‘ng ortidan duo qildim.
Do‘konda xaridor yo‘q edi. Sotuvchi juvon o‘zining axvolini aytib berdi. Toshkentda yashovchi bir kishiga ikkinchi xotin bo‘lib erga tekkan ekan. Ular birgalikda olti yil yashabdilar va kundoshi mojaro qilib uni haydabdi. Hozirda u bitta qizchasi bilan onasinikida yasharkan. O‘sha hovlida ayolning ukasi ham oilasi bilan istiqomat qilishini aytdi. Yashash tarzimiz o‘rtacha ahvolda, qizim bilan qiynalayapman. Ta'minotni qilolmayapman, deb beg‘araz, soddadillik bilan bu gaplarni aytib berardi. Ba'zi dugonalarim menga jirkanch ishlarni taklif qilib, oson pul topish yo‘llarini o‘rgatayapti, lekin men Alloxdan qo‘rqaman, deya ularni rad qildim, dedi.
Men udan biror-bir turmushidan ajragan erkakga tegasizmi, qizim? Degandim, noilojlikdan rozi bo‘lardim, dedi. Qishlog‘imizda beva erkaklar ko‘p. Hammasi tinch, o‘ziga to‘q, bolalaridan tingan. Ba'zilari hovlida yolg‘iz qolishgan. Bir boshidan o‘sha kishilarga sharoitni tushuntirdim. Hammasi eh attang, bolasi bor ekanda, bo‘lmasa uylanardim, o‘zi xotin axtarib yuribman, deb javob berishdi.
Men bu voqea bilan nima demoqchiman. Avvallarri ota-bobolarimiz birinchi turmushlari o‘tgannidan so‘ng qayta uylanmoqchi bo‘lsalar, bolali bevalarga og‘iz solar edilar, savob bo‘ladi, deb. Hattoki, ro‘zg‘orlari to‘kis ham emasdi. Qaramog‘larida o‘zining bir nechta bolalari bo‘lar edi. Hozirga kelib uylanmoqchi bo‘lgan qo‘shtirnoq ichidagi beva erkaklar ayolni surishtiradi, axtaradiki, birinchi turmushidan bolasi bo‘lmasin, tug‘magan bo‘lsin, meros talab qilmasin, uy olib ber, demasin. Shuning uchun ham ataydan bir o‘zlari yashab o‘tayaptilar.
Allohga shukrlar bo‘lsinkim, davlatimiz odamlarga sharoitini yaxshi qilib qo‘yibdi. Beva qolgan ayollar ham ayniqsa bolalari bo‘lsa xam ularga keng yengilliklar yaratib qo‘yibdi. Aksariyat beva ayollarga sovchi bo‘lib borsang, yo‘q deyishadi, nima qilaman o‘zimga xo‘jayin paydo qilib deydi. Hozir o‘zimga o‘zim xon, ko‘lankam maydon, deyishadiganlari ham ko‘p. Ularning bu tushunchalari albatta nomaqul. Lekin bir jihatdan erkaklarimiz qanday bo‘lsa, ayollarimiz ham shunday. Qani mard, yetimni boshini silaydigan, ularni bema'ni, yomon yo‘llarga kirishidan asraydigan erkaklarimiz. Masjidimiz imom-xatiblari o‘z ma'ruzalarida beva ayol va uning farzandiga yaxshilik qilishning savobi haqida Payg‘ambarimizning bir hadislarini aytgan edilar. U zot sollallohu alayhi vasallam: «Tul xotin va miskinning tashvishi ila harkat qilgan kishi Allohning yo‘lida jihod qiluvchi mujohidlar, kechalari namoda qoim, kunduzlari ro‘zada soim bo‘luvchi kabidir», degan ekanlar. Alloh talo barchaga ofiyat, oilaviy xotirjamlik ato qilsin.
Axmedov Islom bobo Kattaqo‘rg‘on tumani “QALNDARXONA” jome masjidi xodimi
Kiritilgan vaqti: 15/04/2020 12:29; Ko‘rilganligi: 1279
Chop etilgan vaqti: 14/10/2024 22:27