Yoshlarni ilm olishga undash, kitob o‘qishga targ‘ib etish bugungi kunning dolzarb masalalaridandir
Ma'lumki, jaholat va johillikning davosi – bir qancha bo‘lib, ulardan eng asosiysi – kitob o‘qishdir. Darhaqiqat, kitob o‘qish qalb chigalliklarini yozadi, ko‘ngilga huzur bag‘ishlaydi, jaholatga barham beradi, turli-tuman vasvasalarni kishi ongidan quvib chiqaradi. Dunyoda ham, oxiratda ham insonga ilmdan ko‘ra ko‘proq foyda keltiradigan narsa yo‘q! Shuningdek, jaholatdan ko‘ra zararliroq narsa ham yo‘q!
Ali karramallohu vajhahu: “Insonlarning eng qadri ozi – ilmi ozidir”, deganlar.
Ilmsizlik, jaholat insoniyatni tubanlikka, halokatga olib borishi muqarrar. Insonlar ilm orqali Alloh taoloni taniydilar. Dunyo va oxiratlarini ilm bilan obod qiladilar.
Amir Temur ham: “Kitob-barcha bunyodkorlik, yaratuvchilik va aql idrokning, ilmu-donishning asosidir. Hayotni o‘rgatuvchi murabbiydir”.
Donolarimiz: “Kitoblarni yoqib yuborish og‘ir jinoyat, biroq dunyoda undan-da og‘irroq jinoyat bor, u-kitob o‘qimaslik”, deganlar.
Kishi jaholatdan qutilish maqsadida ilm talab qilishi uchun albatta yosh bo‘lishi shart emas, balki qaysi yoshda bo‘lishidan qat'iy nazar, ilmli bo‘lishga harakat qilishi kerak.
Chunki Payg‘ambarimiz alayhissalom shunday deganlar: “Kimning ajali ilm talab qilayotgan vaqtida yetib qolsa, Alloh taoloning huzurida u bilan payog‘ambarlar o‘rtasini faqat payg‘ambarlik darajasigina ajratib turadi” (Imom Tabaroniy).
Ilmsizlik va jaholat – jamiyatimizning eng katta dushmani, ayni paytda jamiyat uchun – katta ofatdir. Islom dini ilm-ma'rifatga targ‘ib etib, olamni nurga to‘ldirishidan oldingi davrni bejizga johiliyat davri deb atalmagan. Yillab davom etadigan urushlar, qon to‘kishlar, boy-badavlat kishilar tomonidan faqiru muhtojlarning mudom ezilishi, sudxo‘rlik, zinokorlik, haromxo‘rlikning avjiga chiqishi, budparastlik, otashparastlikning muqaddaslashtirilishi ayni johiliyat davrining eng ko‘zga ko‘ringan jihatlari edi. Payg‘ambarimiz alayhissalom ana shunday hayot kechirayotgan kishilarni ilmu ma'rifat bilan bir ota-onadan tug‘ilgan birodarlardek ahil va inoq kishilarga aylanishlariga sabab bo‘ldilar. Natijada, ilm-fan va madaniyatda butun dunyoga o‘rnak va ustoz bo‘ladigan avlodlar yetishib chiqdi. Xususan, Movarounnahrdan yetishib chiqqan ilm-fanning barcha sohasida peshqadam bo‘lgan ulug‘ allomalar hozirgi zamon avlodlari bo‘lmish – bizlarning faxru iftixorimiz sanaladilar.
Ming afsuslar bo‘lsinki, hozirgi kunimizda ham ilm-ma'rifatni qo‘yib, jaholat yo‘lini tutgan kimsalar ham yo‘q emas. Ma'rifat dini bo‘lmish Islom dinidan g‘arazli maqsadlar yo‘lida foydalanayotgan kuchlar ilmsiz yoshlarni yo‘ldan urib, jaholat girdobiga tortayotgani sir emas. Minglab yoshlar turli oqimlarning ta'siriga tushib, ana shunday jaholat qurboniga aylangani ham barchaga ma'lum. Shuning uchun yoshlarni ilm olishga undash, kitob o‘qishga targ‘ib etish bugungi kunning dolzarb masalalaridan bo‘lib qolmoqda.
Hasan ibn Sahl rahmatullohi alayh: “Ma'mun uxlaganda atrofida kitoblari turar edi. Uxlashdan oldin ham kitob o‘qir, uyqudan uyg‘onib ketganida ham kitob o‘qir edi. U shunday deb ko‘p nasixat qilar edi: “Yolg‘izlik g‘urbatini kitob o‘qish bilan yenggin. Zero, kitoblar so‘zlaguvchi tillar va tikilib turuvchi ko‘zlardir”.
Jahongirxon Abrorov O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati xodimi
Kiritilgan vaqti: 20/01/2023 09:36; Ko‘rilganligi: 1124
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 03:22