YOSHLARIMIZNI TURLI ILLATLARDAN SAQLASH – DAVR TALABI.
Xalqimizning ertangi kuni, mamlakatimizning jahon hamjamiyatidagi o‘rni bugungi kun yoshlarining unib, o‘sib, ulg‘ayib hayotga qanday kirib borishlariga chambarchas bog‘liqdir. Ayniqsa, aholisining katta qismini yoshlar tashkil etadigan bizning yurtimizda buning ahamiyati katta. Albatta, yurt taraqqiyotiga xizmat qiladigan yoshlar o‘z-o‘zidan yetishib chiqmaydi. Balki, ularning tarbiyasi, ta'limi bilan shug‘ullanish, ularni ilm olishga qiziqtiradigan sharoitlar yaratish zarur bo‘ladi. Shuningdek, yoshlarni ezgulikdan chalg‘ituvchi yomon illatlardan ham himoya qilmog‘imiz lozimdir.
Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Besh narsani besh narsadan oldin g‘animat biling: keksalikdan oldin yoshlikni, kasallikdan oldin salomatlikni, kambag‘allikdan oldin boylikni, bandlikdan oldin bo‘sh vaqtni, o‘limdan oldin tiriklikni g‘animat biling!” (Imom Termiziy va Imom Bayhaqiylar rivoyat qilganlar).
Yoshlarimiz hayotining bahori bo‘lgan yoshlik davrini turli bekorchi o‘yin-kulgu va gunoh ishlar bilan emas, balki bilim-ma'rifat va kasb egallash, ibodat va savobli ishlar bilan o‘tkazish kerak.
Barchamizga ma'lumki, ichkilik, giyohvand moddalar va qimor yoshlarimizning kelajagini barbod qiladigan narsalardandir. Qur'oni karimda: “Ey iymon keltirganlar! Albatta, may (mast qiluvchi ichimliklar), qimor, but-sanamlar va (fol ochadigan) cho‘plar shaytonning ishidan iborat ifloslikdirki, undan chetlaningiz! Shoyad (shunda) najot topsangiz” (Moida surasi, 90-oyat).
So‘nggi yillarda ijtimoiy tarmoqlarda qimor o‘yinlari sezilarli ko‘paydi. Qimor o‘ynab xonavayron bo‘lgan, boshi berk ko‘chaga kirib qolganlar talaygina. Bu kishilar boshqalarga ibrat bo‘lishlari kerakki, Alloh taolo harom qilgan ishlarni qilishning oxiri voydir!
Internetda yosh avlodni fahsh domiga osongina tortadigan turli sayt va kanallar mavjud. Yoshligidan bunday virtual zinoga mubtalo bo‘lgan yoshlarning ongidan bu razolatning chiqib ketishi juda qiyin bo‘ladi. Zino sabab jamiyatning asosi bo‘lmish oilaga putur yetadi, nasl-nasab buziladi.
Keyingi paytlarda yoshlar orasida mushtlashuv, pichoqbozlik, bir-birini shafqatsizlarcha kaltaklash va joniga qasd qilish kabi ko‘ngilsiz holatlar ham uchrab turibdi. Dinimiz nafaqat inson, balki hayvonlarga ham mehr-shafqat bilan yondashishga buyuradi. Qur'oni karimda: “Albatta, mo‘minlar dinda o‘zaro birodardirlar. Bas, sizlar ikki birodaringiz o‘rtasini tuzatib qo‘yingiz va Allohdan qo‘rqingiz, shoyad, rahm qilinsangiz” (Hujurot surasi, 10-oyat).
Yoshlarimizni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itishga sabab bo‘lgan omillardan yana biri – ijtimoiy tarmoqlarda berkinib olgan kimsalardan ilm olishlaridir. Din ilmi har kimdan olinmaydi. Dinni nasl-nasabi ma'lum, ustozi, mazhabi, e'tiqodi tayin kishilardan olinadi. Gapirayotgan gapi boshqa, maqsadi boshqa odamlar ummatga katta zarar keltiradi. Musulmonlarin firqilarga bo‘lib tashlaydi. Dinni ishonchli, e'tiborli, barcha e'tirof qilgan ustozlardan o‘rganish to‘g‘ri yo‘ldir.
Shuni alohida qayd etib o‘tish lozimki, so‘nggi paytlarda ba'zi yurtdoshlarimiz farzandlarini o‘qitish uchun chet ellarga olib borib, ularni o‘zga yurtlarda qarovsiz holda tashlab kelmoqdalar. Natijada, yoshlar ilm olishning o‘rniga befoyda ishlar bilan mashg‘ul bo‘lmoqdalar, kimligi noma'lum kishilar bilan qimmatli vaqtlarini behuda sarflamoqdalar. Shuni esda tutish lozimki, farzand barkamol bo‘lishi va el-yurtga xizmat qilishi uchun uning ustozi, avvalo, to‘g‘ri yo‘lda va e'tiqodda adashmagan hamda soha mutaxassislari tomonidan e'tirof etilgan shaxslar bo‘lishi maqsadga muvofiqdir.
N.Temirova Samarqand viloyat bosh imom xatibining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha yordamchisi
Kiritilgan vaqti: 10/10/2022 13:25; Ko‘rilganligi: 688
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 19:47