O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

YOSHLAR KELAJAGIMIZ

 
 

Sog‘lom hamda barkamol avlodni voyaga yetkazish yurtimizda olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Shu maqsadda “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra kuchli, bilimli, dono va albatta baxtli bo‘lishlari shart!” degan ezgu g‘oya asosida yuksak zamonaviy talablarga javob bera oladigan, yangicha fikrlaydigan, mamlakatimiz kelajagi taqdirini ishonib topshirish mumkin bo‘lgan yosh mutaxassislar  tayyorlanmoqda Vatanimizda.

Har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi albatta davlatlarning yetakchi kuchlari hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Buyuk o‘zbek xalqi qadim-qadimdan farzand, yoshlar ta'lim-tarbiyasiga alohida e'tibor qaratib kelgan. Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid davlat siyosati esa qadimdan ota-bobolarimiz tomonlaridan shakllanib kelgan asl milliy va diniy qadriyatlarimizni bugungi kundagi ahamiyati nechog‘lik muhim ekanligini ko‘rsatib bermoqda. Zero, hayotimizni mukammal ahloq tamoyillari asosida barpo qilish va albatta, ta'lim-tarbiya berib kelayotgan ertamiz ishonchi bo‘lmish yosh avlodlarimizga bog‘liqdir. Zotan mustaqil davlatimiz istiqboli uchun ma'naviyati yuksak, barkamol insonlar zarurdir.

Davlatimiz rahbari o‘z nutqlarida “Mafkura sohasida bo‘shliq degan narsaning o‘zi hech qachon bo‘lmaydi. Chunki insonning qalbi, miyasi, ongu tafakkuri hech qachon axborot olishdan, fikrlashdan, ta'sirlanishdan to‘xtamaydi. Demak, doimo ma'naviy oziq kerak. Agar shu oziqni o‘zi yashayotgan muhitdan topa olmasa, bunday oziqni u asta-sekin boshqa yoqdan izlay boshlaydi” deya ta'kidlaydi. Bu o‘rinda  davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar, yoshlarimiz hayotining barcha jabhalarini, xususan, sog‘liqni saqlash, ta'lim-tarbiya, ilm-fan, madaniyat va sport sohalarida amalga oshirilayotgan islohatlar unib-o‘sib kelayotgan yoshlarga davlatimiz tomonidan qaratilayotgan doimiy e'tibor va g‘amxo‘rlik namunasidir. Yoshlar qanchalik ma'naviy barkamol bo‘lsa, turli yot illatlarga qarshi immuniteti ham shuncha kuchli bo‘ladi. Ma'lumki, davlatimiz rahbari ijtimoiy, ma'naviy-ma'rifiy sohalardagi ishlarni yangi tizim asosida yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 5 ta muhim tashabbusni ilgari surgan edi.

Birinchi tashabbus yoshlarning musiqa, rassomlik, adabiyot, teatr va san'atning boshqa turlariga qiziqishlarini oshirishga, iste'dodini yuzaga chiqarishga xizmat qiladi.

Ikkinchi tashabbus yoshlarni jismoniy chiniqtirish, ularning sport sohasida qobiliyatini namoyon qilishlari uchun zarur sharoitlar yaratishga yo‘naltirilgan.

Uchinchi tashabbus aholi va yoshlar o‘rtasida kompyuter texnologiyalari va internetdan samarali foydalanishni tashkil etishga qaratilgan.

To‘rtinchi tashabbus yoshlar ma'naviyatini yuksaltirish, ular o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilish bo‘yicha tizimli ishlarni tashkil etishga yo‘naltirilgan.

Beshinchi tashabbus xotin-qizlarni ish bilan ta'minlash masalalarini nazarda tutadi.

Hadisda “Hech bir ota o‘z farzandiga xulqu-odobdan buyukroq meros bera olmaydi”, deya keltiriladi. Bundan ko‘rinib turibtiki, har bir oilada farzand tarbiyasiga alohida e'tibor qaratilmog‘ligi kerak. Chunki, yer yuzida jamiki insoniyat har neki ishni amalga oshirmasin, uning amalga oshirayotgan ishlari tarbiya mahsuli hisoblanadi. Yoshlarning odob-axloqi, ta'lim-tarbiyasining mas'uliyati birinchi navbatda, uyda ota-ona, bog‘chada tarbiyachi, o‘rta va oliy o‘quv yurtlarida muallim va ustozlar, ko‘cha-ko‘yda esa mahalla oqsoqollari zimmasidadir. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam hadislarida: “Har biringiz bir rahbarsiz va qo‘l ostingizdagilar haqida mas'ulsiz,- deb ta'kidlaganlaridek, ota-onalar, qolaversa, yoshlar ta'lim va tarbiyasi bilan shug‘ullanishga mutasaddi bo‘lgan kishilar bu ishga javobgar ekanliklarini his qilmoqlari lozimdir. Bir so‘z bilan aytganda, farzandlarimiz ilm-ma'rifatli insonlar bo‘lib yetishishlarida birortamiz chetda turmasligimiz lozim.

Bugungi kunda mustaqilligimiz sharofati bilan oilada va ta'lim o‘choqlarida farzandlarimizning murg‘ak qalblariga odob-axloq, iffatu-hayo kabi tushunchalar bilan hamohang tarzda singdirib borilmoqda. Shunga qaramasdan bugungi tahlikali zamonda farzandlarimiz ongini turli mafkuraviy xurujlardan himoya qilish eng asosiy vazifamiz bo‘lib qolaveradi. Chunki xozirgi o‘ta global zamonda, turli buzg‘unchi g‘oyalarga asoslangan firqa va guruhlarning asosiy maqsadlari yoshlar ongini zaharlab, o‘z domiga tortishdan iborat. Bundan murod esa, har doim jamiyatning eng ko‘zga ko‘ringan qatlami bo‘lib kelgan yoshlarni buzg‘unchi g‘oyalar shamoli chirmab o‘tib, harakatga keltirib, o‘zlarining qabih niyatlarini amalga oshirishdan iboratdir.

 B.Sharipov -  Samarqand tuman bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 18/05/2020 09:56;   Ko‘rilganligi: 1084
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/yoshlar-kelajagimiz
Chop etilgan vaqti: 29/03/2024 20:42
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing