O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

VAQF VA IBTIDO ILMINING AHAMIYATI

 
 

Qurʼoni karim soʻzlarini toʻgʻri tushunish hamda maʼnolarini tinglovchilarga buzmasdan yetkazishda vaqf va ibtido ilmi gʻoyat muhim ahamiyatga ega. Shu boisdan koʻplab olimlar mazkur masalalarga eʼtibor qaratib, tadqiqot olib borganlar. Ular shaxsiyatiga va bajargan ishlariga doir kitob va risolalar juda ko’p. Biz esa oʻsha ulugʻ zotlar bildirgan fikrlarga tayangan holda so’z yurutamiz. Asosan, mashhur alloma Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulkarim Ashmuniyning “Manarul Huda” kitobida keltirilgan ma’lumotlardan foydalanib ushbu mavzuni imkon qadar ochib berishga harakat qilamiz.

Ibn Umar (roziyallohu anhumo) aytadi: “Bizlar Qurʼon oʻqishdan oldin iymon arkonlarini oʻrganardik. Bizga Qurʼondagi halol va haromlar taʼlimini berishar edi. Shuningdek, Qurʼondagi vaqf qilish lozim oʻrinlarni xuddi Qurʼon qiroatidek taʼlim olardik. Hozirda insonlarga iymon arkonlarini oʻrganishdan oldin Qurʼon oʻrgatilyapti, natijada Kurʼoni karimni oxirigacha oʻqib chiqadilar, lekin uning ichidagi buyruqlari qaysiyu, nahiylari kaysi, yoki qay bir joyda vaqf qilish lozimligini bilishmaydi, vaholanki, Qurʼonning har bir harfi “Yo Rasululloh, men sizga amal qilishingiz va ibrat olishingiz uchunman”, deb nido qilgandek boʻlar edi”. Imom Nahhos Ibn Umar aytgan ushbu soʻzlar vaqf oʻrinlarini Qurʼon taʼlim olgandek oʻrganish zarurligiga dalil boʻladi, deydilar. Koʻp ulamolar Abdulloh ibn Umar (roziyallohu anhumo) aytgan soʻzlar dalolatidan kelib chiqib, ushbu ilmni oʻrganish vojib, deyishadi. Ali (karramallohu vajhahu) Muzzammil surasidagi

وَرَتِّلِ ٱلۡقُرۡءَانَ تَرۡتِيلًا

“Qurʼonni “tartilbilan (dona-dona qilib) tilovat qiling!” degan oyatni “Tartil - harflarni yaxshilamoq, vaqflarni bilmoq”, deb tafsir qilganlar[1].

Paygʻambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) hayotlik chogʻlarida sahobalarga gap boʻgʻimlariga eʼtiborli boʻlish haqida taʼlim berarkanlar, soʻzlarni buzib, notoʻgʻri xitob qilgan kishilarga tanbeh qilganlari toʻgʻrisida rivoyatlar bor. Kunlardan birida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam)ning huzurlariga bir kimsa kelib, xutba oʻqidi:

من يطع الله ورسوله فقد رشد، ومن يعصهما

“Kim Allohga va Rasuliga itoat qilsa, haqiqatan toʻgʻri yoʻlni topibdi va kim ularga osiy boʻlsa”, deb toʻxtab qoldi. Shunda u zot (alayhissalom):

بئس الخطيب أنت قل ومن يعص الله ورسوله فقد غوی

  “Buncha ham yomon xatibsan. Kim Allohga va Rasuliga osiy boʻlsa, adashibdi, degin” dedilar.[2]

Boshqa hadisda ham oyatlar maʼnosiga qarab toʻxtash lozimligi ifodalangan:

إن هذا القرآن أنزل على سبعة أحرف فاقرؤوا ولا حرج ولكن لا تختموا ذكر رحمة بعذاب

ولا ذكر عذاب برحمة

“Ushbu Qurʼon yetti harf (lahja)ga koʻra nozil qilingan. Ularni oʻqisangiz, zarari yoʻq. Lekin rahmat oyati zikrida azob oyati ila tugatmanglar, azobni esa rahmat bilan tamom qilmanglar!” (Imom Bayhaqiy, “Sunanus sugʻro”, 1/10256).

Abu Bakr tuyali kishiga dedilarki: “Tuyani sotasanmi? (“La afakalloh”). Yaʼni, “la” soʻzidan keyin toʻxtamay, gapda davom etilsa, ushbu holatda “Alloh sizni ofiyatda qilmasin” degan maʼno chiqar edi. Shunda Abu Bakr (roziyallohu anhu) aytdilar: “Bunday demagin, balki “la va afakalloh”, degin. Yaʼni, “la” soʻzidan soʻng “va” soʻzi kiritilsa, “Yoʻq! Alloh sizni ofiyatda qilsin” degan maʼno chiqar edi. Abu Bakr uning soʻzidan ikki xil maʼno tushunilishini aytib, soʻzlar orasiga “va” bogʻlovchisini qoʻyish bilan toʻgʻriladilar![3]. Abdulloh ibn Masʼud aytadi: “Vaqf Qurʼon manzillaridir”.

Imom Suyutiy “Durrul Mansur” kitobida: “Qori doʻzax yoki iqob zikridan soʻng jannat zikr qilingan oyatlarni qoʻshmay, doʻzax yoki iqob oyatlarini tilovat qilib toʻxtashi yoki jannat zikridan soʻng doʻzax zikr qilingan oyatlarni qoʻshmay, jannat zikrida toʻxtashi lozim boʻladi”, degan.

Qurʼonning vaqf – toʻxtash oʻrinlarini ilmiy ravishda yaxshi bilib olib, unga qatʼiy amal qilish lozim. Shuning uchun ham hanafiylarning fatvo toʻplamlaridan eng mashhuri hisoblanmish “Xulosatul fatovo”da, masalan:

وكذا من يقف في غير مواضعه ولا يقف في موضعه لا ينبغي أن يؤم

“Shuningdek, Qurʼon oyatlarining oʻz oʻrnidan boshqa yerlarda toʻxtab, oʻz oʻrnida toʻxtamaydigan kimsa imom boʻlishga loyiq hisoblanmaydi”[4], deyilgan.

“Fatovoyi Qozixon”, “Xulosatul fatovo”, “Fatovoyi Tatarxoniyya”, “Fatovoyi Olamgiriyya” kabi fatvo toʻplamlarida Qurʼondagi vaqf oʻrinlarini bilmasdan, istagan joyda toʻxtash hatto maʼnoning buzilishiga olib kelishi, oqibatda, ayrim faqihlar fikricha, namozning ham fosid boʻlishi ehtimoli borligi qayd qilingan. Bu toʻgʻrida keyingi maqolamizda toʻxtalamiz. Demak, bu bilan mavzu nihoyatda dolzarb va ahamiyatli ekani oydinlashadi.

Alloh taolo barchalarimizga O’z kalomini to’g’ri tallaffuz qilish, uni yod olish va unga amal qilishni oson aylasin.

 Fayzllayev Abdulloh

[1] Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulkarim Ashmuniy. “Kitabu manaril huda fi bayonil vaqfi val ibtido”. Misr, 1307 h., 3-bet.

[2] Ahmad ibn Muhammad ibn Abdulkarim Ashmuniy. “Kitabu manaril huda fi bayonil vaqfi val ibtido”. Misr, 1307 h., 4-bet.

[3] Abdulkarim Ibrohim. “Al-vaqfu val ibtido va silatuhumo bil maʼno fil Qurʼoni karim”. Misr, Dorus-Salom, 2014. 4-bet.

[4] Tohir ibn Ahmad ibn Abdurrashid Buxoriy. “Xulosatul fatovo”. Laknau: Munshiy Navol kishvar” nashriyoti, 1-jild. 1911, 111-bet.


Kiritilgan vaqti: 13/06/2022 07:59;   Ko‘rilganligi: 959
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/vaqf-va-ibtido-ilmining-ahamiyati
Chop etilgan vaqti: 10/10/2025 21:26
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing