O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Uzoqning bug‘doyidan yaqinning somoni yaxshi….

 
 

Bir necha yildan buyon xorijda ishlagan xotin, nihoyat, ortga qaytishni ixtiyor etdi. Chiptaga buyurtma bergach, uyiga sim qoqib, eriga bir oy nari-berisida borib qolishini ma'lum qildi. Bu paytda eri boshqa bir davlatga borishni reja qilgan, buning uchun barcha hujjatlarni rasmiylashtirib, hatto chiptalar olingan, uchib ketishiga atigi bir hafta qolgan edi. Er-xotin birga yashashmaganidan keyin ahvol shu-da: rejalarni har kim o‘zicha hal etar, o‘zaro maslahat degan narsa unut bo‘lishi hech gap emas ekan. Er nima qilsin endi: xotinini kutgani afzalmi yoki safarni sovutmasinmi?! Er ko‘p o‘ylab o‘tirmadi: safarga ketaveraman. Hujjat to‘g‘rilash, chipta va boshqa xarajatlarga ozmuncha pul sarf qildimmi?! Yurt kezmoqdan muddao sayohat emas, uch-to‘rt tanga topmoq, axir!

Alqissa, er jomadonni qo‘ltiqlab safarga ketdi. Endi u  ikki yilda keladimi yoki undan ham ko‘proq muddatdami – Xudo biladi. Avval borvolsin, qolgani bir gap bo‘lar…  Agar safari xotininiki singari bir necha yilga cho‘zilsa,  er-xotin bir-birini ko‘rmaganiga o‘n yillar to‘lishi aniq…

…Bu misolda mubolag‘a yo‘q. Bundan  battarlariga ham misollar bisyor. Yomoniki, bundaylarni na er-xotin, na bir-biriga nomahram deb bo‘ladi. Nomahram deyilsa, o‘rtadagi nikohga shar'an nuqta qo‘yilmagan, er-xotin deyish uchun ham  shar'iy asos kundan kunga quvvatini yo‘qotib bormoqda. Ikki o‘rtada ikkalalari ham gunohga botayotibdi, xolos. Axir, er-xotin degani bir yostiqqa bosh qo‘yib,  har kim zimmasidagi burchini  sidqidildan ado etib, Allohning roziligini topmoq emasmi?!

To‘g‘ri, o‘zga yurtlarga hech kim havas uchun bormaydi. Lekin har narsaning me'yori bo‘lganidek, xorijda yurishning ham me'yori bo‘lish kerak. Azbaroyi tirikchilik, yashash, bola-chaqani biror nimaga muhtoj qilmaslik  ilinjida yillar xorijda yurishlarni baribir hech nima bilan oqlab bo‘lmaydi. Haqiqat yuziga tik qarab aytadigan bo‘lsak, birov ochdan o‘ladigan yoki ishlayman degan odam  kosasi oqarmay qoladigan zamon emas hozir. Yillab musofirlikda yurib topgan pul bola-chaqaga vaqtida berilmagan mehrning o‘rnini hech qachon qoplay olmasligi haqiqat, axir?! Mehr ko‘zda, degan gapga tayanadigan bo‘lsak, uzoq vaqt bir-birini ko‘rmay kelgan er-xotin o‘rtasida qanday rishta qolishi mumkin?!

Islom shariati farzand tarbiyasi borasida mukammal tarzda ko‘rsatmalar berib qo‘ygan.  Bandalardan ularga amal qilishgina qolgan, xolos. Zero, ertangi kunning porloq bo‘lishi bugungi avlodga yuz foiz bog‘liq ekani hech kimga sir emas. Davlatimiz siyosatining ustuvor maqsad va vazifasi ham aynan ertangi kun egalarini har tomonlama kamol toptirishdir. Yillab farzandining chehrasini ko‘rmay yurgan ota-onalar ularni hech nimadan kam qilmaligi mumkin, biroq vaqtida berilmagan mehr, tarbiya-chi?! Ular o‘rnini   pul bilan to‘ldirish mumkinmi?!

Farzandlar doimo ota-onalari tomonidan pandu nasihat eshitib borishlari kerak. Ular hayotning guli, Alloh taolaning insonga bergan eng buyuk ne'mati, dunyo va oxiratda ko‘z quvonchi yoki hasrat-nadomat boisidir. Ushbu ne'matning shukri  ota-onalik majburiyatlarini ado etish, go‘zal xulq va yaxshi amallarni o‘rgatish  bilan bo‘ladi. «Tahrim» surasining 6-oyatida shunday marhamat qilingan: «Ey, imon keltirganlar! O‘zlaringizni va oila a'zolaringizni yoqilg‘isi odamlar va toshlar bo‘lmish do‘zaxdan saqlangizki, unda dag‘al va qattiqqo‘l, Alloh buyurgan narsaga itoatsizlik qilmaydigan, faqat buyurilgan ishni qiladigan farishtalar (xizmat qilurlar)». Oyati karima mazmunidan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, bugun pul topaman deb farzandlari va ahlidan uzoqda yurganlar ayni shu xatti-harakatlari bilan ularni oxiratda qattiq azobga  tushishiga sababchi bo‘lib qolishi mumkin ekan. Alloh shundan saqlasin.

Er-xotin o‘rtasidagi munosabatga ham islom shariatida katta e'tibor qaratilgan. Juft bo‘lib yashashning mohiyati, oila qurishdan qanday maqsadlar ko‘zlanishi lozimligi, har ikki tarafning huquq va majburiyatlari nimalardan iborat ekani dinimizda batafsil yoritilgan. Alloh taolo shunday deydi:

وَمِنْ آَيَاتِهِ أَنْ خَلَقَ لَكُمْ مِنْ أَنْفُسِكُمْ أَزْوَاجًا لِتَسْكُنُوا إِلَيْهَا وَجَعَلَ بَيْنَكُمْ مَوَدَّةً وَرَحْمَةً إِنَّ فِي ذَلِكَ لَآَيَاتٍ لِقَوْمٍ يَتَفَكَّرُونَ

«Va sizlarga sokinlik topishingiz uchun o‘zingizdan juftlar yaratganligi va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo‘ygani (ham) Uning oyat-belgilaridandir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir» (Rum, 21).

Demak, insonning o‘zidan unga juft yaratib berilishini ushbu oyatda «sokinlik topishingiz uchun» deyilmoqda. Shunday ekan erkak sokinlik, orom, xotirjamlikni faqatgina rafiqasi huzuridagina topadi. Ayol ham o‘ziga kerak bo‘lgan sokinlikni erkakdan topadi. Bu sokinlikka intilish tabiiy ehtiyoj… Endi bir necha yillar bir-biridan uzoqda yashagan er-xotinlarning holatini qanday baholash mumkin? Ming afsuski, ba'zi bir erkaklar, yanada achinarlisi, ba'zi ayollarimiz juftlari yonlarida bo‘lmagach, sokinlikni nomahramlar huzuridan izlab qoladilar…

Unutmaylik, ayol iqtisodiy jihatdan tug‘ilganidan umrining oxirigacha ta'minlangan. Dastlab otasi, u bo‘lmasa boshqa valiylari, so‘ng eri, u vafot etsa, farzandlari uning nafaqasini berib turishga mas'uldirlar. Dinimiz ayolga pul topib o‘z ehtiyojlarini qondirishni yuklamagan. Qur'oni karimda «Ularni yaxshilab yedirib, kiyintirish otaning zimmasidadir», deya ayolning barcha nafaqasi ota, ya'ni erning zimmasida ekani ta'kidlangan. Bordiyu, uning yashashiga kafil bo‘lganlardan hech biri bo‘lmasa, ushbu vaziyatda ayol zarurat miqdorida, vatanidan chiqmagan holda, pul topish uchun mehnat qilishiga ruxsat berilgan.

Musulmon ayol, toki uning bilan eri yoki mahrami bo‘lmas ekan, safar masofasiga borishini islom shariati ta'qiqlaydi. Imom Muslim Abu Said al-Xudriydan qilgan rivoyatda shunday deyiladi:

«Rasululoh sallollohu alayhi vasallam:

«Ayol, u bilan birga eri yoki mahram qarindoshi bo‘lmas ekan, uch kundan ortiq safar qilishi mumkin emas», dedilar». Hozirgi vaqtda safar masofasi o‘rtacha 100 kilometr atrofida belgilangan. Bundan esa ayol kishiga, hattoki, bir viloyatdan boshqasiga mahramsiz borishi mumkin emasligi kelib chiqadi. E'tiborlisi shuki, jumhur ulamolari mahrami yo‘q ayolga, agar u boy bo‘lsa ham, hajga borishga ruxsat bermaganlar. Bu shar'iy talabni xotin kishi, ayniqsa, erkaklar aslo unutmasligi kerak. Oilada xotirjamlik, o‘zaro hurmat barqaror ekan, u yerga Allohning barakasi yog‘iladi. Allohning barakasi yog‘ilib turgan xonadon vakillarining esa xorijga chiqib, pul topishga ehtiyoji qolmaydi. Shuni unutmasak, bas.

 Xasanxon Temirov,O‘MI Samarqand viloyati vakilligi mutuhassisi


Kiritilgan vaqti: 06/08/2020 14:34;   Ko‘rilganligi: 1412
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/uzoqning-bugdoyidan-yaqinning-somoni-yaxshi
Chop etilgan vaqti: 17/09/2024 23:02
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing