O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Unutilayotgan sunnatlar (1-sunnat)

 
 

Tahoratdan so‘ng duo qilish

Umar ibn Xattob roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim tahorat olib: “Ashhadu alla ilaha illallohu vahdahu laa shariyka lahu va ashhadu anna Muhammadan 'abduhu va Rasuluhu”, desa, unga jannatning sakkizta eshigi ochilib, xohlaganidan kiraveradi», dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Tahoratning badanni tetiklashtirish, chiniqtirish, turli kasalliklar va ruhiy illatlarni bartaraf etishda juda ko‘p foydalari bor. Tahoratda ikki qo‘lni yuvganda qo‘l muskullari, bilaklar harakatlanadi. Og‘iz va burunni chayganda jag‘, qo‘l muskullari, yelka harakatlanadi. Nafas yo‘llari ochiladi.

Boshga mas'h tortish tahoratning farzlaridan biri qilib belgilanishida ko‘p hikmatlar bor. Qo‘l barmoqlarini ho‘llab mas'h tortganda boshdagi tomirlar kengayib, og‘riqlar yo‘qoladi. Kishi o‘zida xotirjamlik va rohatni his qiladi.

Bosh og‘rig‘ining 95 foizida aynan boshdagi tomirlarning siqilishi tufayli og‘riq paydo bo‘ladi. Boshga va gardanga mas'h tortish bilan qon aylanishi, asab tizimi faoliyati yaxshilanadi. Bosh og‘rig‘i yo‘qoladi. G‘azablanib turgan har qanday kishi tahorat olgach, hovuridan tushadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta, g‘azab shaytondandir. Shayton olovdan yaralgan. Olov suv bilan o‘chadi. Agar sizlardan biringiz g‘azablansa, tahorat olsin”, deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Qarang, bu juda ham oson, ammo savobi ulkan, gunohlarni ketkazuvchi, jannatga yetkazuvchi bo‘lgan amaldir. Lekin dangasaligimiz, beparvoligimiz oqibatida bunga e'tibor bermaymiz, amal qilmaymiz. Ko‘pchiligimiz hatto bilmaymiz ham. Avval bilmasak, endi bilib oldik. Endi bilganimizga amal qilaylik va boshqalarga ham yetkazaylik. Zero, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini yoyilishiga xizmat qilish u zotga bo‘lgan muhabbat va ehtiromning yuksak namunasi hisoblanadi. U zot sollallohu alayhi vasallam sunnatlarini aniqlik bilan yetkazganlarning haqqiga: “Mening gapimni eshitib, yodlab, singdirib, so‘ngra yetkazgan odamni Alloh ne'matlantirsin”, deb duo qilganlar (Imom Termiziy rivoyati).

Keling, biz ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga muvofiq tahoratdan so‘ng shahodat kalimasini aytaylik.

Alloh taolo barchamizga har bir ishda Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilishimizga tavfiq ato etsin, omiyn!

Allohumma solli va sallim 'ala Muhammadin va 'ala oli Muhammad

O‘MI Samarqand viloyat vakilligi matbuot xizmati


Kiritilgan vaqti: 10/10/2020 11:16;   Ko‘rilganligi: 1912
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/unutilayotgan-sunnatlar-1-sunnat
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 10:43
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing