O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Ta'lim va tarbiya bir-biriga bog‘liqdir.

 
 

Darhaqiqat, Alloh taolo insoniyatni yer yuzini obod qilish uchun yaratgan. Demak, u o‘zining vazifalarini ado etishi uchun har taraflama komil va yetuk bo‘lishi kerak. Buning uchun esa insonda avvalo tarbiya ya'ni odob axloqni shakllantirish lozim, undan keyin ta'limga yo‘naltirilsa albatta mehnat o‘z samarasini beradi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis salom hadisi sharifda “Farzandlaringizni yaxshi ko‘ringlar, odobini chiroyli qilinglar”- deb, boshqa bir hadislarida esa “Ilm o‘rganish har bir muslim va muslimaga farzdir”- deb marhamat qilganlar.

Ta'lim va tarbiyaning o‘rtasida ochiq-oydin farq bor. Ta'lim, tarbiyaning bir juzi hisoblanadi. Tarbiya esa ta'limni o‘z ichiga oladi. Demak, tarbiya o‘z-o‘zidan ma'lum bo‘ladi-ki ta'limga nisbatan mukammal va keng qamrovlidir.  Jumladan Abdulla Avloniy “Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobida bunday keltiradi: “Alloh taolo insonlarni asl xilqatda iste'dod va qobiliyatli, yaxshi bilan yomonni, foyda bilan zararni, oq bilan qorani ajratadigan qilib yaratgan. Lekin insondagi bu qobiliyatni kamolga yetkazish tarbiya bilan bo‘lur. Qush uyasida ko‘rganini qilar”. Mana shu hikmatli so‘zlarni o‘zi ham tarbiyani qanchalik muhimligini va farzandni jamiyatda komil shaxs bo‘lib shakllanishida ota-ona hamda ustoz murabbiylarning vazifasini bayon qilmoqda.

Tarbiyaning muhimligi haqida Imom G‘azzoliy bunday deydi: “Bolalar ota-onalariga berilgan bir omonatdir. Bolaning qalbi har qanday naqshu tasvirdan xoli bir qimmatbaho gavhardir. U qanday naqsh solinsa, qabul qiladi, qayoqqa bukilsa, egiladi. Agar yaxshilikka o‘rgatilsa, shu bilan o‘sadi va dunyoyu oxiratda saodatga erishadi. Uning sa­vobiga ota-onasi ham, har bir muallimu ustozlari ham sherik bo‘ladilar. Agar yomonlikka odatlantirilsa, hayvonlardek o‘z holiga tashlab qo‘yilsa, oxir-oqibat halok bo‘ladi. Gunohi esa uning tarbiyasi uchun javobgar bo‘lganlarning gardaniga tushadi”.

Agar ta'limni tarbiyadan ajratib qo‘yilsa, ta'lim cho‘loq bo‘lib qoladi. Vaholanki tarbiya masalalariga e'tiborsiz qaralgan vaziyatda yuzaga keladigan ko‘ngilsizliklar ham, u keltirib chiqaradigan zararli oqibatlar ham barchamizga juda yaxshi ma'lum. Ammo bugungi kunda aksariyat kishilarimizga ana shu hakikatni aytsangiz sizga: “Ko‘ryapsiz-ku, osonmas, hayot tashvishlari, bolalarning yeb-ichishiyu, kiyim kechagi ”, “Ha endi o‘zi omon bo‘lsa, tarbiyasi bir gap bo‘lar...” kabi moddiy muammolarni ro‘kach qilishadi. Aslida, tarbiya “bir gap bo‘ladigan” narsa emas. Uning uchun jon kuydirish shart. Mol dunyo kiyim kechakka hirs qo‘yish dardidan forig‘ bo‘lib, tarbiya bilan shug‘ullanish kerak.

Shuni unutmasligimiz kerakki, yurt kelajagi, vatanimiz taraqqiyoti va xalqimizning ertangi kuni qanday bo‘lishi farzandlarimiz va yoshlarimizning bugun qanday ta'lim va tarbiya olishiga bog‘liqdir. Shu sababli har qaysi ota-ona, ustoz va murabbiy har bir bola timsolida avvalo shaxsni ko‘rishi zarur. Ana shu oddiy talabdan kelib chiqqan holda, o‘nib-o‘sib kelayotgan yoshlarni mustaqil va keng fikrlash qobiliyatiga ega bo‘lgan, ongli yashaydigan komil insonlar etib voyaga yetkazish – ta'lim-tarbiya sohasining asosiy maqsadi va vazifasi bo‘lishi lozim, deb qabul qilishimiz kerak.

Xulosa o‘rnida shuni aytish kerakki, farzandlarimizni ilm-fan va ta'lim-tarbiya asosida voyaga yetkazish maqsadga muvofiq ekan, o‘z o‘rnida tarbiya esa ma'naviyat bilan chambarchas bog‘liqdir. Zero, yoshlar kelajak egalari hisoblanadi. Yoshlarimiz ta'lim-tarbiyasida esa ma'naviy tarbiya katta ahamiyatga ega. Eng muhimi, farzandlarimizni sog‘lom, komil inson qilib tarbiyalaylikki, ular o‘z ota-bobolariga, tariximizga, Vatanimizga, ona tilimizga, o‘z milliy qadriyatlarimizga, muqaddas dinimiz an'analariga sodiq bo‘lishsin.

Rafael Ravshanov - Nurobod tumani bosh imom xatibi


Kiritilgan vaqti: 18/08/2020 09:22;   Ko‘rilganligi: 3651
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/talim-va-tarbiya-bir-biriga-bogliqdir
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:22
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing