O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Soxta salafiylardan biz doimo ogoh va xushyor bo‘lishimiz kerak

 
 

Bugungi salafiylar o‘zlarini go‘yo avvalgi “salaflar”ga ergashayotganini da'vo qilishmoqda. Aslida haqiqiy solih salaflar davridan keyin yashagan musulmonlarga “salaf” yoki “salafiylar” deb nisbat berish mantiqan to‘g‘ri emas.

Soxta salafiylarning ijtimoiy xavf-xatarlari juda ko‘p bo‘lib, bu xavf-xatarlar quyidagilardir.

Ayniqsa yoshlarni turli botil g‘oyalar bilan o‘z qarmog‘iga ildirib, ularni safiga qo‘shib olish.

Yoki jamiyatni ikkiga: “musulmon” va “dinsizlar”ga ajratishadi. Bu bilan boshqa dindagilarni dushman sanab, dinlararo adovat uyg‘otishga urinadi. Ular nafaqat boshqa din vakillarini, balki shariat hukmlarini ular o‘ylagandek to‘liq bajarmayotgan musulmonlarni kofirga chiqarishadi.

Ular tomonidan noto‘g‘ri talqin qilinayotgan islomiy tushunchalardan: «Takfiyr», ya'ni «kofirga chiqarish» tamoyili muhim o‘rin tutadi. «Takfiyr» – musulmonni imonsizlikda ayblash demakdir. Ularga ergashmagan musulmonlarni «kofir», ya'ni “dinsiz” deb asossiz hukm chiqaradi.

Hadisda uning xatari haqida shunday deyiladi: “Agar kishi birodariga Ey kofir desa, u so‘z ikkisidan biriga qaytadi” deyilgan. Ya'ni, hech bir odamga musulmon insonni «kofir», deb hukm chiqarish huquqi berilmagan. Bularning fikricha biz kufr davlatida yashayapmiz bu yerdan hijrat qilish kerak deydilar. Lekin bularning bu gaplari asossizdir.

Chunki yurtimizda minglab masjidlar, madrasa va islomiy oliygohlar faoliyat yuritayotgan, Qur'oni Karim, hadislar va dinimizga oid minglab diniy adabiyotlarlar nashr etilayotgan, musulmonlarimiz emin-erkin o‘z e'tiqodlarini bajarib kelayotgan musulmonobod yurtni kufrga chiqarishlik og‘ir gunoh bo‘lib, bunday ishga qo‘l urayotganlar chuqur g‘uluvga ketgan va boshqalarni ham gunohlariga sherik qilmoqchilar.

Aslida ularning maqsadlari yoshlarimizni aldov yo‘li bilan qurolli to‘qnashuvlar bo‘layotgan mamlakatlardagi jangari lagerlariga olib borish va jangu-jadalga tashlash. Yoshlarimiz aslo bunday soxta da'volarga uchib oxiratini kuydirmasligi, ota-onasi, oilasi va yurtiga xiyonat qilmasliklari lozim.

Azizlar, biz yoshlarimizga, mo‘min-musulmonlarga hali Islom din borasida ko‘p ma'lumotga ega bo‘lmagan kishilarga “Takfiyr” haqidagi ma'lumotlarni to‘g‘ri va haqiqiy ma'nosini yetkazib qo‘yishimiz kerak. Shunda yoshlar xavf-hatar aslida “Takfiyr” so‘zida emas, balki bu so‘zni qurol qilib olgan toifa, guruh va adashgan jamoalarda ekanligini tushinib yetishadi.

Shunday ekan, biz doimo ogoh va xushyor bo‘lishimiz kerak.

 Mallayev Nodir Samarqand shahar "Ruhobod" jome masjidi imom-xatibi


Kiritilgan vaqti: 13/09/2023 08:06;   Ko‘rilganligi: 777
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/soxta-salafiylardan-biz-doimo-ogoh-va-xushyor-bolishimiz-kerak
Chop etilgan vaqti: 24/11/2025 20:14
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing