SHOM namozining kayfiyati va odoblari
Qozilardan biri bir yosh yigitni masjidda zuhd haqida gapirayotganini eshitibdi va shogirdlariga:
"Qani bu yigitni oldiga borib savol so‘raylikchi, agar bizga javob bera olsa u bilan birga o‘tiramiz", dedi.
So‘ngra ular masjidga kirib:
"Ey yigitcha! Bizga namoz haqida xabar ber?" deyishgan edi, yigit:
"Sizlar mendan namozni odobi haqida so‘rayapsizlarmi yoki kayfiyati haqidami?" dedi.
Qozi janoblari uning javobidan lol qoldi va o‘ziga o‘zi: "Ajabo! Biz undan savol so‘rasak u ikkitaga aylantirib yubordi", dedida so‘ngra yigitga:
"Menga uning odobi haqida xabar ber", dedi.
Yigit: "Namozning odobi, buyruq bo‘lgani uchun o‘rningdan turasan, savob umidida yurasan, niyat bilan kirishasan, ulug‘lagan holda takbir aytasan, tartil holda qiroat qilasan, xushu’ bilan sajda qilasan, ixlos bilan tashahhud o‘qiysan, rahmat aytib salom berasan, (Ya’ni assalomu ’alaykum va rohmatulloh, deb)", dedi.
Qozi: "Namozning kayfiyati haqida xabar ber-chi", dedi.
Yigit: "Ka’bani ikki qoshing orasida, mezon tarozuni ko‘z o‘ngingda, sirot ko‘prigini qadaming ostida, jannatni o‘ng tomoningda, do‘zaxni chap tomoningda, o‘lim farishtasini esa orqangda kutib turgandek, ya’ni keyingi namozda ishtirok etamanmi yoki yo‘qmi degan kayfiyatda namoz o‘qiysan", dedi.
Qozi: "Ushbu vasfdagi namozni necha yildan beri o‘qiysan?" dedi.
Yigit: "Yigirma yildan beri", dedi.
Qozi a’yonlariga o‘girilib qaradida:
"Qani ketdik, o‘qigan ellik yilgi namozimizni qaytadan o‘qiymiz", dedi.
Islom tarixi ajoyibotlari kitobi asosida
Kiritilgan vaqti: 28/11/2022 09:06; Ko‘rilganligi: 741
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:20