O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Sahovatli bo‘laylik!

 
 

Ma'lumki, insonga berilgan yaxshilik, xayr-sahovat, mehr-oqibat, siylai-rahm kabi ulug‘ fazilatlar doimo sohibiga ziynat bo‘lib kelgan. Bunday oliyjanob xislatlarni o‘zida mujassam eta olgan insongina el-yurtning, mo‘min-musulmonlarning og‘irini yengil qila oladigan fazilatli shaxs hisoblanadi.

Bugun yurtimizda olib borilayotgan jarayonlar o‘zgacha. Barchaga e'tibor qaratilgan, muammolar bartaraf etilmoqda, chetda qolib, yolg‘izlikdan qiynalayotganlarga mehr-muravvat, saxovat qo‘llari uzatilmoqda. Bemorlarning hol-ahvoli so‘ralmokda. Hech kim e'tibordan chetda emasligi amaliy ko‘rsatib berilmoqda.  yurtimizdagi har bir mahalla va qishloqlarda yashovchi yolg‘iz keksalar, nogironlar, boquvchisini yo‘qotganlar, kam ta'minlangan oilalar, mehnat faxriylari, nuroniylar holidan xabar olinmoqda. Shuningdek, Mehribonlik, Muruvvat va Sahovat uylariga moddiy va ma'naviy yordamlar ko‘rsatilmoqda.

Aslida bunday  fazilatlar xalqimizning azaliy xulq-atvori, ota-bobolarimiz, momolarimizning jasorati, himmati va iymon-e'tiqodidir. Mazkur umuminsoniy qadriyatlar muqaddas islom dinining asosiy manbalari — Qur'oni karim va Rasululloh sallollohu alayhi vasallamning  muborak hadislarida ko‘p bora ta'kidlangan.

Alloh taolo kalomida shunday marhamat qiladi: “Kim bir yaxshilik qilsa, unga o‘n barobar qaytarilur. Kim bir yomonlik qilsa, unga faqat qilinganiga yarasha jazo bo‘lur. Va ularga zulm qilinmas”. (An’om surasi 160-oyat)

Ha  azizlar, musulmonlarning qiladigan yaxshiliklari evaziga qilgan yomonliklari yopilib ketadi. Eng avvalo yaxshilikni, yaxshilik qilgan insonga emas, balki yaxshilik qilmagan insonga nisbatan amalga oshirilsa fazilatli ishni amalga oshirgan bo‘ladi.

Agar yaxshilik qilgan insonga yaxshilik qilinsa bu — vafodorlik, Agar yaxshilik qilmagan kishiga yaxshilik qilinsa, bu — sahovatdir. Agar yomonlik qilgan kishiga yaxshilik qilinsa bu — ayni musulmonchilikdir!

Tolha ibn Abdurrohman ibn Avf o‘z zamonasida Qurayshning eng sahovatli kishisi edi. Bir kuni unga xotini: “Sizning birodarlaringizdek pastkash insonlarni ko‘rmaganman”, dedi. U: “Nima uchun bunday deyapsan?”, dedi. Xotini: Agar siz boyib ketsangiz, ular sizdan ajralishmaydi, agar siz kambag‘al bo‘lib qolsangiz, (xabar olib) kelishmaydi”, dedi. U xotiniga qarab: “Allohga qasamki, bu ularning mukarram xulq sohiblari ekanidandir. Ularga saxovat ko‘rsatishga imkonimiz bor paytda kelishadi, agar ularning haqqini ado qilishdan ojiz bo‘lib qolsak, bizni bezovta qilib, xijolatga qo‘ymaslik uchun kelishmaydi”,  deb javob berdi.

Demak, sahovatli inson boyib ketsa xam, kambag‘al bo‘lsa xam hech kimga ozor bermaydi, yomon gumonga bormaydi ekan. Shu bilan birga menga yaxshilik qilgani uchun yaxshilik qilaman deb kutib turmaydi. Jamiyatdagi har bir insonga nisbatan yordamga tayyor bo‘ladi.

Ibn Umar roziyallohu anhudan rivoyat qilingan xadisda: Rasulullox sollallohu alayhi vasallam marhamat qilib aytadilarki:

«Musulmon musulmon kishining birodaridir, unga zulm ham qilmaydi va birodarini dushmaniga topshirib ham qo‘ymaydi. Kim birodarining xojatida bo‘lsa, Alloh uning ham xojatida bo‘ladi.

Kimki musulmondan g‘am tashvishni ketkazsa, Alloh taolo qiyomat g‘am tashvishlaridan uni xalos etadi. Kimki musulmonning aybini berkitsa, Alloh taolo qiyomatda uning ham aybini berkitadi», dedilar. (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Bugungi davrda musulmonlar uchun juda ko‘p imkoniyatlar yaratilgan. O‘zimning tashvishim yetarli, deya yonidagi birodarining tashvishini  yodidan chiqarmaslik kerak. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam as'hoblari va ummatlarining tashvishlarini o‘z holiga tashlab qo‘yganlari yo‘q, balki ularning tashvishlarini ham o‘zlarining tashvishlari deb bilganlar.

Biz ummatlar birodarimizdagi tashvishni mening tashvishim emasku deb yursak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan o‘rnak ola bilmasak, jamiyatdagi muammolar ko‘payib boraveradi. Bu esa ilmsizlikdandir, ilmsizlik esa johillikdir!

  Xayrullo Sattarov,

O‘MI Samarqand viloyat vakili o‘rinbosari


Kiritilgan vaqti: 11/09/2020 09:35;   Ko‘rilganligi: 1895
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/sahovatli-bolaylik
Chop etilgan vaqti: 11/10/2025 02:06
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing