O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Samarqand viloyati vakilligi
w w w . s a m m u s l i m . u z

Долзарб мавзу

Rostgo‘ylik va adolat

 
 

Quyida sizlarga keltirmoqchi bo‘lgan hikoyada juda ko‘p foydalar bor. Buni har birimiz yaxshilab anglab yetmoqligimiz zarur:

Aliy roziyallohu anhuning qimmatbaho sovutlari yo‘qolib qolgan edi. Bir kuni uni ahli kitobdan bo‘lgan bir kishining qo‘lida ko‘rib qoldilar. Haligi kishi uni Kufa bozorida sotayotgan edi. Aliy roziyallohu anhu uni ko‘rgach, u o‘sha sovut ekanligini bildilar va “Bu mening sovutim, falon kuni kechasi falon joyda tushib qoluvdi” dedilar. Zimmiy esa “Balkim, bu menikidir,  u mening qo‘limda turibdi, ey mo‘minlarning amiri” deb javob qaytardi.  Aliy roziyallohu anhu: “Bu meniki, uni hali hech kimga sotmagan bo‘lsam-u, u qanday qilib seniki bo‘lib qolishi mumkin?!” dedilar. Zimmiy: “Men va sizning o‘rtamizga musulmonlarni qozisini qo‘yamiz” dedi. Aliy roziyallohu anhu: “To‘g‘ri aytding, qani yur” dedilar.

So‘ng ular qozi Shurayhning oldiga borishdi. So‘ng qozilik kengashini chaqirdilar. Qozi Shurayh rohimahulloh Aliy roziyallohu anhuga: “Nima deysiz, ey mo‘minlarning amiri?” dedilar. Aliy roziyallohu anhu: “Darhaqiqat, manabu sovutimni bu kishidan topdim. Uni falon kuni kechasi, falon joyda tushirib qo‘ygan edim. Bu kishi esa uni na sotib olgan va na sovg‘a sifatida olgan” dedilar.

Qozi Shurayh rohimahulloh zimmiyga yuzlanib, “Sen nima deysan?” dedilar. Zimmiy: “Bu mening sovutim. U mening qo‘limda. Uning meni qo‘limda bo‘lishligi u meniki ekanligining dalolati. Ammo, men mo‘minlarning amirini yolg‘onchi demayman. Ammo, bu meniki” dedi.

Qozi Shurayh rohimahulloh Aliy roziyallohu anhuga qarab: “Shak-shubha yo‘q. Men sizning rost aytayotganingizni bilaman. Siz mo‘minlarning amiri, ilm shahri eshigi va Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning amakilarining o‘g‘lisiz. Sizdan yolg‘on eshitilishligi aqlga sig‘maydi. Ammo, ikki guvoh keltirishligingiz zarur” dedilar.

Aliy roziyallohu anhu: “Ha, mavloyim Qanbar va o‘g‘lim Hasan guvohlik beradi” dedilar. Qozi Shurayh rohimahulloh: “Lekin, o‘g‘ilning otasi foydasiga guvohlik berishi joiz emas, ey mo‘minlarning amiri” dedilar. Shunda Aliy roziyallohu anhu: “Subhanalloh! Jannat ahlidan bo‘lgan kishining guvohligi qabul qilinmasa-ya?! Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning “Hasan va Husayn Jannat yoshlarining sayyididirlar” deganlarini eshitmaganmisiz?” dedilar. Qozi Shurayh rohimahulloh: “Eshitganman. Lekin, men o‘g‘lini otasiga guvohlik berishini joiz bilmayman” deb javob qaytardilar.

Shunda Aliy roziyallohu anhu zimmiyga yuzlanib, “Olaver. Mening ulardan boshqa guvohim yo‘q” dedilar. Shunda zimmiy: “Ammo, men buni sizniki ekanligiga guvohlik beraman” dedi. So‘ng yana: “Mo‘minlarning amiri o‘z qozisi oldida men bilan hukmlashdi. O‘z qozisi mening foydamga, amirining esa zarariga hukm chiqardi. Guvohlik beramanki bu din haqdir. Faqatgina haqqa buyuradi. Guvohlik beramanki, Allohdan boshqa Iloh yo‘q, albatta, Muhammad (sollallohu alayhi vasallam) Uning rosulidir” deb, iymon keltirdi.

Buni qarang, ajoyib! Amir tasdiq qilinmadi, holbuki, sovut uniki! O‘z jamoatidan bo‘lgan qozi ham adolat o‘rnatish uchun ijroda sobitqadam turdi.

Zimmiy: “Ey qozi, shuni bilinki, sovut mo‘minlarning amiriniki. Men Siffiyn tomon borayotgan qo‘shin ortidan ergashayotgan edim. Bu sovut u kishining kulrang tuyalaridan tushib qoldi. So‘ng uni oldim” deb, uni Aliy roziyallohu anhuga tutdi.

Shunda Aliy roziyallohu anhu: “Ammo, sen Islomni qabul qilding. Men uni senga sovg‘a qildim va unga qo‘shib manabu otni ham qo‘shib beraman” dedilar.

Ha azizlar! Har doim adolat ustida bo‘ladigan bo‘lsak, eng sara mukofotlar bilan siylanamiz. Ushbu zimmiy rostgo‘ylik va adolatni yaxshi ko‘rgani uchun ham uchta mukofot bilan taqdirlandi: Islom, sovut va ot. Bu mukofotlar ichida eng sarasi bu – Islomdir.

Alloh taolo bizni doim rost so‘zlovchi va adolatparvar bandalari qatoridan qilsin!

 Abdussami' Xayrulloh

Arab tilidan tarjima qildi.


Kiritilgan vaqti: 14/09/2020 17:34;   Ko‘rilganligi: 1736
 
Material manzili: https://sammuslim.uz/oz/articles/actual/rostgoylik-va-adolat
Chop etilgan vaqti: 03/11/2025 16:36
 
 
O‘qish uchun ushbu tugmani bosing