Rasulullohni yaxshi ko‘ring, shunda baxtli bo‘lasiz
Baxtli bo‘lmoq yaxshi ko‘rmoqdir. Hamma o‘zi baxt deb bilgan narsani yaxshi ko‘radi. Yoki yaxshi ko‘rgan narsasiga erishishni baxt deb biladi. Shuningdek, baxtining manziliga olib boruvchi yo‘lni yaxshi ko‘radi, bu yo‘ldagi har qanday qiyinchilik unga halovat va har qanday ozor lazzat bo‘lib tuyuladi. Bu yo‘ldagi yo‘lboshchisini ham jonidan ortiq yaxshi ko‘radi. Uni o‘ziga o‘rnak (ideal), manziliga yetkazuvchi sarbon deb biladi. Lekin ko‘pincha manzillar sarob, yo‘llar xarob, o‘ziga namuna-o‘rnak qilgan yo‘lboshchilar o‘zlari “baxtsiz” kimsalar bo‘lib chiqadi. Borgan manzilidan nima topsa topadiki, faqat baxtni emas. Erishgan turmush tarzida ham nima bo‘lsa bo‘ladiki, faqat xotirjamlik, halovat va ofiyat bo‘lmaydi. Buni anglaganlarida kech, judayam kech bo‘ladi. Chunki bu paytda umr poyoniga yetgan, kuchlari tugagan, imkonlari qolmagan bo‘ladi.
Biroq bir zot borki, u zotni yaxshi ko‘rganlar, izidan ergashganlar abadiy va haqiqiy baxt-saodatga erishadi. Nega ham shunday bo‘lmasin, axir bunga barcha olamlarning yaratuvchisi, Alloh azza va jalla O‘ZI va'da qilgan bo‘lsa. Zero, mo‘minlarga yolg‘iz Allohning o‘zi kifoya. U qanday yaxshi vakil.
Ana o‘sha inson ya'ni yaxshi ko‘rish ila kishi baxtli bo‘ladigan zot Muhammad sallallohu alayhi vasallamdir.
Rasulullohni yaxshi ko‘ring, baxtli bo‘lasiz. Chunki u zot haqiqiy baxt yo‘liga boshlovchi nurli chiroqdir.
Alloh taolo Muhammad alayhissalomni guvohlik beruvchi, xushxabarchi, ogohlantiruvchi, Allohga da'vat qiluvchi va nurli chiroq qilib yuborgan.
يَٰٓأَيُّهَا ٱلنَّبِيُّ إِنَّآ أَرۡسَلۡنَٰكَ شَٰهِدٗا وَمُبَشِّرٗا وَنَذِيرٗا وَدَاعِيًا إِلَى ٱللَّهِ بِإِذۡنِهِۦ وَسِرَاجٗا مُّنِيرٗا
Ey Nabiy, albatta, Biz seni guvohlik berguvchi, xushxabarchi va ogohlantirguvchi... Va O‘z izni ila Allohga da'vat qilguvchi hamda nurli chiroq qilib yubordik. (Ahzob surasi, 45-46 oyatlar)
Ha, Muhammad alayhissalotu vassalom johiliyat zulmatlaridagi nurli chiroqdir. Turli zulmatlar ichida yo‘lini topa olmay, urinib-surinib yurgan kishilarni Islomning yorug‘ yo‘liga haqiqiy baxt yo‘liga boshlovchi nurli chiroqdir.
Baxtli bo‘lay desangiz, Rasulullohni yaxshi ko‘ring. Chunki u zot Alloh taoloning maxluqotlari ichida eng hurmatlisidir.
Alloh taolo Muhammad alayhissalomga shunchalik sharafni nasib qildiki, Kalomi sharifida u zotning qadr qimmatlari bilan qasam aytdi:
لَعَمۡرُكَ إِنَّهُمۡ لَفِي سَكۡرَتِهِمۡ يَعۡمَهُونَ
Sening umring ila qasamki, albatta, ular o‘z sarxushliklarida tentiramoqdalar. (Hijr surasi, 72-oyat).
Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Alloh taologa Muhammad sallollohu alayhi vasallamdan ko‘ra mahbubroq, hurmatliroq biror kimsani bilmayman, axir U Zot taboraka va taolo boshqa hech kimning hayoti bilan qasam ichmadi, chunki u zot Alloh taoloning maxluqotlari ichida eng hurmatlisi”, deb aytgan.
Ichida Rasululloh alayhissalom bo‘lgan guruhning ichida bo‘ling, baxtli bo‘lasiz. Alloh taoloning va'dalariga noil bo‘lasiz. Bu ahli sunnat guruhi, ummatning mehvaridir. Zero, ichida u zot bo‘lgan guruhni Alloh azoblamaydi. Rasulullohni yo‘lini-sunnatlarini mahkam ushlang. U zotning sunnatlari zikr va istig‘forni ko‘p aytishga o‘rgatadi. Alloh azza va jallaning istig‘forni ko‘p aytuvchilarni azoblamasligiga va'dasi bor:
وَمَا كَانَ ٱللَّهُ لِيُعَذِّبَهُمۡ وَأَنتَ فِيهِمۡۚ وَمَا كَانَ ٱللَّهُ مُعَذِّبَهُمۡ وَهُمۡ يَسۡتَغۡفِرُونَ
Modomiki, sen ularning ichida ekansan, Alloh ularni azoblamas. Modomiki, ular istig‘for aytar ekanlar, Alloh ularni azoblovchimas. Anfol 33.
Rasulullohni yaxshi ko‘ring, baxtli bo‘lasiz. U zotning muhabbatiga esa salovotni ko‘p aytish ila erishish mumkin. Qanday ham bunday bo‘lmasin, Alloh taolo va farishtalari Nabiy alayhissalomga salovot aytsa, hamda mo‘minlarga ham u zotga salovotu salomlar aytishga amr etgan bo‘lsa:
إِنَّ ٱللَّهَ وَمَلَٰٓئِكَتَهُۥ يُصَلُّونَ عَلَى ٱلنَّبِيِّۚ يَٰٓأَيُّهَا ٱلَّذِينَ ءَامَنُواْ صَلُّواْ عَلَيۡهِ وَسَلِّمُواْ تَسۡلِيمًا
Albatta, Alloh va Uning farishtalari Nabiyga salovot ayturlar. Ey, iymon keltirganlar! Siz ham unga salovot ayting va salom yuboring. (Ahzob-56)
Eng go‘zal, eng barkamol, zoye bo‘lmas baxtga erishmoqchimisiz? Rasulullohni yaxshi ko‘ring! U zotni o‘rnak va namuna qilingki, undanda loyiqroq, haqlirok boshqa kishini topmaysiz. Chunki, Alloh taoloning O‘ZI Rasululloh sollallohu alayhi vasallam naqadar go‘zal o‘rnak namunasi ekanliklarini bayon qilgan:
لَقَدْ كَانَ لَكُمْ فِي رَسُولِ اللَّهِ أُسْوَةٌ حَسَنَةٌ لِمَنْ كَانَ يَرْجُو اللَّهَ وَالْيَوْمَ الْآَخِرَ وَذَكَرَ اللَّهَ كَثِيرًا
“(Ey, imon keltirganlar!) Sizlar uchun – Alloh va oxirat kunidan umidvor bo‘lgan hamda Allohni ko‘p yod qilgan kishilar uchun Allohning payg‘ambarida go‘zal namuna bordir”.
Nabiy alayhissalom mo‘minlarga, barcha insoniyatga go‘zal o‘rnak va namuna ekanligi u zotning buyuk xulqidandir. Robbil olamiyn o‘z payg‘ambarini buyuk xulq uzra ekanligi bilan maqtagan:
وَإِنَّكَ لَعَلى خُلُقٍ عَظِيمٍ
“Albatta, siz buyuk xulq uzradirsiz”. (Qalam surasi, 4- oyat).
Bundan ulug‘ baxt bo‘lishi mumkinmi? Bundan go‘zal namuna bo‘lishi mumkinmi?
Rasulullohni yaxshi ko‘ring, baxtli bo‘lasiz!
Yoqub To‘xtashov,
Qo‘shrabot tumanidagi “Baliqchi ota” masjidi imom-xatibi.
Kiritilgan vaqti: 22/09/2023 16:04; Ko‘rilganligi: 1123
Chop etilgan vaqti: 19/09/2025 21:18