Ramazonga ajoyib tuhfa!
Allohga behisob hamdu sanolar bo‘lsinki, mo‘min-musulmonlar oylarning sayyidi va eng fazilatlisi bo‘lmish Ramazonni nihoyatda ko‘tarinki ruhda, zavqu shavq bilan kutib olmoqdalar. Ramazon fazilatlarga boy oydir.
Uning barcha fazilatlariga to‘la to‘kis erishish uchun hammada ham bilim va ma'lumot yetarli bo‘lmaydi. Shu sababdan bir - xalqchil tildagi, oddiy va sodda qo‘llanma – kundalik dastur bo‘lsa juda ham yaxshi bo‘ladi. Shunda har kuni unga bir nazar solib qaysi amallarni qay tarzda, qachon va qanaqa e'tiqod bilan bajarishimizni o‘zimiz uchun belgilab olar edik.
Ushbu zaruratlarlan kelib chiqib, ramazon tuhfasi sifatida shu kabi qo‘llanma tayyorlandi va jamoatchilikka taqdim etilganini mamnuniyat bilan yodga olmoqchiman. O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari “Ramazonni g‘animat bilib, unumli o‘tkazaylik” nomli ramazonga bag‘ishlangan risolani mushtariylarga taqdim qildi. Hozircha ushbu risola yurtimiz ahli ilmlari, imom xatib va mudarrislarga xolisan lillah tarqatib berildi. Inshaalloh, ulamolarimiz undan istefoda qilgan holda jamoatga undagi muhim ma'lumot, eslatma va tavsiyalarni berib boradilar.
Risloa bilan tanishar ekanmiz, unda dastlab, ramazon oyining fazilatlari zikr qilinganiga guvoh bo‘lamiz. Keyingi sahifalarda esa bizni ogohlikka da'vat etilgan. Sergak tortishimiz, chunki ramazon kirib kelayotgani, unga qay darajada tayyor ekanligimizga nazar solish kerakligi yodga solinadi. Sahifalar orasida turli eslatmalar oddiy til bilan, tushunarli tarzda berilgani ro‘zadorning kundalik amallariga aniqlik kiritib olishiga ko‘maklashadi.
Risolada ro‘zaning foidalari, oxiratdagi mukofotlari, bu oydagi duolar hamda zikr va virdlar oyati karima va hadisi shariflar asosida yoritilgani, o‘qib borayotgan kishida tutayotgan ro‘za va amallariga ishtiyoqi yanada oshishiga xizmat qiladi. Gohida ro‘zadorni shaytoni la'in vasvasa qilib, tutayotgan ro‘zasini tark ettirishga, uning savob va ajrlaridan noumid qilishga urinishi bor gap.
Saharlik va iftorlikka doir eslatmalar ham o‘quvchiga taqdim etilgan. Ba'zilar erinchoqlikliklari tufayli saharlik qilishdan bosh tortadilar. Saharlikdagi fazilat va baraka bilan tanishgan ro‘zador aslo uni uzrsiz tark etmasligi aniq bo‘lib qoladi. Ramazon oyining kunduzlarini soim holda o‘tkazuvchi musulmon kishi tunlarini qoim bo‘lgan holda o‘tkazishi, taroveh va xatmi qur'onlarning savobi nechog‘ligiga risolani kundalik qilib olgan kishi amin bo‘ladi.
Yurtimizdagi barcha mo‘min-musulmonlarning ramazon oyidan unumli foylanib qolishlari, tutayotgan ro‘zalari va bajarayotgan amallarini mukammal bo‘lishi, Alloh subhanahu va taolo ularni qabul etishi yo‘lida ushbu risola ajoyib qo‘llanma va kundalik bo‘lishini Allohim nasib etsin.
Zayniddin domla Eshonqulov – O‘zbekiston musulmonlar idorasi Samarqand viloyat vakili, viloyat bosh imom xatibi
Kiritilgan vaqti: 21/03/2023 13:43; Ko‘rilganligi: 720
Chop etilgan vaqti: 20/09/2025 07:30